Serbiya G‘arb davlatlariga qurol sotishni cheklamoqchi emas, u Ukrainaga harbiy yordam sifatida yuborilishi mumkin. Bu haqda 25 iyun, seshanba kuni bosh vazir Milosh Vuchevich AFP agentligiga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Hukmron Serbiya progressiv partiyasi (SPP) rahbari bo‘lgan bosh vazir Belgrad Ukrainadagi «har qanday urishayotgan tomonga» yordam berish niyatida emasligini ta’kidladi. «Men kompaniyalarning o‘q-dorilarimizni Ispaniya, Chexiya va AQShga sotishiga to‘sqinlik qilmoqchi emasman, chunki qurol va o‘q-dorilarni ishlab chiqarish biz uchun taqiqlangan va axloqsiz narsa emas. Afsuski, ular urush bor joyda ham qo‘llanyapti», - deya tushuntirdi Vuchevich.
Kiyev Serbiyadan 800 mln yevrolik o‘q-dorilar oldi
Financial Times gazetasi yozishicha, Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi boshlanganidan beri Kiyev uchinchi davlatlar orqali Serbiyadan 800 million yevroga yaqin qiymatdagi o‘q-dorilarni olgan.
Serbiya prezidenti Aleksandar Vuchich bu taxminni «umuman olganda, to‘g‘ri» deb atadi va bu miqdor «ikki yoki uch yildagi ko‘rsatkich» ekanini aytdi. Shu bilan birga, u Serbiya Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushda hech kim tomonida emasligini, o‘q-dorilar savdosi mamlakatning «iqtisodiy tiklanishi bir qismi» ekanini ta’kidladi.