Ukrainadagi urushni tugatish rejalari muhokama qilinadigan navbatdagi tinchlik sammitlarida Rossiya ishtirok etishi uchun shart - Moskvaning BMT nizomiga sodiqligi bo‘ladi. Bu haqda Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Shveytsariyaning Byurgenshtok shahrida Ukraina bo‘yicha xalqaro konferensiya yakunlangan kun – 16 iyun, yakshanba kuni ma’lum qildi.
Dam olish kunlari Shveytsariyada bo‘lib o‘tgan sammit Ukrainani tinchlikka yaqinlashtirdi, ammo unga boradigan yo‘lni «bir qadamda amalga oshirib bo‘lmaydi», deya YeK rahbaridan iqtibos keltiradi Reuters.
«Bu tinchlik muzokaralari emas edi, chunki Rossiya urushni tugatishga jiddiy yondashmayapti, u Ukraina taslim bo‘lishini talab qilmoqda, hattoki bugungi kunda egallab olinmagan hududni ham berishni talab etmoqda», - deya ta’kidladi fon der Lyayyen.
Yangi tinchlik sammitini o‘tkazish rejalari
Shu kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy yakuniy matbuot anjumanida navbatdagi tinchlik sammiti ko‘p vaqt o‘tmay bo‘lib o‘tishiga va’da berdi. Ukraina rahbarining so‘zlariga ko‘ra, u bir necha oy ichida amalga oshishi mumkin. Uning qo‘shimcha qilishicha, agar Rossiya o‘z qo‘shinlarini Ukrainaning butun hududidan olib chiqsa, Kiyev «ertasigayoq» Moskva bilan tinchlik muzokaralarini boshlashga tayyor.
Volodimir Zelenskiy shuningdek, turli qit’alarda: Afrika, Lotin Amerikasi, Yevropa va Osiyoda tinchlik bo‘yicha sammitlarni o‘tkazishni muhim deb bilishini ham ta’kidladi. 16 iyun kuni navbatdagi tinchlik sammitining aniq sanasi va joyi e’lon qilinmadi.
Keyingi tinchlik sammitiga kim mezbonlik qiladi?
O‘z navbatida, Shveytsariya prezidenti Viola Amherd, agar uning mamlakati keyingi tinchlik konferensiyalarini o‘tkazish istagi paydo bo‘lsa, mezbonlik qilishga tayyorligini ta’kidladi. Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassisning aniqlik kiritishicha, eng yaqin konferensiya joriy yil noyabriga rejalashtirilgan AQSh prezidentligi saylovlari oldidan bo‘lib o‘tishi mumkin. Dpa agentligi ma’lumotiga ko‘ra, yana bir qancha davlatlar navbatdagi tinchlik sammitini o‘tkazishga tayyorligini bildirgan.
Byurgenshtok sammiti ishtirokchilari tomonidan e’lon qilingan kommyunikeda tinchlikka erishish uchun barcha tomonlarning muloqotda ishtirok etishi zarurligi qayd etilgan. Hujjatning boshqa tezislari yadroviy va oziq-ovqat xavfsizligi, shuningdek, ukrainalik bolalar va boshqa ko‘chirilganlarning vatanlariga qaytishi bilan bog‘liq. Boshqa narsalar qatorida, sammitning yakuniy bayonotida Zaporijjya atom elektr stansiyasini Kiyev nazoratiga qaytarish, harbiy asirlarni to‘liq almashish va Ukrainaga qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini uchinchi davlatlarga erkin yetkazib berish imkoniyatini kafolatlash zarurligi haqida so‘z boradi.
Dpa ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlik sammitining navbatdagi mezboni bo‘lish ehtimoli eng yuqori bo‘lgan Saudiya Arabistoni bu kommyunikega o‘z imzosini qo‘ymagan.