Rossiya Federatsiyasida «josuslikda» ayblangan The Wall Street Journal (WSJ) muxbiri Evan Gershkovich ishi bo‘yicha Rossiyada sud jarayoni iyun oyi oxirida boshlanadi. Sverdlovsk viloyat sudi uning ishi bo‘yicha birinchi sud majlisini 26 iyunga belgiladi. Sud jarayoni yopiq eshiklar ortida o‘tkaziladi, deb xabar berdi sud matbuot xizmati. Ishni sudya Andrey Mineyev ko‘rib chiqadi.
«Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, The Wall Street Journal gazetasining amerikalik jurnalisti Gershkovich Markaziy razvedka boshqarmasi ko‘rsatmasi bilan 2023 yil mart oyida Sverdlovsk viloyatida ishlab chiqarish va ta’mirlash bo‘yicha «NPK Uralvagonzavod» AJ mudofaa korxonasi faoliyati haqida maxfiy ma’lumotlarni to‘plagan», - deyiladi sud matbuot xizmati xabarida.
Evan Gershkovich aybini tan olmayapti. AQSh Davlat departamenti vakili Metyu Miller o‘tgan hafta Gershkovichga qo‘yilgan ayblovlar ishonchli emasligini aytdi va jurnalistni zudlik bilan ozod qilishni talab qildi. WSJ bosh muharriri Emma Taker Gershkovich ishi bo‘yicha tayyorlanayotgan sud jarayonini «namoyishkorana holat» deb atadi.
Evan Gershkovichning hibsga olinishi
The Wall Street Journal muxbiri Evan Gershkovich 2023 yilning 29 martida Yekaterinburgda qo‘lga olingan va keyinchalik josuslikda ayblangan. Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, jurnalist «Amerika tomonining ko‘rsatmalariga binoan Rossiya harbiy-sanoat kompleksi korxonalaridan biri faoliyati to‘g‘risida davlat sirini tashkil etuvchi ma’lumotlarni to‘plagan». Gershkovichning o‘zi ham, nashr ham ayblovlarni rad etadi. Oq uy ularni «bema’ni» deb atadi.
G‘arbning yirik ommaviy axborot vositalari va mustaqil Rossiya nashrlari The Wall Street Journal jurnalistini ozod qilishni bir necha bor talab etgan. AQSh prezidenti Jo Bayden ham jurnalistning qaytishi masalasi ustida ishlashni davom ettirishga va’da berdi.
Gershkovichni ehtimoliy almashtirilishi
Joriy yilning fevral oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyuda amerikalik jurnalist Taker Karlson unga Gershkovichni «yaxshi niyat belgisi sifatida» ozod qilishni taklif etdi, shunda Karlson uni Qo‘shma Shtatlarga olib ketishi mumkin bo‘lardi. Bunga javoban Putinning aytishicha, Rossiya shunchalik ko‘p xayrixohlik ko‘rsatganki, u «barcha limitni tugatganga o‘xshaydi». Shunga qaramay, Putin Gershkovichni almashish variantini rad etmadi.
The Wall Street Journal 2023 yil sentabrida Putin Rossiya maxsus xizmatlari xodimi ekani aytilayotgan Vadim Krasikovni ozod qilishga shaxsan buyruq berganini yozgan edi. Krasikov Germaniyada chechen bo‘lginchilarining sobiq dala qo‘mondoni Zelimxon Xanqoshvilini o‘ldirganlikda ayblanib, umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.