Qashqadaryoda yigit o‘ziga turmushga chiqishni xohlamagan talaba qizni pichoqladi

Jamiyat 12:22 / 23.06.2024 49122

Qarshi tumanida yashovchi yigit Qarshi davlat universiteti hovlisida 4-bosqich talabasi bo‘lgan qizni o‘ldirish maqsadida unga bir necha marta pichoq bilan zarba bergan.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, hodisa 2024 yil 22 iyun kuni soat 8:15 larda sodir bo‘lgan.

Qarshi tumani, “Uzunnavo” MFYda yashovchi yigit M.E. Qarshi davlat universitetiga kelib, 4-bosqich talabasi S.T. ni qasddan o‘ldirmoqchi bo‘lgan. U o‘zi bilan birga olib kelgan oshxona pichog‘ini qizning tanasiga bir necha marotaba sanchgan.

So‘ng pichoqni o‘zining qorin sohasiga ham sanchib, og‘ir tan jarohati yetkazib, RShTYoIAM Qashqadaryo filialiga yotqizilgan.

Dastlabki surishtiruvda aniqlanishicha, M.E. o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan S.T.ning oila a’zolari qizning unga turmushga chiqishiga qarshilik qilgani sababli, u bilan o‘zaro janjallashib, uni qasddan o‘ldirish maqsadida 22 iyun kuni ertalab universitetga kelgan.

U S.T.ni yoniga chaqirib, u bilan o‘zaro tortishgan va universitet 2-o‘quv binosi oldida qizga pichoq bilan zarba bergan. Atrofdagilar tomonidan uning jinoiy xatti-harakatlari to‘xtatib qolingach, pichoqni o‘ziga urgan.

Qayd etilishicha, M.Erkinovning harakatlarida Jinoyat kodeksining 25,97-moddasi 1-qismida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligi sababli unga nisbatan shu modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda prokuratura tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: