O‘zbekistonda meva-sabzavot yetishtirishda Niderlandiya innovatsion yechimlari joriy etiladi

O‘zbekiston 09:07 / 19.06.2024 1090

O‘zbekistonning Benilyuks mamlakatlaridagi elchisi G‘ayrat Fozilov Amsterdamdagi GreenTech ko‘rgazmasida ishtirok etdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Tadbir Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligi, Niderlandiya korxonalari agentligi, Vestlend munitsipaliteti, Dutch Greenhouse Delta va World Horti Center markazlari tomonidan tashkil etildi. GreenTech ko‘rgazmasida 600 dan ortiq mamlakatlarning 40 ga yaqin kompaniyalari beshta katta pavilonda bog‘dorchilik sohasidagi so‘nggi yangiliklar va yechimlarni taqdim etishdi.

O‘zbekiston elchisi  ko‘rgazma doirasida Niderlandiya Qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligi bosh kotibi Yan Kis Gut bilan muloqot qildi.

Bosh kotib boshchiligidagi Niderlandiya delegatsiyasining o‘tgan yil oktyabr oyida tashrifi yakunlari, O‘zbekiston va Niderlandiya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

O‘zbekiston diplomatik  missiyasi rahbari, shuningdek, Niderlandiya qishloq xo‘jaligi, tabiat va oziq-ovqat sifati vazirligining maxsus vakili Frederik Vossenar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi.

Unda  qishloq xo‘jaligi sohasida o‘zaro manfaatli sheriklikni faollashtirish va barqaror oziq-ovqat tizimini ta’minlash, agrobiznes vakillarini ikki mamlakat ko‘rgazmalarida ishtirok etishlarini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, suvni tejaydigan va energiyani tejaydigan Niderlandiyaning zamonaviy texnologiyalarini, shuningdek, meva-sabzavot yetishtirish jarayonining butun sikli uchun innovatsion yechimlarni sohaga joriy etish masalalari xususida fikr almashildi.

Tomonlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash maqsadida  o‘zaro tashriflar almashinuvini faollashtirish to‘g‘risida kelishib oldilar.

Ko‘proq yangiliklar: