AI: Rossiyada siyosiy mahbuslar yaqinlari bilan muloqotdan mahrum qilinyapti

Jahon 12:25 / 27.06.2024 1937

Amnesty International (AI) inson huquqlari tashkilotining 26 iyun, chorshanba kuni chop etilgan hisobotida aytilishicha, Rossiya hukumati siyosiy mahbuslarni hamkorlikka majburlash maqsadida ularni yaqinlari bilan muloqotdan mahrum qilmoqda. 

Hujjatda aytilishicha, siyosiy mahbuslarni tashqi dunyodan izolyatsiya qilish Rossiya Federatsiyasi qonunchiligidagi bo‘shliqlar va kamchiliklar tufayli yuz beryapti, u mahbuslarga nisbatan munosabat bo‘yicha xalqaro standartlarga to‘liq mos kelmaydi.

Bosim usullari - ko‘rishishni taqiqlashdan tortib, jazo kamerasigacha

Rossiya rasmiylari tomonidan qamoqxonadagi faollarga bosim o‘tkazish usullari orasida huquq himoyachilari jinoyat ishi bo‘yicha tergov bosqichida va sud jarayonida qarindoshlarga ish bo‘yicha guvoh maqomini berish, tashrif buyurish va telefon qo‘ng‘iroqlarini rad etish, shuningdek, xatlarni kechiktirish kabilarni tilga oldi.

Bundan tashqari, qarindoshlarning rejalashtirilgan tashrifi arafasida mahkumlar hukm qonuniy kuchga kirgunga qadar tergov izolyatoridan muddatidan oldin koloniyaga o‘tkazilishi yoki jazoni o‘tash kamerasiga joylashtirilishi mumkin, bunda tashrif buyurish va telefon qo‘ng‘iroqlari taqiqlanadi. «Tergov va sud oldida turgan mahbus uchun tashqi dunyo bilan aloqani rad etish hukumat tomonidan aybiga iqror bo‘lish uchun qo‘llanadigan samarali bosim vositasidir, bu ham hamkorlik qilmaslik yoki hukumatni tanqid qilganlik uchun o‘ch olishdir», - deyiladi Amnesty International hisobotida.

Rossiyadagi siyosiy mahbuslar

«Memorial» inson huquqlari markazi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan 2023 yilgacha Rossiya Federatsiyasida siyosiy mahbuslar soni 10 barobardan ortiq, 2024 yil boshidan esa 15 barobar ko‘paygan. Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urush boshlanganidan keyin ta’qiblar kuchaygan.

Ko‘proq yangiliklar: