25 iyun, seshanba kuni YeI kengashi rasmiy saytida chop etilgan press-relizga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi kengashi Ukrainadan kelgan qochqinlarni vaqtinchalik himoya qilish muddatini 2026 yil martigacha uzaytirdi. «Rossiya kundan kunga Ukraina xalqini portlashlar bilan vahimaga solmoqda. Bu xavfli holatdir. Rossiya agressiyasidan qochganlar bizning birdamligimizga ishonishda davom etishlari mumkin», - dedi Yevropa Ittifoqi kengashiga raislik qilayotgan Belgiya boshpana va migratsiya masalalari bo‘yicha davlat kotibi Nikol de Mur.
Yevrokomissiya 11 iyun kuni ukrainaliklarning Yevropa Ittifoqidagi vaqtinchalik himoyasini uzaytirish tashabbusini ilgari surdi va bu qadamni «mavjud vaziyatga zarur va munosib javob» deb atadi. Yevrokomissiya ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda Yevropa Ittifoqida urushdan qochgan 4,2 million ukrainalik bor.
Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun YeI vaqtinchalik himoyasi
Ukrainadan kelgan qochqinlarni vaqtinchalik himoya qilish to‘g‘risidagi direktiva Rossiyaning mamlakatga hujumidan bir necha kun o‘tib YeIda kuchga kirdi. Uning maqsadi Yevropa Ittifoqi davlatlariga qochqinlarning ommaviy oqimi paytida milliy boshpana tizimlari ortiqcha yuklanishi oldini olishdir.
Bunda, urushdan qochgan odamlar yashash uchun ruxsatnomalarni tez va byurokratik tartib-qoidalarsiz oladi. Rezidentlikni olgandan so‘ng, ular tibbiy va ijtimoiy yordam, ta’lim va mehnat bozoridan foydalanish uchun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab murojaat qilishlari mumkin.
Germaniyada Ukrainadan kelgan qochqinlar uchun imtiyozlar muhokama qilinmoqda
So‘nggi paytlarda Germaniyaning o‘ng markazchi partiyalari ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlash borasida o‘z pozitsiyasini qat’iylashtirdi. Xususan, Erkin demokratik partiya (ErDP) bosh kotibi Bijan Djir-Saray Germaniyada qolgan ukrainaliklarga bazaviy fuqarolik nafaqasini (Bürgergeld) to‘lashni bekor qilishni taklif etdi. Uning fikricha, bu qochqinlarni Germaniyada ish izlashga undashi kerak. «Bizda hamma joyda ishchi kuchi tanqisligi bor - masalan, restoran, qurilish va hamshiralikda. Biz endi ishsizlikni moliyalashtirish uchun soliq to‘lovchi pullaridan foydalanmasligimiz kerak. Buning o‘rniga odamlarni ishga joylashtirishimiz kerak».
Biroq, hukumat vakillari tez orada ErDP tashabbusi Germaniya kansleri Olaf Sholsning pozitsiyasini aks ettirmasligini bildirdilar va navbatdagi matbuot anjumanida ukrainalik qochqinlarga fuqarolik nafaqalarini to‘lashni bekor qilish rejalari yo‘qligi ta’kidlab o‘tildi.
2024 yil mart oyida Germaniyada 1,3 millionga yaqin Ukraina fuqarosi yashagan, ularning aksariyati - ayollar va bolalar. Germaniya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 260 mingga yaqin qochqinlar - 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar.