23 iyun kuni kechqurun Dog‘istonda qurollangan shaxslar Mahachqal’a va Derbentdagi pravoslav cherkovlari va sinagoglarga hujum qilandi. O‘ldirilgan 21 kishidan ko‘pchiligi — politsiyachilar. Qurbonlar soni va hujum xarakteridan kelib chiqib, bu voqealarni jangarilarning 2014 yil Grozniyda amalga oshirgan hujumiga qiyoslashmoqda. Prezident Vladimir Putin bu hodisa yuzasidan baribir munosabat bildirmadi, hujum uchun mas’uliyatni hech bir guruh o‘z zimmasiga olmagan. Hujumda ishtirok etganlarning barchasi — Dog‘istondagi Sergoqal’a qishlog‘ida yashovchilar, ular orasida Sergoqal’a rayoni rahbari Magomed Omarovning o‘g‘li va jiyani ham bor. Hudud rahbari dastlab ishdan olindi va «Yedinaya Rossiya» partiyasidan chetlatildi, keyin esa mayda bezorilik bo‘yicha 10 kun muddatga hibsga olindi.
Seshanba kuni Mahachqal’aning Lenin rayoni sudi Sergoqal’a rayoni sobiq rahbari Magomed Omarovni mayda bezorilik (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.1 moddasi, 1-qismi) bo‘yicha ma’muriy moddaga asosan hibs qilingan. «Interfaks» va «Kommersant» huquq-tartibot organlaridagi manbalariga asoslangan holda kuchishlatar tuzilmalar unga qarshi terrorizmga yordam berish bo‘yicha jinoiy ish ochish bo‘yicha materiallar tayyorlanayotganini aytgan. OAV ma’lumotiga ko‘ra, Mahachqal’a va Derbentdagi hujumda uning qarindoshlari ishtirok etgan.
Hujumda ishtirok etganlar soni bo‘yicha OAVda turlicha raqamlar aytilgan va respublika rahbari Sergey Melikov ham bir safar besh, boshqa safar — olti raqamini keltirgan. Rossiya tergov qo‘mitasi dushanba kuni hujumda ishtirok etgan besh kishi o‘ldirilgani hamda ularning shaxsiga aniqlik kiritilayotganini ma’lum qilgan. Idora ularning ism-shariflarini ochiqlamagan, ammo bungacha ular haqida OAV va telegram-kanallarda ma’lumot tarqalib ulgurgandi.
Yakshanba kuni Dog‘istonda amalga oshirilgan hujumning barcha ishtirokchilari Sergoqal’a rayonidan bo‘lishgan — buni Dog‘iston rahbari Sergey Melikov ma’lum qildi. U hujum qilganlar orasida ushbu rayon rahbarining qarindoshlari ham bo‘lganini tasdiqlagan.
«Kommersant» ma’lumotiga ko‘ra, Mahachqal’ada Sergoqal’a rayonining qarindoshi va o‘g‘li — 32 yoshli Abdusamad Amadziyev va 31 yoshli Osman Omarov, shuningdek 42 yoshli Dalgat Daudov otib o‘ldirilgan. Derbentdagi hujumda MMA jangchisi, 28 yoshli Gadjimurad Kagirov hamda «Spravedlivaya Rossiya» partiyasining Sergoqal’a rayonidagi bo‘limining sobiq rahbari, 35 yoshli Ali Zakarigayev o‘ldirilgan — «RIA Novosti» ma’lumotiga ko‘ra, u ham Omarovning qarindoshi sanaladi. Hujum qilganlar orasida Omarovning yana bir o‘g‘li Adil ham bo‘lgani — oxirigacha aniq emas. Baza, Mash va Shot manbalari Omarovning ikki o‘g‘li ham jangarilar qatorida bo‘lganini aytishgan, «Kommersant» esa Adilning aksiyadagi ishtiroki tasdiqlanmagani haqida yozgan.
The Insider Dog‘istondagi o‘ldirilgan jangarilar ro‘yxatini e’lon qilgan «Sapa Kavkaz» va «Bessovestniy Dagestan» telegram-kanallari Adilni tilga olmaganiga e’tibor qaratgan.
Jangarilar Derbent va Mahachqal’aga qanday hujum qilgan?
Yakshanba kungi hujum Derbentda boshlangan: soat 18:00 atrofida qurollangan ikki shaxs Kele-Numaz sinagogiga yonuvchi modda solingan butilkalarni uloqtirib, o‘t qo‘ygan, deb yozadi «Kommersant». Voqea joyiga politsiyachilar yetib kelganida, jangarilar ularni o‘qqa tutgan. Salman va Tagi-Zada ko‘chalari kesishmasida hujum qiluvchilar va politsiyachilar o‘rtasida otishma ro‘y bergan — uning videosi «Moy Derbent» kanalida e’lon qilingan.
Jangarilar politsiyachilardan qochishga muvaffaq bo‘lgan va sinagogdan taxminan bir kilometr masofadagi Bibi Maryam shafoati cherkoviga yetib borgan. Bu yerda ular 66 yoshli protoiyerey, bu ibodatxonada 40 yildan oshiq vaqtdan buyon xizmat qilib kelgan Nikolay Kotelnikovni o‘ldirishgan. Kotelnikovning bevasi Valentina «Izvestiya» nashriga hujum qilganlar «binoga kirib kelib, qo‘riqchini o‘ldirishgani, keyin uyga kirib, ruhoniyga o‘q uzishgani, uyni yoqib yuborishgani»ni aytgan: «Keyin cherkovga ham o‘t qo‘yishdi».
Ibodatxonaga hujum vaqtida bu yerda odamlar bo‘lmagan. O‘ldirilgan protoiyereyning kuyovi, ruhoniy Sergiy Abasov «Mediazona» bilan suhbatda Kotelnikov insultni boshdan kechirgani, anchadan buyon ishlamay qo‘ygani va shunchaki «cherkovga borib, ibodat qilib turgani»ni aytgan. «Shu kuni shunchaki toza havodan nafas olib, dam olgan», — deya qo‘shimcha qilgan Abasov. Uning o‘zi 2018 yil Grozniyda jangarilar hujumini boshdan kechirgandi. Abasov rafiqasiga qo‘ng‘iroq qilib, Kotelnikov o‘ldirilgani haqida aytganidan bir necha daqiqa o‘tib, jangarilar Mahachqal’adagi Avliyo Uspenskiy soboriga hujum qiladi. Abasov ham o‘sha yerda edi.
Mahachqal’ada hujum Yermoshkin ko‘chasidagi sinagogdan boshlanadi, bu Derbentdagi hujumdan taxminan yarim soat o‘tganida boshlanadi. Boshqa guruh binoga o‘t qo‘yadi, darvozaga Qur’oni karimning o‘zga dindagilarga aloqador oyati va suralari raqamlarini yozishadi. «Kommersant»ning yozishicha, shundan keyin hujum qiluvchilar Avliyo Uspenskiy sobori tomon yo‘l oladi, ammo yo‘lda Emirov, Orjdonikidze va Buynakskiy ko‘chalari kesishmasida politsiyachilar bilan otishmaga kirishadi.
Sobor yaqinida, Komarov ko‘chasida politsiyachilar bilan otishmada ikki jangari halok bo‘ladi. Ularning o‘ldirilishi aks etgan video «Tut Dagestan» kanalida e’lon qilgan. Yana bir hujumchi yo‘ldan o‘tayotgan haydovchining «Lada» avtomobilini egallab olgan va bir o‘zi Avliyo Uspenskiy soborigacha yetib borgan. Bu yerda u qo‘riqchini o‘ldirib, ibodatxona binosiga o‘t qo‘yishga ulguradi, deya xabar qiladi «Kommersant». U bir necha soat davomida politsiyachilar bilan otishmani davom ettiradi. Ruhoniy Abasov «Mediazona» bilan suhbatda aytib berishicha, u ibodatxona eshiklarini ichkaridan mahkam yopib olishga ulguradi va u bilan yana 18 kishi otishma vaqtida ichkarida jon saqlaydi.
Faqat tungi soat 2:30 ga kelib Dog‘iston rahbari Melikov hujum ishtirokchilariga qarshi amaliyotning faol bosqichi yakunlanganini xabar qiladi. Janglar sakkiz soat davom etadi.
Rasmiylar qanday reaksiya qildi
Dog‘istondagi hujum qurbonlar soni va hujum xarakteri bo‘yicha jangarilar 2014 yil Grozniyda amalga oshirgan hujumga qiyoslanmoqda — o‘shanda qurollangan jangarilar yo‘l-patrul xizmati postiga hujum qilgan, keyin esa Nashriyot uyini egallab olgandi. Hujum oqibatida 14 politsiyachi va tinch aholi vakillaridan bir kishi halok bo‘lgan. Dog‘istonda ham hujum qiluvchilar politsiyachilarni nishonga olishdi.
Dog‘iston rahbari Sergey Melikovning reaksiyasi ham o‘shanda Grozniyga hujumga munosabat bildirgan Checheniston rahbari Ramzan Qodirovnikiga o‘xshash. Qodirov o‘shanda hujumda ishtirok etganlarning oila a’zolari respublikadan quvib yuborilishini aytgandi. «Men rasman ma’lum qilamanki, ota-onalar o‘g‘illari yoki qizlarining harakatlari uchun javob bermasligi aytiladigan davr poyoniga yetdi. Chechenistonda javob berishadi!» — degandi u o‘shanda.
Melikov shuningdek hujum uchun javobgarlikni qisman amaldor Magomed Omarovning zimmasiga yukladi — jangarilar orasida uning o‘g‘li va qarindoshi bo‘lgan. «Men ota o‘z bolalari uchun javob berishi kerak deb hisoblayman. Shuncha yildan buyon ishlab kelayotgan munitsipal rahbari qanday qilib o‘z farzandlari tarbiyasiga e’tiborsizlik qildi va ular qotillarga aylanishdi? Javobgarlik to‘liq uning zimmasida deb hisoblayman», — degan Dog‘iston rahbari.
Melikov katta Omarovning hujumdagi aybdorligi yuzasidan izoh bermagan, ammo qo‘shimcha qilgan: «Agar uning ishtiroki tasdiqlansa, to‘la javobgarlik ham bo‘ladi».
U Omarovni iste’foga chiqargan, uni «Yedinaya Rossiya»dan chetlatishdi, seshanba kuni esa mayda bezorilik bo‘yicha hibsga olishdi. Shu bilan birga, Baza Omarovni yakshanba kuni kechqurun so‘roq qilish uchun olib ketishganini xabar qilgan. Manba ma’lumotiga ko‘ra, u kuchishlatar tuzilmalar vakillariga o‘g‘illaridan ayrimlari, shuningdek qarindoshi vahobiy bo‘lganini aytgan. Ulardan eng radikal qarashlardagisi Osman bo‘lgan, ammo qolgan ukalari va qarindoshlari uni qo‘llamagan, deya Omarovning so‘roqdagi so‘zlarini keltiradi Baza.
Nashrga ko‘ra, ushbu amaldor go‘yoki so‘nggi yillarda o‘g‘illari bilan gaplashmaganini aytgan va tergovchilarni o‘zini vahobiylarga mansub deb hisoblamasligiga ishontirgan. «Oila bu o‘g‘ilning radikal qarashlariga qo‘l siltagan va u bilan aloqani uzgan, — degan «Kommersant» manbasi.
Hujumdan ikki kun o‘tganidan keyin ham ijrochilarning qaysidir terrorchi tashkilotga aloqadorligi haqida xabar yo‘q. Dog‘istondagi hujum Rossiyada so‘nggi oylarda «Krokus-Siti Holl»dagi tomoshabinlar otib tashlanishi hamda Rostovdagi tergov izolyatorida xodimlar garovga olinishidan keyingi uchinchi jiddiy hujum bo‘ldi. IShID terrorchilik guruhining «Xuroson viloyati» bo‘limi Dog‘istondagi teraktlarni olqishlab bayonot bergan. Bunga The Khorasan Diary jurnalistlari e’tibor qaratgan. «Kavkazdagi birodarlarimiz ular hali ham kuchli ekanini va nimalarga qodirligini ko‘rsatishdi», — deyiladi guruh bayonotida.
Amerikadagi Urush tadqiqotlari instituti (ISW) bu bayonotda guruhning hujumga aloqadorligi haqida so‘z bormasligini qayd etgan.
«Izvestiya» tergovdan xabardor bo‘lgan manbalariga tayanib xabar berishicha, jangarilar hujumga bir oyga yaqin vaqt davomida tayyorgarlik ko‘rishgan, ularning nishoni esa avvaldan ruhoniy Nikolay Kotelnikov bo‘lgan.
«Spravedlivaya Rossiya» partiyasi yetakchisi Sergey Mironov Dog‘istondagi hujumga 2023 yil oktyabrida respublika poytaxtidagi aeroportda antisemistik harakatlar jazosiz qolgani ham sabab bo‘lganini aytgan. «O‘shanda turli „avtoritetlar“ pogromchilarni ozod qilishga, „yosh yigitlar hayotini barbod qilmaslik“ka chaqirgandi. Men kimningdir hayotini barbod etishga qarshiman. Ammo bu beqaror boshlarni aylantirgan narsa aynan jazosizlikdir», — degan u. Lekin o‘shanda tartibsizliklarda ishtirok etgan 242 kishiga ma’muriy hibslar va jarimalar tayinlangan, o‘nlab gumonlanuvchilar ommaviy tartibsizliklar to‘g‘risidagi jinoiy ish bo‘yicha tergov izolyatorlariga olib kelingandi.
Putin Derbent va Mahachqal’adagi hujum yuzasidan munosabat bildirmadi. Dushanba kuni prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov barcha jabrlanuvchilarga yordam ko‘rsatilishi, davlat rahbariga bu ish borasida hisobot yetkazib turilganini aytgan. Hujum bo‘yicha maxsus murojaat rejalashtirilmagan, deya aniqlik kiritgan Peskov.