«Tabiatga nima qilsang, u ham shunday javob beradi» – Samarqandda Xalqaro eko-forum o‘tkazilmoqda

Jamiyat 20:39 / 26.06.2024 3701

Tadbir Yoshlar agentligi, Maktabgacha va maktab ta’limi, Atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi vazirliklari, «Zamin» xalqaro jamoat fondi, YUNISEF, BMTTD hamda BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti FAO hamkorligida tashkil etilgan.

«O‘quvchilarga velosiped tarqating»

Uch kun davomida sakkiz davlatdan kelgan 100 ga yaqin yosh ekofaollar mintaqa ekologik hayotiga daxldor, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, chiqindilarni qayta ishlash, suvni tejash mavzusidagi g‘oyalarini guruhlarga bo‘lingan holda muvofiqlashtirdi. 26 iyun kuni barcha guruhlar o‘z takliflarini saralab, eng yaxshilarini taqdimot qilib berdi.

Xususan, forumda qatnashayotgan o‘zbekistonlik bir guruh yoshlar maktab o‘quvchilariga ular o‘qishga taksida yoki boshqa transportda qatnamasligi uchun velosiped tarqatishni taklif qildi. Shuningdek, ular suvni tejash dasturi doirasida maktablardagi qo‘l yuvishga ishlatiladigan suvlardan maktab hovlisidagi yashilliklarni sug‘orishga ishlatish tizimini ishlab chiqishni, insonlardan ortgan oziq-ovqatlarni qayta ishlash orqali hayvonlar ozuqasi ishlab chiqarish kabi takliflarni ham ilgari surdi.

«Volontyorlik – bekorchilik emas»

Ko‘pchilik yoshlar davlatlar ekologik sohadagi volontyorlik tizimini rivojlantirishi kerak deb hisoblashini aytdi. «Ko‘pchilik ota-onalar volontyorlikni vaqtni behuda sarflash deb o‘ylashadi. Bu qarashni o‘zgartirish kerak», dedi ishtirokchilardan biri.

Ekofaollar har qanday ekologik muammoni hal qilish uchun bolalar bog‘cha va maktabdanoq ulardan boxabar qilinishi kerakligi, ekoboxabarlik darajasi oshmas ekan hech qanday loyihalar samara bermasligini aytishdi. Navbatdagi guruh esa pul ajratilmaydigan har qanday loyiha so‘zda qolib ketadi deb hisoblashi, shuning uchun davlatlar ekoloyihalarni moliyalashtirishi lozimligi haqida gapirdi.

Darvoqe, forum tugagach, volontyorlik bo‘yicha yaxshi xabar bo‘lishi aytildi. Ma’lum bo‘lishicha, eko-oromgoh yakunida butun dunyodagi iqlim o‘zgarishlariga befarq bo‘lmagan ko‘ngillilarni birlashtiradigan «Young Climate Change» volontyorlik tarmog‘i ishga tushiriladi.

Tekstil chiqindisini qayta ishlash, neftga boy Ozarboyjondagi yashil energiya

Forumda qatnashayotgan xorijlik yoshlar o‘z mamlakatidagi ekologik holat, bu boradagi muammolar va o‘zgarishlar haqida fikrlarini bildirdi. Masalan, qirg‘izistonlik ekofaol Oksana Omarqulova Bishkekda elektrobuslar ko‘payayotgani va shahardagi eng jiddiy ekomuammo haqida gapirdi: «Qishdagi tutun biz uchun jiddiy muammo. Uni hal qilish uchun shahar hokimligi borgan sari ko‘proq elektrobuslar xarid qilib, eski marshrutkalarni olib tashlamoqchi. Darvoqe, shahar meriyasi Bishkekdagi trolleybuslarni ham elektrobuslar bilan almashtirmoqchi», dedi qirg‘izistonlik ishtirokchi.

Oksana Omarqulova

Oksana tekstil chiqindisini qayta ishlash mintaqa uchun muhim loyiha deb hisoblashini ham aytdi: «Qirg‘izistonda va butun Markaziy Osiyoda tekstil sanoati rivojlanib bormoqda. Ammo mintaqada tekstil chiqindilarini utilizatsiya qilish yoki qayta ishlash tizimi haqida eshitmaganman. Vaholanki, bu soha rivojlanib, tekstil chiqindilari miqdori oshmoqla. Biz Samarqanddagi eko-oromgohda shu mavzuda takliflar bildirdik. Bizning loyihamizga ko‘ra, tekstil chiqindilaridan suyuq oboi (gulqog‘oz) ishlab chiqarishni rivojlantirish mumkin», dedi Oksana Omarqulova.

Oksana Samarqandda quyosh panellari ko‘pligi, ular hatto universitetlar tomiga ham qo‘yilganini ko‘rib, yaxshi ma’noda hayratlanganini qo‘shimcha qildi.

Ozarboyjonlik ishtirokchi Leyla Allahberdiyeva esa mamlakat neftga boy bo‘lsa-da, yashil energiyaga e’tibor kuchayib borayotganini aytdi: «Ozarboyjon neftga boy bo‘lsa ham, qayta tiklanuvchi yashil energiyaga e’tibor kuchli. Bokuni shamollar shahri deyishadi, shu sabab energiya ishlab chiqarishda unday foydalaniladi. Ozarboyjon shaharlarida quyosh stansiyalariga ham tobora ko‘proq ko‘zingiz tushadi. Ko‘chalarda esa elektromashinalar ko‘paygan.

Bilasiz, Bokuda xiyobonlar ko‘p. Bu parklarda plastik chiqindilar muammosi bizda ham bor. Uni bartaraf etish uchun esa biz talabalar tengdoshlarimizga motivatsiya berish uchun turli g‘oyalar ustida ishlayapmiz. Bu borada bizning loyihalarimiz moliyalashtirilishi ham kutilmoqda», dedi Leyla.

Leyla Allahberdiyeva

«Tabiatga nima qilsang, u ham senga shunday javob beradi»

25 iyundagi tadbirlar doirasida Ipak yo‘li turizm xalqaro universitetida amerikalik ekologiya bo‘yicha mutaxassis Robert Villiard ham ishtirok etdi. 2018 yildan buyon Orol dengizi qurishi va uning atrofida yuzaga kelgan ekologik holat bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazib kelayotgan iqtisodchi va ekolog ayni mavzuda taqdimot bilan chiqish qildi.

Robert Villiard

Amerikalik mutaxassis chiqishida o‘z vaqtida dunyodagi eng yirik to‘rtinchi ko‘l bo‘lgan Orol dengizining qurishi nafaqat mintaqaviy, balki global muammo ekanini ta’kidladi. «Ekologik muammolar haqida gapirayotganda bir narsani unutmaslik kerak: tabiatga qanday munosabatda bo‘lsang, u ham shunday javob beradi», dedi u.

Robert Villiard Orol qurishi nafaqat ekologik, balki iqtisodiy va ma’naviy muammolar keltirib chiqarganini ta’kidladi. O‘zi ishtirok etayotgan «Aral region charity» loyihasining maqsadi ham aynan mana shunday muammolarga e’tibor qaratish ekanini aytdi.

Robert Villiard o‘z chiqishidan keyin «Aral region charity» loyihasida ishtirok etayotgan qoraqalpog‘istonlik Aynura ismli ishtirokchini sahnaga taklif qildi. Robertga ko‘ra, shumanaylik ekofaol Aynura kelasi yil Germaniyaning Dortmund universitetida aynan ekologiya yo‘nalishida o‘qishni davom ettirishi kutilmoqda. U dasturga qatnashish fikri qayerdan chiqqani haqida gapirib berdi.

«Men Robertning loyihasi haqida Telegramʼda o‘qib qoldim. Uning chiqishlarini ko‘rdim-da, Amerikada tug‘ilgan odam bizning Qoraqalpog‘iston haqida qanday qilib bunday ko‘p narsa bilishi mumkin, deb o‘yladim. Keyin undan chindan Shumanayga kelasizmi, deb so‘radim ajablanib. Shu tariqa biz uzoq yillardan buyon ichida yashab kelayotgan ekologik muammoni hal qilishga qaratilgan loyihada ishtirok etish imkoni paydo bo‘lganidan xursand bo‘ldim», dedi Aynura.

Forum davomida moderatorlar yoshlarga turli xil topshiriqlar berishdi va ba’zan interraktiv o‘yinlar ham tashkil qilishdi. Eko-oromgoh ishtirokchilari 25 iyun kunidagi dasturlar doirasida «Diplomatika» interaktiv o‘yinida ishtirok etishdi.

Bu o‘yinda yoshlar guruhlarga bo‘lingan holda BMTdagi iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha muzokaralarni immitatsiya qilishdi. Ishtirokchi yoshlar biror davlatni tanlab iqlim o‘zgarishi bo‘yicha o‘z talablarini bildirishdi.

Yoshlar «Iqlim o‘zgarmoqda, nega biz o‘zgarmayapmiz?», «Kelajagimizni arsang», «Yonilg‘ilarni to‘xtating», «Keling, yashillashaylik», «Sayyorani qutqaring» kabi chaqiriqlarni yozib, shartli ravishda «bosh kotib» etib tanlangan hakamlarga ko‘rsatishdi.

Samarqandda 23 iyun kuni boshlangan 8 davlat yoshlari ishtirokidagi eko-oromgoh 27 iyundan Toshkentda davom ettirilib, 30 iyunda yakunlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: