Yevropadagi Euromonitor International tadqiqot kompaniyasi sayyohlarni jalb qilish bo‘yicha dunyoning eng yaxshi shaharlari yo‘nalishidagi reytingni e’lon qildi. Bu reytingda eng ko‘p o‘rinni Turkiyadagi shaharlar egallagan.
Bu bejizga emas. So‘nggi yillarda Turkiyaga kelayotgan sayyohlar soni keskin oshdi.
2022 yildagi natijalar solishtirilganda eng katta o‘sish Hongkong shahrida bo‘lgan (+2 495 foiz). 2020-2022 yillarda pandemiya tufayli joriy qilingan turli cheklovlar olib tashlangach bu shaharga sayyohlar oqib kela boshlagan.
Shuningdek, 2023 yilda Tailand poytaxti Bangkok shahrida salmoqli o‘sish kuzatilgan. Bunga sabab pandemiya cheklovlari bekor qilingandan so‘ng Xitoydan Tailandga boruvchi sayyohlar soni keskin oshgan.
Sayyohlar eng ko‘p borgan shaharlar reytingida Parij yoki Rim kabi shaharlar emas, Istanbul birinchi o‘rinni egallagan va 2022 yilga qaraganda o‘sish 26 foizni tashkil etgan.
Dastlabki o‘ntalikdan Turkiyaning mashhur kurort shahri Antalya ham o‘rin olgan. 2022 yilga qaraganda bu shaharga kelgan xorijiy sayyohlar soni 29 foizga oshgan.
Quyida eng ko‘p xorijiy sayyohlar borgan shaharlar o‘ntaligini keltirib o‘tamiz.
Istanbul
Istanbul shahri bundan 1700 yil chamasi avval Rim imperatori Konstantin tomonidan qurilgan va nomi Konstantinopol bo‘lgan. 1453 yilda Usmoniylar imperiyasi sultoni Mahmed II tomonidan shahar zabt etilgach unga Istanbul deb nom beriladi.
Usmoniylar shahardagi ko‘plab binolarni saqlab qolish bilan birga, Istanbulni yanada kengaytirishadi va u o‘rta asrlarda Yevrosiyodagi yirik shaharlardan biriga aylanadi.
O‘zida antik davr va o‘rta asrlarda qurilgan ko‘plab tarixiy binolarni saqlab qolgan Istanbul sayyohlar uchun ancha jozibali shahar hisoblanadi. Shu sababli har yili uni ko‘rish uchun o‘n millionlab xorijliklar Turkiyaga keladi.
Yarmi Yevropa, qolgani Osiyo qit’asida joylashgan bu shaharni Bosfor bo‘g‘ozi ustiga qurilgan yirik ko‘priklar bog‘lab turadi. Istanbulda shahar atrofi bilan hisoblaganda qariyb 20 million odam yashaydi.
Istanbulni ko‘rishga keluvchilardan tashqari, Turkiyaning boshqa hududlariga keladigan juda ko‘plab dam oluvchilar ham shu shahar orqali o‘tadi. 2023 yilda Istanbulga 20 million xorijlik sayyoh kelgan.
London
Bir paytning o‘zida Buyuk Britaniya va Angliya poytaxti hisoblanadigan Londonga eramizning 1-asrida rimliklar asos solgan. Hozir bu shaharda 10 mln atrofida odam yashaydi.
100 yillarda u Rim Britaniyasi, keyinchalik Angliya, 1707 yildan Britaniya imperiyasi poyxtaxtiga aylangan. 1825 yildan 1925 yilgacha London dunyoning eng yirik shahri bo‘lgan.
London xorijiy sayohlarni o‘ziga jalb qiluvchi shaharlardan biri hisoblanadi. 2023 yilda bu shaharga 18,8 mln nafar sayyoh kelgan.
Londonda xorijiy sayyohlarni jalb qiladigan joylar juda ko‘p. Jumladan, Big Ben, Tauer ko‘prigi, London Taueri, Avliya Pavel ibodatxonasi, Bukkingem saroyi, Vestministr saroyi, Britaniya muzeyi, madam Tyusso muzeyi sayyohlar ko‘p boradigan joylar hisoblanadi.
Bundan tashqari, shahardagi telefon budkalari, ikki qavatli avtobuslar, baland charxpalak, London hayvonot bog‘i va Uembli stadioni ham ancha mashhur.
Dubay
Bugun ko‘plab sayyohlarni dam olish maskanlari yoki tarixiy shaharlar ko‘proq qiziqtiradi. Biroq Birlashgan Arab Amirligi rahbarlari Dubay misolida zamonaviy shahar qurib ham millionlab xorijiy sayyohlarni jalb qilish mumkinligini ko‘rsatishdi.
Bundan 30 yil avval 1990-yillar boshlarida Dubay Fors ko‘rfazida joylashgan kichik, qoloq bir shaharcha edi. O‘sha paytlardan boshlab BAAdagi 7 amirlikdan biri bo‘lgan Dubay amirligi shaharni rivojlantirish uchun juda katta loyihalarni boshlab yuboradi.
Natijada oradan ko‘p o‘tmay Dubay dunyodagi sayyohlarni o‘ziga jalb qiluvchi yirik shaharga aylanadi. 2023 yilda bu shaharga 16,8 mln nafar xorijiy sayyoh kelgan.
Bugun Dubay xorijlik sayyohlarni dunyodagi eng baland bino – Burj Xalifa, okeanarumlar, savdo markazlari, ko‘ngilochar parklar, akvaparklar, plyajlari va boshqa dam olish maskanlari, cho‘ldagi “Safari”lar bilan o‘ziga jalb qilmoqda.
Antalya
Eng ko‘p sayyoh kelgan shaharlar orasida 4-o‘rinni Turkiyaning Antalya shahri egallagani bejizga emas. O‘rta Yer dengizi sohillarida joylashgan bu shahar va uning atrofidagi dam olish maskanlarida yilning barcha fasllarida maroqli hordiq chiqarish mumkin.
Qish faslida ham bu yerda iliq havo kuzatiladi va plyajlarda bemalol cho‘milish mumkin. Ana shu omil tufayli bahor va kuz ancha salqin va qish fasli juda sovuq bo‘ladigan Yevropa davlatlari aholisi ko‘proq Antalyaga keladi.
Aslida O‘rta Yer dengizi sohillarida Gretsiya, Italiya, Ispaniya, Kipr davlatlarining ko‘plab dam olish maskanlari bor. Biroq ularda narx navo Antaldagidan bir necha barobar qimmat. Shu sababli yevropaliklar ko‘proq Turkiyaga kelishadi.
Antalya nafaqat o‘zining dam olish maskanlari, balki boshqa joylari bilan ham mashhur. Jumladan, shahar atrofidagi o‘rmonlar, sharsharalar, antik davrdan qolgan binolar, parklar, okeanarumlar, muzeylar, akvaparklar sayyohlarni o‘ziga jalb qiluvchi obektlar hisoblanadi. Antalyaga 2023 yilda 16,5 mln sayoh borgan.
Parij
Parij shahri tarixi 2300 yil avvalga borib taqaladi. Bu shaharga eramizdan avvalgi 3 asrda keltlarning pariz qabilasi asos solgan. 3-5 asrlarda u Parizzi nomi bilan tanilgan.
Bu shahar keyinchalik Paris (rus tiliga Parij ko‘rinishida o‘tgan) nomini olgan. U 10-asrdan buyon Fransiya poytaxti hisoblanadi.
Parij dunyodagi eng mashhur shahar hisoblanadi. Bu shaharda sayyohlarni jalb qiladigan ko‘plab tarixiy binolar, muzeylar bor.
Jumladan, Luvr muzeyi, Yelisey maydoni va Triumf arkasi, Versal saroyi, Parij Disneylendi kabi joylar sayyohlar ko‘p boradigan maskanlar hisoblanadi.
Shuningdek, 19-asrda metalldan tiklangan Eyfel minorasi ham sayyohlar orasida juda mashhur. 2023 yilda Parijga 15,5 mln nafar sayyoh kelgan.
Hongkong
Hongkong shahriga 1841 yilda britaniyaliklar asos solgan. Britaniya tarkibida bo‘lgan shahar 1960-70 yillarda o‘zining yevropacha ko‘rinishi va osmono‘par binolari bilan mashhur edi.
1997 yilda Britaniya uni Xitoyga topshiradi. Hozirgi paytda Hongkong Xitoy tarkibida maxsus ma’muriy hudud sifatida belgilab qo‘yilgan. Bu status Hongkongga aksariyat ishlarni Pekindan mustaqil tashkil etishga imkoniyat beradi.
Hongkong dunyodagi yashash uylari va ofislarning narxi hamda ijara haqi eng baland bo‘lgan shaharlardan biri hisoblanadi. 2023 yilda Hongkongga 14,7 mln nafar sayyoh borgan.
Hongkongda sayyohlarni asosan ko‘plab savdo markazlari, ko‘ngilochar parklari, ko‘chalarda tashkil etilgan savdo do‘konlari va ovqatlanish shoxobchalari hamda bugungacha saqlanib qolgan tarixiy binolar jalb qiladi.
Shuningdek, Ngong Pingda qurilgan osma yo‘li va shahardagi omono‘par binolarning tepa qismida joylashgan tomosha maydonchalari sayyohlar ko‘p boradigan joylar hisoblanadi.
Bangkok
Bangkok Tailand poytaxti bo‘lish bilan birga, mamlakatdagi eng yirik shahar hisoblanadi. Shaharga 1782 yilda asos solingan. Hozir unda qariyb 5,5 mln aholi ashaydi.
Bangkokka 2023 yilda 12,2 mln nafar sayyoh borgan. Bangkok Tailandga xorijiy davlatlardan keladigan sayyohlar uchun asosiy darvoza hisoblanadi.
Bundan tashqari, shaharni tomosha qilish uchun ham ko‘plab sayyohlar keladi. Bu yerda savdo markazlari, turli muzeylar, ko‘ngilochar parklar, madaniy va tarixiy obektlar sayyohlarni jalb qiladi.
Shuningdek, shahardagi osmono‘par binolarning tepa qismida joylashgan tomosha maydonchalari, turli sport-sog‘lomlashtirish majmualari va Madam Tyussso, Jim Tompson uy muzeyi kabilar ham sayyohlar ko‘p tashrif buyuruvchi obektlar hisoblanadi.
Nyu-York
Nyu-York shahrining dastlabki nomi Nyu-Amsterdam (Nieuw Amsterdam) bo‘lgan va unga 17-asr boshlarida gollandlar asos solgan. 17-asrning ikkinchi yarmida Angliya va Gollandiya o‘rtasida urush bo‘lib o‘tadi.
Janglarda g‘olib bo‘lgan angliyaliklar Nyu-Amsterdamni ham egallab olishadi va unga Nyu-York (York Angliyadagi shahar nomi) deb nom berishadi.
1667 yilda angliyaliklar gollandlarga Nyu-York va uning atrofidagi yerlar evaziga o‘zining Janubiy Amerikada joylashgan yeri – Surinam davlati o‘rnini taklif etadi. Shaharni qaytarib olishga ko‘zi yetmagan gollandlar taklifga rozi bo‘lishadi.
Nyu-York dunyodagi eng yirik va mashhur shaharlardan biri hisoblanadi. Shaharda 10 milliondan oshiq odam yashaydi. Dunyodagi ikkinchi metro (Londondan so‘ng), birinchi 100 qavatli bino aynan Nyu-Yorkda qurilgan.
Har yili Nyu-Yorkni tomosha qilish uchun millionlab sayyohlar keladi. Shahardagi osmono‘par binolar va ularning tepasida joylashgan tomosha maydonlari, turli muzeylar, parklar, san’at galereyalari, teatrlar sayyohlarni jalb qiluvchi asosiy obektlar hisoblanadi.
Bundan tashqari, AQShga boradigan sayyohlarning bir qismi Nyu-York orqali o‘tadi. Xorijdan AQShga ishlash uchun borayotgan xorijliklarning ko‘pi Nyu-Yorkda qoladi. 2023 yilda bu shaharga 11,7 mln sayyoh kelgan.
Kankun
Kankun shahri Meksikaning Kintana-Roo shtatida joylashgan bo‘lib, unga 1971 yilda asos solingan. Hozirda shaharda qariyb 900 ming aholi yashaydi va ularning asosiy qismi xizmat ko‘rsatish sohasida band.
Kankun Karib havzasida, Atlantika okeani qirg‘oqlarida, juda qulay joyda joylashgani uchun bu yerda yil davomida maroqli hordiq chiqarish mumkin.
Shahar nisbatan yosh bo‘lsada sayyohlar orasida juda mashhur. Kankunda juda ko‘p dam olish maskanlari bor. Ularda asosan AQShlik va Janubiy Amerikaning boshqa davlatlarida yashovchi boylar dam olishadi.
Kankunda ko‘plab plyajlar, ko‘ngilochar parklar va akvaparklar, shahar atrofidagi qadimiy yodgorliklar, muzeylar sayyohlarni jalb qiladigan obektlar hisoblanadi. 2023 yilda Kankunga 10,8 mln sayyoh kelgan.
Makka
Makka shahriga eramizdan 2 ming yil avval asos solingan deyiladi. Lekin shahar o‘rnida odamlar yashay boshlaganiga undan ham ko‘p bo‘lgan. Shahar nomi Makka vodiysi nomidan olingan.
Makka shahri Yer yuzasining barcha hududlarida yashaydigan musulmonlar uchun muqaddas shahar hisoblanadi. Shuningdek, Makka dunyodagi eng mashhur shaharlardan biri hisoblanadi.
Islom ta’limotiga ko‘ra, moliyaviy imkoniyati bor musulmonlar hayoti davomida bir marta belgilangan oyda Makkaga borib haj amalini bajarishi farz hisoblanadi.
Shu sababli har yili butun dunyodan millionlab musulmonlar Makkaga haj amallarini bajarish uchun kelishadi. Shuningdek, shaharga yil davomida umra ziyoratini amalga oshirish uchun millionlab musulmonlar kelishadi.
Shahardagi eng diqqatga sazovor joylar Al-Harom masjidi va uning o‘rtasida joylashgan Ka’ba, shuningdek Nur tog‘i, Arofot tepaligi, Jabali Rahmat tog‘i va boshqa muqaddas joylar hisoblanadi. 2023 yilda Makkaga 10,8 mln ziyoratchi kelgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.