Rossiyadagi qurilishda reydga tushgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot berildi

Jamiyat 17:39 / 23.06.2024 17540

22 iyun kuni Rossiyaning Voronej shahridagi qurilishda O‘zbekistonning 45 nafar fuqarosi ushlangani haqida ma’lum bo‘lgandi. Voronej politsiyasi tarqatgan videoda xavfsizlik xizmati xodimlari migrantlar guruhini saf tortgan holda olib kelayotgani aks etgandi. O‘zbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi holat yuzasidan ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, videoda aks etgan holat 7 iyun kuni Voronej shahridagi «Razvitiye» qurilish hududida yuz bergan. Reyd tadbiri o‘tkazilgan ushbu qurilish hududida O‘zbekistonning 45 nafar fuqarosi mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan bo‘lib, ularning 12 nafari norasmiy ishlagan.

Norasmiy ishlaganlarning 11 nafariga nisbatan patent muddati o‘tib ketgani sababli jarima shaklida ma’muriy javobgarlik qo‘llanib, shu kunning o‘zida vaqtincha yashash joyiga ruxsat berilgan va yana bir nafari esa hech qanday hujjatlarsiz ishlagani sababli hozirda mamlakat hududidan deportatsiya qilinmoqda.

«Shu o‘rinda, Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimizdan mahalliy qonun-qoidalarga rioya qilish hamda migratsiya qonunchiligini buzmaslik so‘raladi», deyiladi agentlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: