ICAN: Yadroviy barqudrat davlatlar yadro quroliga 91 mlrd dollar sarfladi

Jahon 13:37 / 17.06.2024 5477

Yadroviy barqudrat davlatlar so‘nggi besh yil ichida o‘z arsenallarini modernizatsiya qilgan holda yadroviy qurolga sarflanadigan xarajatlarni uchdan bir qismga oshirdi, deb xabar bermoqda Yadro qurollarini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICAN) dushanba kuni e’lon qilingan yangi hisobotida. Ushbu tadqiqotda keltirilgan raqamlar Stokholm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) tomonidan ilgari e’lon qilingan hisobotda keltirilgan xulosalarni tasdiqladi.

ICAN ma’lumotlariga ko‘ra, to‘qqizta yadroviy barqudrat davlat - AQSh, Xitoy, Hindiston, Rossiya, Fransiya, Britaniya, Isroil, Pokiston va Shimoliy Koreya o‘tgan yili yadro arsenallariga 91 milliard dollar sarflagan, bu mablag‘ning yarmidan ko‘pi - 51,5 milliard dollar AQSh hissasiga to‘g‘ri keladi. Ikkinchi o‘rinda katta farq bilan Xitoy (11,8 milliard dollar) joylashgan. Uchinchi o‘rinda Rossiya (8,3 milliard). 

Birgina 2023 yilda yadro quroliga sarflangan xarajatlar butun dunyo bo‘ylab 10,8 milliard dollarga oshdi va bu mablag‘ning asosiy ulushi – 80 foiz - AQSh hissasiga to‘g‘ri keldi. Britaniyada yadro quroliga sarflangan xarajatlar ketma-ket ikkinchi yil (+17 foiz) ortdi va o‘tgan yili 8,1 milliard dollarni tashkil etdi. Fransiya, Hindiston, Isroil, Pokiston va Shimoliy Koreyadagi xarajatlar ICAN birinchi hisobotini taqdim etgan 2018 yildagi 68,2 milliard dollardan 33 foizdan ko‘proqqa oshdi.

Yadro arsenallari uchun katta xarajatlar 

ICAN hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘shandan beri yadroviy barqudrat davlatlar yadro arsenallariga jami 387 milliard dollar sarflagan. Tashkilot rahbari Melissa Park «yadro quroliga milliardlab dollarlar sarflanayotganini, bu davlat mablag‘larining yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan isrofgarchiligi» ekanini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, bu mablag‘, BMTning Jahon oziq-ovqat dasturiga ko‘ra, butun dunyo bo‘ylab ocharchilikni tugatish uchun yetarli bo‘ladi. 

«Yadroviy qurolga sarflangan har bir daqiqa uchun bir million daraxt ekish mumkin», deya qo‘shimcha qildi u va yadroviy qurolga sarflangan mablag‘lar juda ko‘p ekanligini, pullar yadroviy tiyib turish doktrinasiga ko‘ra hech qachon qo‘llanmaydigan qurollarga sarflanishini ta’kidladi. «Bu sarmoyalar nafaqat isrofgarchilik, balki o‘ta xavfli hamdir. Agar yadroviy qo‘rqitish pozitsiyasi ishlamasa nima bo‘ladi?» - dedi Melissa Park.

Yadro qurollarini bekor qilish bo‘yicha xalqaro kampaniya (ICAN) 2021 yilda kuchga kirgan Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomani ishlab chiqishdagi muhim roli uchun 2017 yilgi tinchlik uchun Nobel mukofoti bilan taqdirlandi. ICAN hisoboti hammuallifi Alisha Sanders-Zakre «to‘qqizta yadroviy barqudrat davlat Armageddonga sarmoya kiritish o‘rniga, dunyoning deyarli yarmini tashkil qiluvchi davlatlardan o‘rnak olishi va ushbu shartnomaga qo‘shilishi, shu orqali global xavfsizlikka haqiqiy hissa qo‘shishi kerak», dedi. 

Ko‘proq yangiliklar: