Bolalar adabiyoti – muammo nimada?

Jamiyat 14:50 / 20.06.2024 3020
  • Quronov hozirda Yoshlar ishlari agentligining elektron va audio kitoblar bo‘yicha yangi loyihasi – Mutolaa intellektual superilovasida bolalar adabiyoti bo‘limi bosh muharriri bo‘lib ishlab kelmoqda.

Bolalar adabiyoti – muammolari ko‘p va xo‘p aytiladigan, lekin biror arzirli natija, yechim ko‘rilmaydigan sanoqli sohalardan biri. Shu sababli, doim muammoning mohiyatini izlayman, ba’zan optimist, ba’zan pessimist bo‘lib maqolalar yozaman. Taskin izlayman.

Quyida ham sohadagi 8 yillik faoliyatimda anglaganlarimning qaymog‘ini aytishga urindim. Aniqrog‘i, bu har-har zamon qilib turadigan urinishlarimning yana biri, xolos... 

Mavzu...

Adabiy uchrashuvda bir ayol menga savol berdi: “Nega qahramonlaringiz taqdiri bu qadar to‘kis, nega zig‘ircha bo‘lsa ham iztirob, ayriliq yo‘q? Axir, hayot unday emas-ku?!” Ayolning savoli, uning mahzun qarashlari meni dovdiratib qo‘ydi. Javobim yo‘q edi, shunchaki, bilmasdim...

Keyinroq, chet el bolalar yozuvchilarining bir podkastini tingladim. Unda eri to‘satdan vafot etib qolgan va uch farzandi bilan beva qolgan yozuvchi ayol qismati haqida so‘z bordi. Ayol o‘zi va farzandlarini tushkunlikdan chiqarish uchun otasi vafot etgan qahramon hayoti haqida asar yozadi. Kutilmaganda, bu asar bessellerga aylanadi...

Podkastni tinglarkanman, ko‘z oldimga o‘sha – savol bergan ayol keldi. Hoynahoy, uning farzandlari ham ayriliq alamini totib ko‘rgan. Mening ideal turmush haqidagi asarim esa ularning ruhiyatiga aks ta’sir ko‘rsatgan!..

Shu-shu, bolalar asarlarining mavzusi haqida ko‘p bosh qotiradigan bo‘ldim. O‘ylab qarasam, bizning bolalar adabiyoti hali ham u qadar ijtimoiylashmagan. Ya’ni hamon ertak va dostonlardagi ideal taqdir va qahramonlarning ta’siri kuchli. Hayotiy, maishiy muammolar haqida yozishga esa ko‘pam urinmaymiz, go‘yo bu adabiyot emas, adabiyot faqat cho‘pchak bo‘lishi shart.

Adabiyotni ideallashtirganimiz sabab biz darsda ishtonini ho‘llab qo‘ygan, bexos yel chiqarib yuborgan, puli yo‘qligi sabab tushlik qila olmaydigan yoki tilida nuqsoni bor bolalarning kechmishi haqida deyarli yozmaymiz. Biz uchun adabiyot katta narsalar, g‘oyalar haqida kuylashi zarur, tamom!    

Menimcha, o‘zbek bolalar adabiyoti trendga chiqa olmasligining asosiy sabablaridan biri shu – mavzularning hayotiy emasligi bilan bog‘liq.

Badiiy asar qiymati

Yaqinda bir ekolog bilan suhbatlashib qoldim. Mavzu kesilayotgan daraxtlarga kelganda, mutaxassis kesuvchilarga qarshi kurash yaxshi samara bermasligi, avvalo, jamiyat ahliga daraxtning qiymati haqida ma’lumot berish lozimligini aytdi. Ya’ni daraxt faqat soya va kislorod beruvchi narsa emas, u yer osti suvlarini tutib turuvchi, zararli gaz va changlarni tortib oluvchi, ruhiy quvvat beruvchi, xullas, inson hayotini ta’minlovchi o‘simlikdir. Odamlar buni jamiyat darajasida anglab yetsa, daraxtlar kesilishi o‘z-o‘zidan to‘xtaydi.

Menimcha, kitobxonlikni rivojlantirishi uchun ham mutolaaning ahamiyati haqida yetarlicha tasavvur bo‘lishi kerak. Chunki ko‘pchilik kitobga bilim va tarbiya manbasi sifatidagina qaraydi, xolos. Afsuski, bunday qarash ijodkorlarda ham mavjud.

Bunday “g‘alati qarash”ning mohiyati shuki, bolalar uchun yozilgan asarda albatta katta hikmat, tarbiyaviy g‘oya bo‘lishi shart. Mana shunday qarash tufayli biz 5 yoshli bola uchun ham “hikmatli” asarlar yozib, ularni o‘qishdan bezdiramiz. Yo‘q, bola shunchaki o‘qib malaka oshirishi, matnni his qilishi, harakat va ma’lumotlar ketma-ketligini kuzatishi uchun ham sodda asarlar yozish mumkin-ku! Masalan, “Kitob stolning ustida. Kitob stolning ostida. Kitob stolning ortida. Endi kitob qayerda? (rasm)“ kabi juda sodda matnlar biz uchun ma’nisizdek, badiiy asar emasdek tuyuladi. Sababi 5-6 yoshli bola shu matn vositasida juda muhim “boshqa” ko‘nikmalarni o‘zlashtirishi haqida tasavvurga ega emasmiz. Aslida shu shakldagi rasmli asarlar bolalarda narsa va hodisalarni tanish, tushunish, matndagi ma’lumotlarni anglash kabi muhim hayotiy ko‘nikmalarni shakllantiradi. Uning tafakkurini charxlaydi. Ishoning, mutolaa orqali shakllanadigan tahliliy, tanqidiy tafakkurni boshqa biror fan bera olmaydi!

Shunday ekan, bolalar adabiyoti faqatgina ravon o‘qish, badiiy asardan zavqlanish va undan hikmat izlashdan iborat emasligini anglab olishimiz shart. Biz bolalar kitobxonligi ularning kelajagi uchun xuddi suv va havodek hayotiy zarurat ekani tushunib yetsak, o‘zimiz bilmagan holda bolalar adabiyoti rivojiga ham hissa qo‘sha boshlaymiz.

Ilm va ta’lim

Bolalar adabiyoti muammolari deganda faqat shu soha va ijodkorlar bilan bog‘liq kamchiliklarni tushunishimiz xato bo‘ladi. Bu keng, kompleksli muammo bo‘lib, ilm (tilshunoslik, adabiyotshunoslik, san’atshunoslik va ruhshunoslik) va umumta’lim bilan bevosita aloqador jarayondir. 

Yaqinda PISA – xalqaro o‘quvchilarni baholash dasturi bo‘yicha juda yomon natija qayd etganimiz va dunyoda ta’limi eng sifatsiz davlat qatoridan o‘rin olganimiz jamoatchilikning keskin muhokamasiga sabab bo‘ldi.

PISA tadqiqotlaridan yomon natija qayd etganimiz bolalar adabiyotidagi muammolarimiz bilan ham bog‘liq ekanini unutmaylik. PISA baholaydigan o‘qish savodxonligi ko‘nikmasi bolalarda kichik yoshdan rivojlantirib boriladi. Yuqorida aytganimizdek, adabiyotimizda zamonaviy bolalar ehtiyojiga mos, sifatli matnlar juda-juda kam.

Qolaversa, o‘qib tushunish ko‘nikmasi aniq ta’limiy maqsadlarni qamrab olgan bo‘lib, o‘qishlilik darajasi (readability) bolaning yoshiga mos matnlar asosida shakllantiriladi.

Bolalar adabiyotida yosh kategoriyasi va matnning o‘qishlilik darajasi juda muhim omil. Biz odatda 10 yoshli bolaga 15 yoshli bolaning kitobini tutqazib o‘qi deymiz. Bola bu kitobni o‘qishga ham, tushunishga ham qiynaladi. Natijada mutolaadan bezib qoldi. Bu holning oldini olish uchun 0+, 3+, 6+ kabi yosh kategoriyalari belgilanishi lozim.

Endi o‘ylab ko‘ring, bizda yosh kategoriyalari qaysi mezonlar asosida belgilanadi? Muallif yoki muharrirning shaxsiy qarichlaridan boshqa mezon yo‘q-ku!

Aslida, bularni belgilash uchun tilshunoslar tadqiqotlar o‘tkazishi, gap va matn qurilishining murakkabliklarini, so‘z ma’nolarini tushunish darajasini turli yoshdagi bolalarda tajribadan o‘tkazishi kerak. Xorijda bularning bari ishlab chiqilgan, so‘nggi vaqtlarda zamonaviy o‘zbek tilshunoslari orasida ham bu borada dastlabki tadqiqotlar o‘tkazildi (bu juda-juda oz). Xullas, shunday tadqiqot natijalari asosida maxsus dastur yaratiladi va matn shu dasturga joylanganda uning o‘qishlilik darajasi, yosh kategoriyasiga doir tahlillar chiqib keladi. Masalan, ruslarning textometr.ru platformasi orqali, bevosita o‘zingiz sinab ko‘rishingiz ham mumkin. Bu platforma rus tilidagi matnlarni tahlil qilib, uning murakkablik darajasini aniq tahlillar bilan ko‘rsatib beradi.

Men tajriba uchun Nikolay Nosovning “Bilmasvoy bilan do‘stlarining boshidan kechirganlari” asaridan kichik bir parchani tahlilga tortdim. Dastur matn yuzasidan quyidagi xulosalarni chiqardi:

  1. matn murakkablik darajasi bo‘yicha 9-10 yoshdagi bolalarga mos keladi;
  2. flesh formulasiga ko‘ra (matnning o‘qishlilik darajasi —readibility) 51 ball olgan;
  3. rus bolalarining iste’molida bo‘lgan eng faol 5000 so‘zga 88 foiz mos keladi;
  4. ayrim so‘zlar (“oduvanchik”, “korotyshka”, “margaritka” kabi) shu yoshdagi bolaga notanish bo‘lishi mumkin.

Endi tasavvur qiling, bizning qo‘limizda ham shunday tahlil imkoniga ega tizim bo‘lsa! Bu bolalar uchun yozilgan kitoblar, maktab darsliklarining matni haqida aniq xulosalarga kelishimizga ko‘mak beradi. O‘z-o‘zidan ta’lim sifatiga ta’sir etadi, bolalarning matnni o‘qish va tushunish darajasi ortishiga, kitobxonlik rivojlanishiga turtki bo‘ladi.

Agar biz chindan ham ta’limimizni rivojlantirish, yaqin kelajakda PISA dan yuqori natijalar qayd etishni ko‘zlasak, sifatli bolalar adabiyotini yaratish ustida bosh qotirishimiz shart. Buning uchun eng avvalo quyidagi ishlarni amalga oshirish zarur:

  • bolalar uchun yozilgan matnlarning yosh kategoriyalarini belgilovchi mezonlarni ishlab chiqish;
  • o‘zbek tilining izohli va imlo lug‘atiga kiritilgan so‘zlarni bolalarning yoshi, tushunish darajasiga muvofiq tarzda tasniflash (so‘zlar banki);
  • bolalar uchun yozilgan matnlarning o‘qishlilik darajasini (readibility) aniqlovchi mezonlarni ishlab chiqish;
  • bolalar uchun yozilgan matnlarni o‘qib tushunishni baholovchi mezonlarni ishlab chiqish.

Bilishimiz muhimki, mazkur masalalar dunyoning juda ko‘plab davlatlarida, ayrimlari hatto qo‘shni Qozog‘iston, Qirg‘izistonda ham ishlab chiqilgan. Biz ham bu muammolarga ilmiy yechim topmas ekanmiz, kitobxonlikni rivojlantirish sust kechaveradi. Unutmang, ta’lim va bolalar adabiyoti egiz jarayon.

Davlat va rag‘bat

Men biror boshqa ish qilmay faqat ijod qilgim, izlangim keladi. Vatanini, millatini sevadigan odam o‘z xalqi uchun nimadir qilsam deb kuyinadi. Shaxsan, ana shu maqsadga biror tashkilotda faoliyat ko‘rsatib erishaman deb o‘ylamayman. Mening taraqqiyot uchun hissam kitoblarimdir! Shu sababli menda bolalar uchun kitob yozishdan boshqa tashvish bo‘lmasligi kerak. Afsuski, reallik unday emas. Tirikchilik g‘amida muntazam boshqa ishlar bilan bandman. Zero kitob yozib tirikchilik qilib bo‘lmaydi!

Ustoz ijodkorlar ilgari tirikchilik g‘amida bo‘lmaganliklari, yozgan asarlari uchun bemalol bitta mashinaga yetadigan qalamhaqi to‘langanini aytib berishgan. Shuning uchun ham ular xotirjam ijod qila olgan.

O‘ylayman, nega davlat minglab sport ustalari uchun shunchaki “usta” bo‘lgani sabab maosh tayinlaydi-yu, 10 yozuvchiga maosh tayin qila olmaydi? Sababini bilaman, yuqorida aytganimdek, buning ahamiyatini hali jamiyat, davlat darajasida anglab yetmaganmiz. Bolalar kitobxonligi yo‘lida bir kunlik dabdabali tadbir qilamiz, oddiy chiroqlar, led ekranlar uchun yuz millionlab pul ajratamiz, biroq ijodkorga yozgan asari uchun 5 mln so‘m bera olmaymiz...

Yana o‘ylaymanki, davlat bolalar adabiyotiga pul ajratarkan, xuddi ta’lim kabi, kelajak uchun muhim investitsiya qilayotganini anglashi zarur. Bolalar adabiyotini ilmiy va ijodiy jihatdan rivojlantirish uchun davlat dasturlari qabul qilinishi, sohaga yetarlicha pul ajratilishi, bolalar nashrlari uchun soliq imtiyozlari berilishi, mualliflarni rag‘batlantiruvchi tizim tashkillanishi kerak. Biroq, undan ham oldin sohalarga buning muhim ekanini anglaydigan rahbarlar tayin etilishi zarur...

Mavzuni oddiy statistika bilan yopaman. 2023 yilda Janubiy Koreyada 7.3 mln bola uchun jami 70 mln nusxada kitob nashr etilgan. O‘zbekistonda 10.5 bola uchun jami 8.5 mln nusxada kitob chiqarilgan. Xulosa, o‘zingizdan...

Yangi adabiy maktab va janrlar tanqisligi

Hojiakbar Shayxov asarlarini o‘qirkanman, bir savol menga sira tinchlik bermaydi: mustaqillikdan keyin bolalar adabiyotida o‘ziga xos “epidemiya”ga aylangan “Sariq devni minib” asari o‘rnida Shayxovning ilmiy-fantastik asarlari bo‘lganda, hozirgi yoshlarning dunyoqarashi, ilmiy salohiyati, davlatimizning yalpi ichki mahsulotining hajmi qay darajada bo‘lardi?

Albatta, bu savollarga aniq javob berish mushkul. Biroq fantastikaning davlat iqtisodiyoti rivojida kattagina hissasi borligiga shubha yo‘q!

Yuqorida “Sariq devni minib” asarini epidemiyaga qiyoslash bilan uni, aslo, kamsitmoqchi emasman. Bu asar so‘zsiz adabiyotimizda bolalar uchun yozilgan eng yaxshi asarlardan. Muammo shuki, oxirgi o‘n yilliklarda bolalarga undan boshqa asarni tavsiya qilmay qo‘ydik. Kitob rastalarida ham, turli tadbir va tanlovlarda ham asosan “Sariq devni minib” asariga e’tibor qaratildi, filmlari ishlandi. Istalgan bolaning qo‘lidan tutib kimni o‘qigansan deb so‘rang, “Xudoyberdi To‘xtaboyevning “Sariq devni minib” asarini” deb javob beradi. Garchi o‘qimagan bo‘lsa ham shu asarni yaxshi taniydi-da… O‘ylayman, nega shunday bo‘ldi?

Menimcha, bariga kommunistik mafkura va uning g‘oyaviy targ‘ibotchisi sotsialistik realizm metodi sababchi. Kommunizm fantastikani xushlamagan. Unga kommunizmning shonli istiqbolidan chalg‘ituvchi, o‘quvchini xayolparast qilib qo‘yuvchi janr sifatida qaralgan. Shu sababli o‘z vaqtida Hojiakbar Shayxov, Tohir Malik, Mahkam Mahmudovning asarlari sho‘ro adabiyotshunosligi tomonidan qattiq tanqid qilingan, asarlar keng targ‘ib qilinishiga imkon berilmagan. Shunday qilib, fantastik kitoblar odamlarda ijtimoiy, badiiy ahamiyati past asarlar sifatida taassurot qoldirgan. Afsuski, mazkur hol mustaqillikdan keyin ham davom etdi. Sho‘rolar davrida suyagi qotgan aksar adabiyotshunoslar, ziyolilar fantastikani pisand qilmadilar. Bunga shaxsan o‘zim ko‘p bor duch keldim. Nima emish, fantastika badiiy asar emasmish, u o‘quvchiga estetik zavq bermasmish...

O‘rni kelganda eslab o‘tish zarur, o‘tgan asrning 70–80 yillarida Xitoy kommunistik partiyasi ham fantastika bolalarning dunyoqarashiga salbiy ta’sir qiladi, ularni real hayotdan uzoqlashtiradi degan vaj bilan bu janrdagi asarlarni muayyan darajada cheklashga uringan. Ammo yillar o‘tib bu tadbir bolalardagi ilm-fanga bo‘lgan ishtiyoq so‘nishiga, ulardagi ixtirochilik qobiliyatlarini rivojlanmay qolishiga sabab bo‘layotgani ma’lum bo‘ladi. Shundan so‘ng Xitoy hukumati fantastik asarlar yozish, bu yo‘nalishda ijod qiluvchilarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yirik dasturlar ishlab chiqadi. Bu ijobiy ta’sir qilib, Xitoyning bugungi taraqqiyotiga muayyan darajada hissa qo‘shadi. Hozirda bessellerga aylangan fantastik asarlarning ko‘pi xitoylik yozuvchilar qalamiga mansub.

Nafaqat fantastika, balki fentezi, komiks, rasmli kitob kabi zamonaviy janrlarga ehtiyoj kuchli. Sababi hozirgi bolalar deyarli ertak o‘qimaydi, ular boshqa dunyoda yashaydilar. Zamonaviy janrlarni o‘qigan avloddan muhandislar, fizik, kimyogar va biologlar yetishib chiqadi. Shu sababli bu yo‘nalishga hukumat darajasida e’tibor qilinishi, sohani rivojlantirish uchun davlat loyihalari e’lon qilinishi kerak deb hisoblayman. Bunda turli yosh toifasi uchun xorijiy fantastik asarlarni tarjima qilish, milliy yosh fantast yozuvchilarni rag‘batlantirish, maktab dasturlarida albatta fantastik asarlarni majburiy o‘qiladigan asarlar ro‘yxatiga kiritish, yangi adabiy maktablarni shakllantirish zarur.     

Bolalar adabiyoti bozori

Talab va taklif bozori bir qarashda adolatli ko‘ringani bilan o‘ta shafqatsiz. Ya’ni talab bo‘lmasa, ming urinmang biror sohani rivojlantira olmaysiz. Afsuski, bizda bolalar adabiyotining bozori mavjud emas. Katta talab ham, yaxshi taklif ham yo‘qligi sabab ijod rivojlanmaydi. Shunday ekan, davlat miqyosida ana shu bozorni shakllantirishga urinishimiz lozim.

Bunga qanday erishish mumkin? 

Avvalo, iste’molchilarni ko‘paytirish bilan. Ya’ni bolalar kitobxonligi muhim ekanini anglaydigan jamiyatni tarbiyalash orqali ommani kitob sotib olishga o‘rgatish mumkin. Buning uchun yuqorida sanab o‘tgan muammolarimizga birma-bir yechim topish kerak bo‘ladi.

Masalan, men hozir faoliyat yuritayotgan “Mutolaa” loyihasining bosh maqsadlaridan biri yurtimizda kitob va kitobxonlik bozorini shakllantirishdan iborat. Buning uchun biz odamlarga sifatli elektron va audiokitoblar hamda qulay mutolaa jarayonini taklif qilyapmiz.

Biz “Mutolaa” da bolalar adabiyotining yorqin kelajagini yaratmoqchimiz. Birinchi qadamni biz asarlarni ilmiy-metodlarga tayangan holda yosh toifalariga ajratishdan boshladik. Biz bolalar ijodkorlarini birlashtirish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun “Mutolaa” qoshida tajriba ijod maktabini tashkil qildik. Unda nafaqat yozuvchilar balki pedagoglar, psixologlar, rassom-dizaynerlar ham birlashgan bo‘lib, bu bolalar adabiyotining ertasi uchun muhim qadam bo‘lishi aniq. Adabiyotni rivojlantirish orqali o‘zbek bolalar kitob bozorini shakllantirish bosh maqsad qilib olingan.

Lekin bular ham sohaning to‘liq oyoqqa turishi uchun bari bir kamdek. Bolalar kitobxonligi davlat taraqqiyoti uchun muhim ekanini jamiyat darajasida anglab yetmas, tom ma’noda kitobxon millatga aylanmas ekanmiz, bari behuda!

Sa’dullo Quronov

Ko‘proq yangiliklar: