Shveytsariyada qanday bayonotlar yangradi? - tinchlik sammitidan iqtiboslar

Jahon 17:46 / 16.06.2024 19151

15-16 iyun kunlarida Shveytsariyaning Byurgenshtok kurort shahrida tinchlik sammiti o‘tkazilmoqda. 90 dan ortiq davlatlar o‘z vakillarini yuborishgan, aksar mamlakatlarning davlat yetakchilari sammitda qatnashishdi. Xo‘sh, sammitda qanday bayonotlar berildi?

Volodimir Zelenskiy, Ukraina prezidenti:

«Hozir bu yerda Rossiya yo‘q. Nega? Agar Rossiya tinchlikdan manfaatdor bo‘lganida, bu urush ham bo‘lmas edi. Biz birgalikda jahon uchun adolatli tinchlik nima ekani va unga uzoq muddatli erishish uchun nimalar qilinishi lozimligini aniqlashtirib olishimiz kerak. BMT Nizomi biz uchun asosdir. Harakatlar rejasi stolimizda bo‘lganidan so‘ng, barcha tasdiqlagach va barcha xalqlar uchun tushunarli bo‘lgach, u Rossiya vakillariga ham beriladi. Ikkinchi sammitda biz urushning chindan ham tugaganini qayd etishimiz uchun. 

Biz eng halokatli narsalardan biridan qocha oldik — dunyoning bir biriga qarama-qarshi bloklarga bo‘linishidan. Bu yerda Lotin Amerikasi, Afrika, Yaqin Sharq, Tinch okeani mintaqasi, Shimoliy Amerikadan vakillar bor, diniy yetakchilar kelgan — 101 ishtirokchi. Hech kim boshqa uchun qaror qabul qilish imtiyoziga ega emas. Bu haqiqiy ko‘pqutblilik.

Urush g‘oyasi allaqachon mag‘lub bo‘lib bo‘ldi. Putin ultimatumlar tilidan adolatli tinchlikni istayotgan jahondagi ko‘pchilik tiliga o‘tishi kerak».

Ursula fon der Lyayyen, Yevrokomissiya raisi:

«Rossiya-Ukraina urushini muzlatib qo‘yish yechim emas. Bu kelgusidagi agressiv urushlar uchun tayyor retsept bo‘ladi. Biz Ukraina uchun umumqamrovli, adolatli va barqaror tinchlikni ta’minlashimiz kerak. Bu tinchlik shartlari Ukraina suverenitetini va hududiy yaxlitligini tiklaydi».

Jozep Borrel, Yevropa Ittifoqining xalqaro siyosat va xavfsizlik bo‘yicha oliy vakili:

«Ukrainaga davomli agressiyasi bilan Rossiya tinchlik uchun chindan ham manfaatdor ekanini namoyish etmayapti. Putinning qabul qilib bo‘lmas talablari Rossiya qayta qurollanayotgan va uzoq davom etuvchi urushga tayyorlanayotgan bir paytda bosqinni legitimlashtirish va tinchlik sa’y-harakatlarini yo‘qqa chiqarishni maqsad qilgan».

Sharl Mishel, Yevropa kengashi raisi:

«Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi tinchlik tomonlar o‘rtasidagi muloqotni taqozo etadi, biroq bunday muloqot qachon boshlanishini Kiyev hal qiladi».

Kamala Harris, AQSh vitse-prezidenti:

«Prezident Jo Bayden va men Ukrainani mudom qo‘llab-quvvatlaymiz, Rossiyaga sanksiyalar joriy etamiz va BMT Nizomi prinsiplari va Ukraina xalqi irodasi nomidan harakat qilamiz. Kecha Putin Rossiya-Ukraina mojarosini hal qilish bo‘yicha o‘z takliflarini ilgari surdi, biroq u muzokaralar haqida so‘z ochgani yo‘q, u Ukrainaning taslim bo‘lishi haqida gapirdi».

Rishi Sunak, Buyuk Britaniya bosh vaziri:

«Putin adolatli tinchlikdan manfaatdor emas. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili yaqinda Ukraina bo‘yicha uchrashuvning yagona mavzusi «Kiyev rejimining taslim bo‘lishi», deb atadi. Bu hech qachon ro‘y bermaydi, chunki tajovuzkorlik g‘alaba qozona olmaydi».

Emmanuel Makron, Fransiya prezidenti:

«Biz barchamiz mustahkam tinchlik o‘rnatilishiga xayrixohmiz. Ko‘pchilik ta’kidlaganidek, bu tinchlik Ukrainaning taslim bo‘lganini anglatmasligi kerak, shu sababli biz agressorga qarshi kurashishi uchun Ukrainaga yordam berishda davom etamiz. Chunki agressor bor, qurbon bor. Birortamiz Rossiyaga qarshi urushmayotganimiz faktini ham takrorlashim lozim. Biz barchamiz xalqaro huquqqa asoslangan mustahkam tinchlik tomon intilmoqdamiz».

Fumio Kishida, Yaponiya bosh vaziri:

«Biz Ukrainadagi tinchlik haqida gaplashmoqdamiz. Biz bu yerga bir maqsad ostida to‘planganmiz. Bu tinchlik adolatli va umrbod bo‘lishi kerak. Rossiya Ukrainaga ikki yil avval agressiya boshlagach, Yaponiya qat’iy sanksiyalar va Ukrainani kuchli qo‘llab-quvvatlash yo‘lini tutdi. Chunki Rossiya Ukrainada o‘z maqsadiga erishsa, keyin Sharqiy Osiyo davlatlariga hujum qilishi mumkin».

Italiya bosh vaziri Jorja Meloni:

«Janob Zelenskiy, Italiyaga keling, biz Ukrainaga yangi qurol-yarog‘lar paketini taqdim etishga tayyormiz».

Olaf Shols, Germaniya kansleri:

«Ukrainada chinakam tinchlikka Rossiyasiz erishib bo‘lmaydi. Biz bu haqida hozir gaplashar ekanmiz, Rossiya qonli urushni davom ettirish bilan band. Rossiya bugunoq, o‘zi istagan vaqtda qo‘shinlarini olib chiqib keta olishini bilamiz. Urushni to‘xtatish kamlik qiladi, mojaroni muzlatib, agressiyaning davom etish xavfini saqlab qolish yaramaydi».

Pedro Sanches, Ispaniya bosh vaziri:

«Ispaniya kelgusida ham Ukrainani qancha kerak bo‘lsa, shuncha qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Bu mojaroda bir jihat kundek ravshan —bu agressiya. Agressor bor — bu Putin va qurbon bor — bu Ukraina xalqi».

Anjyey Duda, Polsha prezidenti:

«Rossiya mustamlakachilikdan voz kechish yo‘lini hamon o‘tamagan, o‘z tarixining iblislarini yenga olmagan mustamlaka imperiyasi bo‘lib qolmoqda».

Karl Nehammer, Avstriya kansleri:

«Real tinchlik jarayoniga erishish uchun imkon qadar ko‘proq davlatlar Moskvaga bosim o‘tkzaishi kerak. G‘arb bu ishni bir o‘zi bajara olmaydi».

Andrey Plenkovich, Xorvatiya bosh vaziri:

«Dunyo turlicha bo‘lishi mumkin. Xorvatiya qurbon taslim bo‘lmaydigan va agressorga o‘z hududini berib qo‘ymaydigan dunyo tarafda turadi».

Salome Zurabishvili, Gurjiston prezidenti:

«Buchagacha Abxaziya ro‘y bergandi, Ukrainaga qarshi ochilgan urushgacha Gurjistonda urush bo‘lgan edi. Ukraina butun Yevropaning xavfsizligi, hattoki undan ham ortiq narsa uchun kurashmoqda».

Mayya Sandu, Moldova prezidenti:

«Tinchlik — bu chegaralar hurmat qilinishi va har bir xalq o‘z taqdirini o‘zi mustaqil hal qilishidir. Ukrainadagi tinchlik Moldovadagi tinchlik hamdir. Bu hammamiz uchun tinchlik, degani».

Kaya Kallas, Estoniya bosh vaziri:

«Rossiya — mustamlakachi qudratli davlat. Yarim asr, qariyb 1990 yilgacha Estoniya ham Rossiya mustamlakachi tizimining bir qismi edi».

Aleksandr Stubb, Finlandiya prezidenti:

«Ikkinchi jahon urushi chog‘ida Rossiya Finlandiyaga hujum qilgan. Biz o‘shanda hududimizning 10 foizidan ayrilganmiz. Mening bobom tug‘ilgan hudud Rossiyaga o‘tib ketgan».

Xoqon Fidan, Turkiya tashqi ishlar vaziri:

«Ikkinchi tomon — Rossiyaning ushbu zalda bo‘lishi bilan sammitning natijadorligini ta’minlay olgan bo‘lishimiz mumkinligini tushunishimiz muhim. Diplomatik qadamlarni nazarda tutuvchi bir bir butun inklyuziv strategiya ishlab chiqilishi ham muhim jihat».

Faysal ibn Farhon Ol Saud, Saudiya Arabistoni tashqi ishlar vaziri:

«Ukrainadagi urush bo‘yicha har qanday jiddiy muzokara jarayonlari Rossiyaning ishtirokini taqozo etadi».

Ko‘proq yangiliklar: