Rossiyada hibsga olingan Amerika fuqarolari, jumladan The Wall Street Journal (WSJ) jurnalisti Evan Gershkovich va josuslikda ayblanib sudlangan sobiq harbiy Pol Uilan Sloveniyada fosh etilgan rossiyalik josuslarni almashish bo‘yicha Moskva bilan kelishuv bir qismi bo‘lishi mumkin. Bu haqda 17 iyun, dushanba kuni o‘zining xabardor manbalariga tayanib, WSJ yozmoqda.
Nashrning yozishicha, gap Boshqirdiston va Nijniy Novgorodda tug‘ilgan, o‘zlarini Argentina fuqarolari sifatida tanishtirgan va 2022 yil oxirida Lyublyanada qo‘lga olingan Artem va Anna Dulsevalar haqida ketmoqda. WSJ qayd etishicha, ular psevdoargentinaliklar va Interpol ixtiyorida bo‘lgan Dulsevlarning barmoq izlarini solishtirish orqali aniqlangan.
Kreml «argentinaliklarni» Sloveniyadan qaytarishga tayyorligini ma’lum qildi
Hibsdan ko‘p o‘tmay, Rossiya Sloveniya rasmiylari bilan aloqa o‘rnatdi va er-xotin «SVR» uchun ishlaganini tan oldi hamda Rossiya prezidenti Vladimir Putinning uzoq yillik yaqin ittifoqchisi, Rossiya Xavfsizlik kengashining sobiq kotibi Nikolay Patrushev boshchiligidagi muzokaralar davomida Kreml ularni qaytarishga qiziqish bildirgan, deb yozadi AQSh gazetasi.
Sloveniyalik va amerikalik yuqori martabali amaldorlardan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, «Mayyer Munos» va «Gish» nomli onlayn san’at galereyasi va IT-startapini boshqargan nolegallar 18 oydan ortiq vaqtdan beri Sloveniya qamoqxonasida saqlanmoqda, ularning ikki nafar bolasi oilalardan biriga berib yuborilgan. Rossiya agentlariga qarshi sud mahkamasi yopiq eshiklar ortida o‘tmoqda, birinchi qaror yaqin haftalarda chiqishi kutilmoqda.
Kreml ham, «SVR» ham WSJ jurnalistlarining izoh berish haqidagi so‘rovlariga javob qaytarmadi.
Sloveniya qonunchiligida ayg‘oqchilik uchun ko‘zda tutilgan maksimal qamoq muddati sakkiz yilni tashkil etadi va yaxshi xulq-atvor uchun er-xotin to‘rt yildan keyin ozod qilinishi mumkin, deb ta’kidlaydi The Wall Street Journal.