FT: Rossiya mayda Yevropaga gaz yetkazib berish bo‘yicha AQShni ortda qoldirdi

Jahon 13:59 / 17.06.2024 9927

Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi urush sharoitida Rossiya energetikasiga qaramlikni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlariga qaramay, Yevropada Rossiyadan gaz importi may oyida deyarli ikki yil ichida birinchi marta AQSh yetkazib berish ko‘rsatkichidan oshib ketdi. Bu haqda Financial Times gazetasi 16 iyun, yakshanba kuni yozmoqda.

«Rossiya gazi Yevropa bozoridagi ulushi biz boshdan kechirgan barcha ishlar va Rossiya Federatsiyasidan gaz sotib olishdan uzoqlashish uchun qilingan barcha sa’y-harakatlardan keyin ham qanday o‘sib borayotganini ko‘rish hayratlanarli», - deya FT ICIS konsalting kompaniyasining gaz tahlili bo‘limi rahbari Tom Marsek-Manserdan iqtibos keltiradi. 

2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga keng miqyosli hujumi va Moskva Yevropaga quvur orqali gaz yetkazib berishni qisqartirganidan so‘ng, mintaqa STGga tayanish boshladi. Mualliflarning eslatishicha, AQSh uning asosiy yetkazib beruvchisiga aylandi. 

FT ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil sentabr oyida Qo‘shma Shtatlar Yevropaga gaz yetkazib berish bo‘yicha Rossiyadan o‘zib ketdi. 2023 yildan beri Amerika Yevropadagi barcha xaridlarning beshdan bir qismini gaz bilan ta’minlab kelayotgandi.

Rossiya va AQSh Yevropaga qancha gaz yetkazib beradi? 

Shu bilan birga, ICIS statistik ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil may oyida Rossiyadan quvur orqali gaz, shuningdek, suyultirilgan tabiiy gaz Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Britaniya, Shveytsariya, Serbiya, Bosniya va Hersegovina hamda Makedoniya Shimoliy Respublikasiga yetkazib beriladigan umumiy gazning 15 foizini tashkil etdi. Shu bilan birga, may oyida AQShdan xuddi shu mamlakatlarga STG yetkazib berish darajasi 14 foizni tashkil etdi. 

«May oyidagi ta’minotga turli omillar, jumladan, AQShda yirik STG eksport obektidagi avariya ta’sir ko‘rsatdi, Rossiya esa iyun oyida rejalashtirilgan ta’mirlash ishlari oldidan Turkiya orqali ko‘proq gaz o‘tkazmoqda», deb tushuntiradi nashr. 

FT ma’lumotlariga ko‘ra, Yevropada gazga bo‘lgan talab nisbatan zaifligicha qolmoqda va omborxonalardagi zaxiralar hajmi yilning shu davri uchun rekord darajada yuqori.

Biroq, hozirgi vaziyat uzoqqa cho‘zilmaydi, deb hisoblaydi Marsek-Manser. Sababi yozda Rossiya Shimoliy dengiz yo‘li orqali Osiyoga STG yetkazib berishni boshlashi mumkin va bu Yevropaga yetkazib berish hajmining qisqarishiga olib keladi. Boshqa tomondan, AQShning STG ishlab chiqarish darajasi yana oshishi kutilmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: