Xorazmda bozor yonib ketdi

Jamiyat 10:36 / 18.06.2024 16362

Xorazm viloyati Hazorasp tumanidagi bozorda yong‘in kelib chiqqan. Viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining xabar berishicha, hodisa bugun 2024 yil 18 iyun tunda sodir bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha, soat 2:30 da viloyat FVBga Hazorasp tumani “Bog‘dor” MFY hududida joylashgan “Hazorasp universal savdo kompleksi” AJ hududida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar tushgan.

Yong‘in-qutqaruvchilar soat 02:35 da voqea joyiga yetib borib, soat 04:04 da yong‘inni to‘liq bartaraf qilishgan. Yong‘in oqibatida 300 metr kvadrat maydonda aralash turdagi mollar savdo do‘konlari yonib zararlangan.

Yong‘in-qutqaruvchilarning sa’y-harakatlari natijasida yong‘in maydonini boshqa do‘konlarga o‘tib, kengayishi va savdo kompleksi hududining 4 200 metr kvadrat maydoni saqlab qolingan. 

Qayd etilishicha, hodisada hech kim tan jarohati olmagan va halok bo‘lmagan. Hozirda yong‘inning yuzaga kelish sababi hamda moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

O‘zbekistondagi bozorlarda tez-tez yong‘in sodir bo‘lib turadi. Bunga asosan elektr tarmoqlarining palapartish va o‘zboshimchalik bilan tortilishi sabab bo‘ladi.

Bozorlardagi yong‘inda ko‘plab savdo do‘konlarining yonib ketishiga esa yo‘laklarning egallab olinishi va o‘t o‘chirish mashinalarining erkin harakatlana olmasligi sabab bo‘ladi.

Avvalroq, Toshkent shahrida joylashgan Sergeli mashina bozorida, Andijon buyum bozorida, Baliqchi tumanidagi kiyim bozorida yong‘inlar sodir bo‘lgandi.

Shuningdek, Namangandagi Chortoq dehqon bozorida yong‘in sodir bo‘lgani, Buxorodagi savdo majmuasida esa 23 ta do‘kon yonib ketgani, iyul oyida Xiva buyum bozorida yong‘in chiqqani, Qo‘qondagi ulgurji bozorda yirik yong‘in yuz bergani haqida xabar berilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: