Mahachqal’aning Lenin rayon sudi Sergoqal’a rayonining sobiq rahbari, o‘g‘illari Dog‘istondagi teraktlarni amalga oshirishda qatnashgani gumon qilinayotgan Magomed Omarovni 10 kun muddatga hibsga oldi. Bu haqda TASS agentligi Dog‘iston oliy sudi matbuot xizmati rahbari Zarema Mamayevaga asoslanib xabar bermoqda.
Omarov mayda bezorilik (Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 20.1 moddasi, 1-qismi) bo‘yicha ma’muriy moddaga asosan hibs qilingan. U aynan nimada ayblanayotganiga Mamayeva aniqlik kiritmagan.
TASSning Dog‘istondagi huquq-tartibot organlaridagi manbasi Omarovga terrorchilarga yordam berish bo‘yicha ayblov e’lon qilinishi mumkin.
Magomed Omarov 23 iyun kuni kechqurun uning o‘g‘illari — Osman va Adil Omarov Mahachqal’a va Derbentdagi hujumlarda ishtirok etgani haqidagi xabarlardan keyin ushlangandi. Mash ma’lumotiga ko‘ra, aka-ukalar Derbentdagi sinagog hamda pravoslav ibodatxonasiga terrorchilik hujumini amalga oshirishda ishtirok etgan. TASS xabariga ko‘ra, Osman Omarov Mahachqal’adagi aksilterror amaliyot chog‘ida o‘ldirilgan. Baza ham teraktda Omarovning o‘g‘illari Osman va Adil, shuningdek, uning qarindoshi Abdusamad Amadziyev ishtirok etgani haqida xabar qilgan.
The Insider o‘z manbasiga tayanib yozishicha, Adil Omarov hujumda qatnashmagan, u tirik va politsiya bo‘limiga olib borilgan. «Interfaks» Magomed Omarov qo‘lga olingani to‘g‘risidagi materialida, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Derbent va Mahachqal’adagi hujumlarni sodir etganlar orasida rayonning sobiq rahbarining o‘g‘illaridan biri bo‘lganini yozgan.
- Jangarilar Derbent va Mahachqal’ada 23 iyun kuni hujum sodir etgandi. Ular ikkita pravoslav cherkoviga, sinagogga hamda yo‘l-patrul xizmati postiga hujum qilishgan. Yana bir hujum Derbentdan 80 kilometr masofadagi Sergoqal’a qishlog‘ida uyushtirilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, hujumlar oqibatida 21 kishi halok bo‘lgan, shundan 16 nafari politsiyachilar va Rosgvardiya xodimidir. Dog‘iston respublikasi rahbari Sergey Melikov Magomed Omarovni teraktdan keyingi kuniyoq iste’foga chiqargan.