Strasburgdagi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHeS) katta palatasi Rossiyani Qrimda 2014 yil fevralidan beri Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasini ommaviy va muntazam ravishda buzganlikda aybdor deb topdi. IHeS o‘z qarorini 25 iyun, seshanba kuni e’lon qildi.
Rossiya IHeSdagi eshituvlarni boykot qildi
Ukrainaning Rossiyaga qarshi davlatlararo ishi bo‘yicha eshituvlar 2023 yil dekabrida boshlangan. Yarimorol Moskva nazoratida bo‘lgani uchun Rossiya mustaqil jurnalistlar, faollar, qrim-tatar hamjamiyati a’zolari va Rossiyaning Qrimni egallashiga qarshi chiqqan ukrainaliklar huquqlari buzilgani uchun javobgarlikka tortilishi kerak, dedi Ukraina vakillari sudda. 2020 yil dekabrida IHeS Rossiya yarimorol hududlarini 2014 yil 27 fevraldan buyon nazorat qilayotganini tan oldi va ishni ko‘rib chiqishga qabul qildi.
«Qrim ishi» soxta ishlar bo‘yicha ukrainalik «mahkumlar»ni Rossiyaga deportatsiya qilish, shuningdek, Ukraina va Rossiyada ukrainalik siyosiy mahbuslarni ta’qib qilish bilan bog‘liq, deb xabar qildi sud matbuot xizmati.
Sud raisi Siofra O'Liri sud majlislarida ta’kidlaganidek, sud muhokamasi davomida Rossiya tomoni xatlarga javob bermadi va Ukraina taqdim etgan dalillarga izoh bermadi, shuning uchun IHeS «Qrim ishi» bo‘yicha sud majlislarini Rossiya ishtirokisiz o‘tkazdi.
Rossiyaning Yevropa kengashidan chiqarib yuborilishi
Ukrainaga qarshi urush tufayli Rossiya 2022 yil 16 martda Yevropa kengashidan chiqarildi. 2022 yil 16 sentabrda olti oylik o‘tish davri tugaganidan so‘ng, Rossiya Federatsiyasi Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa konvensiyasiga a’zo bo‘lishni rasman to‘xtatdi. Biroq, IHeS Rossiyaga qarshi berilgan arizalar 2022 yil 16 sentabrgacha sodir bo‘lgan voqealar bilan bog‘liq bo‘lsa, ularni ko‘rib chiqish vakolatini o‘zida saqlab qoldi.
2022 yil may oyida Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi birinchi o‘qishda qonun hujjatlariga o‘zgartishlarni qabul qildi, ularga ko‘ra 2022 yil 16 martdan keyin qabul qilingan IHeS qarorlari Rossiyada ijro etilishi shart emas.