Moskva yaqinida dahshatli yong‘in. Kamida 8 kishi halok bo‘ldi - fotolar

Jahon 21:25 / 24.06.2024 22441

Moskva oblasti Fryazino shahridagi «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti hududida ro‘y bergan yong‘in sakkiz kishini hayotdan olib ketdi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabariga ko‘ra, binoda jami to‘qqiz kishi bo‘lgan, shundan faqat bir kishi qutqarilgan. U shifoxonaga yotqizilib, sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangan. Shuningdek, ikki o‘t o‘chiruvchi is gazidan zaharlanish belgilari bilan shifokorlarga murojaat qilgan.

Mahalliy manbalarga ko‘ra, qurbonlar soat 14:30 dan buyon derazada turib, qutqarishlarini kutgan. Ammo o‘t o‘chiruvchilar ularga yetib bora olmagan. Ularning ishini yuqori harorat va quyuq tutun qiyinlashtirgan.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda ichkarida qolib ketgan odamlar bino derazalarini sindirayotgani aks etgan. Keyinroq ikki kishi 6 va 7-qavatdan o‘zini pastga tashlab halok bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi, qolganlar is gazidan bo‘g‘ilib jon bergan yoki olovda yonib ketgan.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS

Yong‘in 24 iyun kuni tushdan keyin Zavodskoy proyezd, 2-uy manzilidagi sakkiz qavatli ma’muriy binoda boshlangan. 

Bu «Platan» ilmiy-tadqiqot instituti joylashgan manzilga to‘g‘ri keladi. Institutni o‘z ichiga oluvchi «Roselektronika» holdingi yong‘in chiqqan bino 1990-yillarda xususiylashtirilgani va kompaniyaga aloqador emasligini ma’lum qilgan.

Olov beshinchi qavatda boshlanib, sakkizinchi qavatgacha ko‘tarilgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘in maydoni 5 ming kv. metrni tashkil etmoqda.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS

TASS ma’lumotiga ko‘ra, binoning to‘rt qavati butkul yonib ketgan. Binoda portlash ham sodir bo‘lgan, oltinchi qavatda gaz balloni portlab ketgan.

Yong‘inni o‘chirishga 100 dan ortiq o‘t o‘chiruvchilar, o‘nlab o‘t o‘chirish mashinalari, Ka-32 rusumli ikkita vertolyot jalb etilgan.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS

Oblast gubernatori Andrey Vorobev voqea joyiga 16 ta tez yordam brigadasi yetib kelganini xabar qilgan. 

Foto: Sergey Savostyanov / TASS

Moskva oblasti prokuraturasi yong‘in sabablari o‘rganilayotganini ma’lum qilgan.

«Interfaks» agentligi favqulodda xizmatlarga asoslanib sodir bo‘lgan voqea sabablari bo‘yicha turli versiyalar ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qilgan. «Birinchi navbatda - qisqa tutashuv va jihozlar nosozligi», deyiladi xabarda.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS
Foto: Sergey Savostyanov / TASS

Tergov qo‘mitasi RF Jinoyat kodeksining 109-moddasi, 3-qismi (ehtiyotsizlik tufayli insonlar o‘limiga sababchi bo‘lish) bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Foto: Sergey Savostyanov / TASS
Foto: Sergey Savostyanov / TASS
Ko‘proq yangiliklar: