Ukraina qurolli kuchlariga Chexiya tashabbusi doirasida taqdim etilgan o‘q-dorilarning birinchi partiyasi Ukrainaga yetkazildi. Chexiya bosh vaziri Petr Fiala 25 iyun, seshanba kuni ijtimoiy tarmoqlarda snaryadlar Ukrainaga «bir muddat oldin» kelganini aytdi.
«Biz zarur bo‘lgan barcha kerakli ishni qilyapmiz», deb qo‘shimcha qildi Fiala.
Fiala avvalroq iyun oyiga mo‘ljallangan yetkazib berish hajmi bir necha o‘n minglab o‘q-dorilarni tashkil etishi haqida xabar bergan edi. Chexiya hukumatining Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha maxsus vakili Tomash Kopechniyning so‘zlariga ko‘ra, may oyi oxiriga kelib, Praga Yevropadan tashqarida xarid qilishni boshlagan 800 mingta artilleriya o‘q-dorilarining dastlabki 500 mingtasi uchun taxminan 1,7 milliard yevro yig‘ilgan.
Chexiya mudofaa vaziri Yana Chernoxovaning bayonotiga ko‘ra, iyun oyi o‘rtalarida 18 ta davlat tashabbusga qo‘shilgan.