“JSTga ancha yaqinmiz” - bosh muzokarachi Azizbek Urunov bilan suhbat

Iqtisodiyot 20:44 / 24.06.2024 12082

O‘zbekiston Jahon savdo tashkilotiga uzog‘i 2 yil ichida a’zo bo‘lish niyatini e’lon qilib, bu yo‘lda muhim qadamlarni tashladi. Kun.uz muzokaralar qanday ketayotgani, avtosanoat va elektrotexnika kabi sohalarda proteksionizm davom etayotgani va boshqa savollar atrofida prezidentning JST masalalari bo‘yicha vakili Azizbek Urunov bilan suhbat tashkil etdi.

– O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lib kirish bo‘yicha rejalashtirgan muddatini e’lon qildi. Bu muddatgacha a’zolik jarayoni yakunlanishiga ishonchingiz komilmi?

JSTga a’zo bo‘lish masalasi keng ko‘lamli islohotlar boshlangan kundan boshlab kun tartibida bo‘lgan. Bugungi kungacha joriy iqtisodiyotdagi islohotlar va hal qilinishi kerak bo‘lgan muammolar hal qilib kelindi. O‘tgan yildan o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish dasturlari shakllantirilib, ularni amalga oshirishga o‘tdik. Shu nuqtayi nazardan iqtisodiyotimizni ham, islohotlarimiz bilan ham JSTga a’zo bo‘lishga tayyorgarlik qilib keldik. Haqiqatan, bugungi kunda davlatimiz rahbari, hukumatimiz va bir butun xalqimiz JSTga a’zo bo‘lishimizni qo‘llab-quvvatlayapti.

O‘ylashimcha, biz bu jarayonga ancha yaqinlashib qoldik va a’zolikka tayyormiz deb o‘ylaymiz. Bu islohotlarning ajralmas qismi bo‘lib qoladi. Bu bizning iqtisodiy rivojlanishimiz, aholi farovonligi uchun yangi sahifa ochib beradi. Chunki imkoniyatlar kengayadi.

24 may kuni ishchi guruh yig‘ilishida 2026 yilgacha JSTga kirish maqsadimizni e’lon qildik. Buning ikkita sababi bor, birinchisi, ushbu jarayonni qo‘llab-quvvatlash, prezidentimiz bu masalani qo‘llab quvvatlayapti. Ichki reformalarimizni JST talablariga tayyorlashda ishlar ancha faollashgan.

Ikkinchisi, tezroq jarayonni yakunlash uchun a’zo davlatlarga signal berish uchun bu muddat e’lon qilindi. A’zo davlatlar nomzodning harakatlarini ko‘radigan bo‘lsa, shunga yarasha reaksiya qiladi. Chunki bilasiz, JSTga a’zo bo‘lish uchun ko‘plab hujjatlar taqdim etiladi. O‘sha hujjatlar qancha vaqt ichida ko‘rib chiqilishi a’zo davlatlarga bog‘liq. Shu nuqtayi nazardan, ular ham biz bilan jarayonni faol olib borib jarayonni yakunlash maqsadida.

– 3 iyun kuni bir nechta monopolistlarga berilgan eksklyuziv huquqlarni bekor qilishni nazarda tutgan prezident farmoni imzolandi. Sizningcha, hujjatdagi asosiy jihatlar qaysilar?

Juda muhim farmonga imzo chekildi. JSTga a’zo bo‘lish uchun bu tarixiy farmonlardan biri [bo‘ldi]. JSTga a’zo bo‘lmaganimizga ko‘p yillardan beri konvertatsiya sabab qilib ko‘rsatilgan. Aslida unday bo‘lmagan. JSTda bozor mexanizmlari ishlashi kerak. Shu nuqtayi nazardan uzoq yillardan beri davlat savdo korxonalarida eksklyuziv huquqlar ko‘p bo‘lgan. 2017 yilgacha hattoki meva-sabzavot eksport qilishda ham alohida korxonalarning ro‘yxatini tasdiqlardik. Ulargina eksport qilish huquqiga ega bo‘lardi. 2017 yildan boshlab tashqi savdoda erkinlashtirish siyosati olib borilganidan keyin o‘zimizni ko‘p nuqtayi nazardan bunga tayyorlab keldik.

JSTga a’zo bo‘lishda bugungi kundagi jarayonni hisobga olsak, juda faol fazadamiz. Davlatlar bizdan qolgan JST prinsiplariga mos bo‘lmagan o‘zgarishlarni kutishayotgan edi. JST bosh direktori O‘zbekistonga kelganida ham “bu farmonni samolyotda o‘tirib o‘qib chiqdim, bundan yaxshiroq sovg‘a olmagan bo‘lardim, bu hujjat O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi bo‘yicha shahdam qadamini ko‘rsatadi”, dedi.

Nimasi bilan bu farmon muhim? Birinchidan, iqtisodiyot ishtirokchilari uchun teng sharoit yaratish nuqtayi nazaridan juda muhim. O‘zbekistonda oxirgi 7 yilda olib borilayotgan islohotlarning keyingi qadami deb o‘ylayman. Faqatgina JSTga a’zo bo‘lish uchun bu farmonni qabul qilmadik. Davlat korxonalarini ham bozor mexanizmlariga o‘tkazish payti kelgandi. Bu korxonalarimizning avvalo raqobatbardoshligini oshirishga, bozor tamoyili asosida ishlashiga olib keladi. Ko‘pchilik skeptik odamlarimiz bu korxonalar o‘lib qolmaydimi degan fikrda bo‘lishlari mumkin, lekin biz iqtisodiyotni jadal rivojlantirmoqchi bo‘lsak, ularning raqobatbardoshligini oshirishimiz kerak. Agar ularni bozor muhitiga qo‘ymaydigan bo‘lsak, raqobatbardoshligini oshirishimiz judayam qiyin bo‘ladi.

Farmon o‘z ichiga kompleks masalalarni oladi. Bu farmonni tayyorlashda JSTning bir qator bitimlari inobatga olindi. Davlat korxonalarining eksklyuziv huquqlari, investitsiya bilan bog‘liq savdo choralari to‘g‘risidagi bitimlari ham bor, bular ham farmonda aks etdi. Investorlarga mahalliylashtirish, import yoki eksport qilish bilan bog‘liq bo‘lgan qat’iy talablar qo‘yilishi man etilgan. Shu talablar ham milliy qonunchilikda aksini topish maqsadida tegishli idoralarga vazifalar berilgan. Ular ushbu talablardan kelib chiqqan holda, qonunchilik normalarini inventarizatsiya qilib, moslashtirish bo‘yicha takliflar kiritishi kerak.

– Farmonga ko‘pchilik kutayotgan avtosanoat sohasi kiritilmagan. Hukumat bu soha uchun imtiyozlarni bosqichma-bosqich bekor qilish bo‘yicha JSTdan necha yil muddat so‘rayapti?

Bu ikki tomonlama muzokaralar bilan bog‘liq bo‘lgan jarayon. Buni ochiqlab bo‘lmaydi. Chunki har bir davlat o‘zini qiziqtirayotgan yo‘nalishda siz bilan muzokara qiladi. Agar biz bu masalani ochiqlab bersak, a’zolar bizning pozitsiyamizni bilib oladi, bu esa muzokaralar jarayoniga ta’sirini ko‘rsatadi.

Ikki tomonlama muzokaralarda bozorga kirish shartlari kelishib olinadi. Oddiy misol bilan aytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston bozoriga telefon olib kirish shartlarini kelishib olishi mumkin, yoki ichimlik suvi, avtomobil, to‘qimachilik mahsulotlari... Agar avtosanoat bo‘yicha pozitsiyamiz mana bunday deydigan bo‘lsak, pozitsiyamizni ularga bildirib qo‘ygan bo‘lamiz. Har bir davlat bilan ikki tomonlama muzokaralar maxfiy olib boriladi. Bitta davlat ikkinchi davlatga O‘zbekiston bilan qanaqa shartlarda kelishganini ochiqlashi mumkin emas. Bu JSTning talabi hisoblanadi. Biz Yevropa Ittifoqi bilan nimagadir kelishib olgan bo‘lsak, kelishganimiz bo‘yicha ular bu ma’lumotni AQSh, Hindiston yoki Xitoyga ochiqlashga haqqi yo‘q. Biz har bitta davlat bilan muzokaralarni ochiqlasak bo‘ladi, lekin pozitsiyamizni bildirib qo‘ygan bo‘lamiz.

Misol uchun, suv bo‘yicha nol import bojiga kelishdik deydigan bo‘lsak, buni bizdan so‘rayotgan 10 ta davlat bo‘lishi mumkin. 10 ta davlat nol bo‘lganini bilganidan keyin biz bilan suv bo‘yicha muzokara qilmaydi-da, uni qiziqtiradigan boshqa tovar pozitsiyasi bo‘yicha muzokaraga kirishadi. Chunki suv bo‘yicha masalasi yechilganini biladi.

Avtosanoat masalasiga qaytsak, biz o‘tgan yil barcha tarmoq tashkilotlari, vazirlik va idoralar bilan tovarlar va xizmatlar bozoriga kirish bo‘yicha ikki oy ishlab, o‘zimizning pozitsiyamizni ishlab chiqqanmiz. O‘sha pozitsiya bo‘yicha muzokaralar olib borilyapti. Albatta, JSTga a’zo bo‘lish masalasida biz xohlamagan taqdirda ham a’zo davlatlar bu narsaga qattiq turadi. Bu yo‘nalishda ham bozorni erkinlashtirishga olib kelishimiz kerak. 2017 yildan oldingi bojxona to‘lovlari bilan bugungi kundagi bojxona to‘lovlarini solishtirsak, bojlar 3 barobargacha kamaytirilgan. Tahlil qilganimizda, o‘rtacha bojlar 110 foizdan 180 foizgacha borardi. Siz 100 ming dollarlik avtomobil sotib oladigan bo‘lsangiz, 110 ming dollardan 180 ming dollargacha bojxona bojini to‘lashingiz kerak edi, nimaga? Sababi bu yerda import boji bor edi, dvigatel hajmiga bog‘liq bo‘lgan qo‘shimcha to‘lov bor edi va aksiz solig‘i juda baland edi. 2021 yildan aksiz soliqlarini birlashtirganmiz, aksiz solig‘ini avtomobil importida bekor qilganmiz, shuningdek, o‘tgan yildan import bojlari yangi avtomobillarga yanada liberallashtirildi. Shu nuqtayi nazardan erkinlashtirish jarayoni bosqichma-bosqich olib borilyapti.

JSTga a’zo bo‘lishda nomzod davlat o‘ziga ko‘proq imkoniyat qoldirish nuqtayi nazardan pozitsiyasini ishlab chiqadi. Har bir a’zo davlat nomzod davlatning bozorini o‘ziga ochishga urinadi. Bu nima degani? JST a’zolari bilan muzokara olib borayotgan jarayonda ba’zi import bojlarini olib qarasak, aniq pozitsiyamiz bor degani, har bir davlat o‘zining sanoat siyosatini 3-5 yillik tarmoq dasturlar asosida amalga oshiradi. O‘sha paytda tarmoq oyoqqa turib olishi uchun qanaqadir qo‘llab-quvvatlov bo‘lishi mumkin. Bir narsani yodda tutish kerak, JST 20-30 yil davomida qaysidir tarmoqni alohida himoyada ushlab turish imkonini bermaydi. Iqtisodiy imkoniyatlardan, qiyosiy ustunliklardan kelib chiqqan holda o‘zining iqtisodiy, sanoat siyosatini olib boradi. Shu jihatdan bu qo‘shimcha, keraksiz himoyalash imkonini bermaydi.

– 4 iyun kuni JST bosh direktori Ngozi Okonjo Iveala Toshkentga keldi, uning tashrifi O‘zbekistonga tashkilotga a’zo bo‘lishida qanday manfaat beradi?

Bu Okonjo Iveala xonimning tashkilot a’zosi bo‘lmagan davlatga birinchi tashrifi bo‘ldi. Bu a’zo davlatlarga katta signal, chunki JST direktori a’zo davlatlarga hisobdor. Ikkinchi tarafdan, agar Ngozi xonimning shaxsiy sifatlarini olib qaraydigan bo‘lsak, u jahon miqyosida juda obro‘li. Uning O‘zbekistonga kelishi mamlakat a’zolikka qanaqa jiddiy yondashayotganini ko‘rsatib beradi. Bu a’zo davlatlarga katta signal. Davlat rahbari bilan uchrashuvda katta masalalar muhokama qilindi. Shu jihatdan bosh direktor a’zo davlatlarning rasmiy vakillari bilan bu masalani muhokama qiladi va jarayon tezlashishiga olib keladi.

– JST direktorining hissasi biz tashkilotga a’zo bo‘lishimizda qanday bo‘ladi?

Uning hissasi juda muhim. O‘zbekistonning JSTga kirishini a’zo davlatlar hal qiladi. Tashkilot ustavida belgilangan qoidalar shunaqa. Bosh direktorining JST kun tartibini shakllantirishdagi roli esa beqiyos. 2026 yilda Kamerunda 4-vazirlar uchrashuvi bo‘lib o‘tadi, ungacha a’zo bo‘lish niyatimiz bor dedik. Bosh direktor O‘zbekiston bilan muzokaralarni yakunlashimiz kerak degan masalani har bitta a’zo davlat kun tartibiga qo‘yadi. A’zo davlatlarni faol ishlab jarayonni yakunlashga unday oladi.

– Yil boshidan import bilan bog‘liq bir qator bahsli normalar kuchga kirdi, ayrim keyslar yuz berdi. Elektromobil, avtomobil, maishiy texnika, lift kabi mahsulotlar importi murakkablashdi. O‘zbekistonning JSTdagi bosh muzokarachisi sifatida bu to‘siqlarga munosabatingiz qanday?

JSTning asosiy talabi nimada? Import bo‘ladigan mahsulotlar va davlat ichkarisida ishlab chiqarilgan mahsulotlar o‘rtasida bozorda teng sharoitlar yaratish. Siz ko‘targan masalalar bo‘yicha gap ko‘proq notarif choralar haqida ketyapti. Notarif choralar import mahsulotlariga ham, milliy mahsulotlarga ham bir xil darajada tatbiq etiladigan bo‘lsa, JST talablariga prinsipial zid emas.

Elektromobil keysiga to‘xtaldingiz, bu juda qiziq keys. Bu ichki bozorimizga elektromobillarning kirib kelishini katta darajada cheklaydigan chora emas. Bu faqat BYD’ga bog‘liq chora istisno. Global yetkazib berish zanjiri doirasida BYD bu masalani o‘zi hal qilsa bo‘ladi. O‘sha bizning tegishli vazirlik va idoralar bilan O‘zbekistonga investitsiya qilish shartlarida bu chorani samaraliroq chora sifatida ko‘rishgan bo‘lishi mumkin.

Ikkinchi tarafdan BYD yagona elektromobil ishlab chiqaruvchi emas, qolgan ishlab chiqaruvchilar uchun bu chora sifatida tatbiq etilmaydi. Xitoyda boshqa ko‘plab kompaniyalar bor, Li, Zeekr kabilar bor. Qolganlarga bu chora qo‘llanmaydi. Misol uchun, elektromobil ishlab chiqaruvchi AQSh, BAA yoki Xitoyning boshqa ishlab chiqaruvchilariga tatbiq etilmaydi.

– Ammo masala bunda emas, BYD oxirgi paytlarda hamyonbop avtomobillar taklif qilayotgandi, bu esa o‘zbekistonliklarning tanlov imkoniyatini kengaytirgan edi. Shu jihatga ko‘ra, BYD importiga cheklov tanqidlarga uchradi.

Qaysidir jihatdan fikringizga qo‘shilaman, faqat narx nuqtayi nazaridan emas, sifat nuqtayi nazaridan ham ushbu mahsulotlarga nisbatan tanlov ko‘proq bo‘lyapti. Global nuqtayi nazardan qarasak, bozor shart-sharoitlarga tez moslashuvchan hisoblanadi. BYD’ga alternativ sifatida boshqa kompaniyalarning ham o‘zining xaridorlarini topadi deb o‘ylayman. BYD O‘zbekistonga investitsiya qilmoqchi va bu investorning iltimosiga binoan muhokama bo‘lgan, shu sababli aytmoqchi bo‘lganim, bu global nuqtayi nazardan hal qilsa bo‘ladigan muammo.

BYD bilan bog‘liq keys investor iltimosi bilan sodir bo‘ldi deya qolaylik, lekin mahalliy maishiy texnika ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi yoki chetdan olib kiriladigan liftlar importi birdaniga to‘xtalishi hukumat qo‘lidagi narsa. Bunday qarorlar iste’molchilarni kambag‘allashtiradi. JSTga a’zo bo‘lgunga qadar qolgan vaqt ichida ichki ishlab chiqaruvchilarni ko‘proq qo‘llab-quvvatlab qolaylik, degan pozitsiyadan darak emasmi bu?

– O‘tgan yili qabul qilingan 181-sonli qaror bilan, JST qoidalariga zid qonunchilik tashabbuslarini qabul qilmaslik belgilab qo‘yilgan. JSTga a’zo bo‘lish bo‘yicha idoralararo komissiya faoliyat olib boradi. Biz qabul qilayotgan qarorlarning JST talablariga mosligini ekspertiza qilib boramiz. Qanday hollar savdoni cheklash deb hisoblanishi JSTning savdo va tariflar to‘g‘risidagi boj bitimida qayd etilgan. Ko‘pgina davlatlar bu choralardan foydalanadi, qachonki, qaysidir sanoat tarmog‘iga yetarli darajada zarar yetadigan bo‘lsa, qandaydir chegaralar kiritishga ruxsat berilgan. Lekin xohlagancha savdoni cheklash JSTga a’zo bo‘lgach qiyin jarayonga aylanadi.

1995 yilda kuchga kirgan bitimga ko‘ra, tovarlar savdosini tartibga solishda davlatlar tarif choralaridan foydalanishga kelishgan, notarif choralardan iloji boricha qochamiz degan talablar bo‘lgan. 25-30 yil davomida tariflarni juda ko‘p davlatlar liberallashtirgan bo‘lsa, ko‘p davlatlar notarif choralarni kuchaytirgan. Notarif choralar bu – texnik jihatdan tartibga solish, sanitar, fitosanitar choralar bo‘lishi mumkin.

Bir misol aytaman, Yevropa ittifoqi O‘zbekistonga GSP+ savdo rejimini taqdim etgan. Bu nima degani? 6200ta tovarlarni Yevropa ittifoqiga bojsiz eksport qilishimiz mumkin degani. Lekin agar chuqurroq qarasak, import bojlari nol bo‘lishi mumkin, lekin sertifikatlashtirish kabi talablarni hisobga olsak, bizning Yevropaga eksport qilish imkoniyatimiz juda cheklangan. Bugungi kunda tekstil mahsulotlari, meva sabzavotlar nuqtayi nazaridan tovarlarni Yevropa ittifoqi talablariga moslashtirmaydigan bo‘lsak, eksport qilish imkoniyatimiz bo‘lmaydi. To‘qimachilik mahsulotlarini ham oladigan bo‘lsak, sertifikatsiya talablarini yo‘lga qo‘yib ularning talablari asosida eksport qilmasak, eksport imkoniyatimiz bo‘lmaydi. Qaysidir mahsulotni eksport qilmoqchi bo‘lsak, ularda registratsiya deyiladi, bir butun mahsulotni ishlab chiqarish jarayonidan boshlab sertifikatsiya qilish yo‘liga o‘tishgan.

Lift, elektrotexnika mahsulotlari nuqtayi nazaridan aytdingiz, adolatsiz savdoga olib keladigan tizim bilan ertaga hamma narsani o‘zgartirib qo‘yolmaymiz. JSTning o‘zining talablari bor, o‘zining mexanizmlari bor, ularning sud tizimi bor, bu masalalarni ko‘rib chiqadi. Bunday choralarning oldini olish yoki taqiqlash mexanizmlarini qo‘llash mumkin.

Madina Ochilova suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: