Kiyev Trampning maslahatchilari rejasi haqida: tinchlik adolatli bo‘lishi kerak

Jahon 10:25 / 26.06.2024 4360

Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini tugatishga qaratilgan har qanday tinchlik rejasi xalqaro huquqqa asoslanishi va adolatli bo‘lishi kerak. Bu haqda 25 iyun, seshanba kuni Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning ikki maslahatchisi - iste’fodagi general-leytenant Kit Kellog va Fred Fleyts taqdim etgan Ukrainadagi harbiy mojaroni hal qilish bo‘yicha rejani izohlar ekan, aytib o‘tdi.

«Ukrainada mutlaqo aniq tushuncha bor va u prezident Volodimir Zelenskiy tomonidan taklif qilingan tinchlik formulasida aniq yozib qo‘yilgan: tinchlik faqat adolatli va xalqaro huquqqa asoslanishi mumkin», dedi Podolyak Reuters agentligiga.

Podolyak ta’kidlaganidek, hozirgi front chizig‘ida urushni muzlatish «g‘alati» bo‘lardi, chunki Rossiya Federatsiyasi xalqaro huquqni buzgan va Ukraina hududida bo‘lib turibdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, urush Rossiya javobgarlikka tortilmasdan turib tugamaydi. Podolyak, shuningdek, Rossiya rahbariyati tomonidan ilgari surilgan o‘t ochishni to‘xtatish shartlarini ma’nosiz deb atadi. 

Rossiya bilan qurol evaziga tinchlik muzokaralari 

Bir kun avval Reuters agentligi Donald Trampning maslahatchilari unga prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan taqdirda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni tugatish rejasini taqdim etgani haqida xabar bergan edi. 

Hujjatda Ukrainaga ko‘proq Amerika qurollari berilishi ko‘zda tutilgan, biroq u Rossiya Federatsiyasi bilan tinchlik muzokaralariga kirishishi talab etiladi. Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar Moskvani muzokaralardan bosh tortish AQSh tomonidan Ukrainaga harbiy yordam kuchayishiga olib kelishi haqida ogohlantiradi.

Hujjat, shuningdek, front chizig‘ida o‘t ochishni to‘xtatish va shu tariqa egallab olingan Ukraina hududlari ustidan Rossiya nazoratini saqlab qolishni nazarda tutadi. Fred Fleytsga ko‘ra, Ukraina yaqin kelajakda o‘zining barcha hududi ustidan samarali nazoratni tiklay olishi dargumon. 

Reja mualliflarining fikricha, Rossiya muzokaralar jarayonida ishtirok etishi uchun yana bir rag‘bat AQShning Ukraina NATOga a’zo bo‘lib kirishini uzoq muddatga kechiktirish va’dasi bo‘lishi mumkin. 

Ukraina hududiy imtiyozlarni rad etyapti

O‘z navbatida, Ukraina hukumati hududiy imtiyozlarni istisno qildi va Rossiya Federatsiyasi bilan tinchlik muzokaralarini boshlashning dastlabki sharti sifatida Ukraina chegaralarini 1991 yilgi holatga tiklash talabini ilgari surdi. 

Donald Tramp bo‘lajak prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonsa, «24 soat ichida» Rossiya va Ukraina o‘rtasida tinchlik kelishuviga erisha olishini bir necha bor ta’kidlagan. Tramp buni aniq qanday qilishni rejalashtirayotganini aytmayapti.

Ko‘proq yangiliklar: