Pedagogik mahorat va Tarbiya pedagogikasi milliy institutlari tashkil etiladi 

O‘zbekiston 19:11 / 25.06.2024 2040

«Maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, Pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti negizida Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda pedagogik mahorat markazlari tashkil etiladi. 

Toshkent shahar pedagoglarni yangi metodikalarga o‘rgatish milliy markazi hamda Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti tasarrufidagi Respublika pedagogik ta’lim resurs markazi faoliyati ularni Institutga qo‘shish orqali tugatiladi. 

Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi tashkil etiladi. 

Shuningdek, 2024/2025 o‘quv yilidan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi joriy qilinadi. 

Bunda:

- Maktabgacha ta’lim tashkilotlari direktor va mutaxassislarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish instituti Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bo‘ysunuviga o‘tkaziladi;

- maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish bo‘yicha «Virtual kasbiy rivojlantirish» elektron dasturi joriy etiladi. 

Shuningdek, «Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi prezident qarori qabul qilindi. 

Qarorga ko‘ra, Qori Niyoziy nomidagi Tarbiya pedagogikasi milliy instituti tashkil etiladi. 

Institut yangi tarbiya metodikalarini yaratish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha oliy ta’limdan keyingi ta’limni amalga oshiruvchi davlat muassasasi hisoblanadi hamda tarbiya sohasini takomillashtirishga oid ilmiy asoslantirilgan istiqbolli takliflar ishlab chiqadi. 

Institut huzurida «Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi», «Ta’lim va tarbiya nazariyasi va metodikasi» hamda «Ijtimoiy pedagogika» ixtisosliklari bo‘yicha ilmiy kengashlar tashkil etiladi. 

2025/2026 o‘quv yilidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida tajriba-sinov tariqasida bosqichma-bosqich jahonda tan olingan ijtimoiy-emotsional ta’lim (Social and Emotional Learning – SEL) metodikalarini joriy qilinadi. 

Tarbiya sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni muvofiqlashtiruvchi respublika kengashi faoliyati tashkil etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: