Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 14-paketi bo‘yicha Germaniyani Yevropa kompaniyalarining jazo choralarini buzgani uchun javobgarligi to‘g‘risidagi band qanoatlantirmagani bois kelisha olmadi. Bu haqda 14 iyun, juma kuni yevropalik diplomatlarga tayanib, Reuters agentligi xabar berdi. Rossiyaga qarshi jazo choralarining navbatdagi muhokamasi 19 iyunga belgilangan.
Yevropa Ittifoqi 27 davlatining rasmiy vakillari bir oydan ortiq vaqt davomida Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi sanksiyalar paketini muhokama qilishdi. U, xususan, Rossiyaning suyultirilgan tabiiy gazini (STG) qayta yuklashni taqiqlash va Yevropa Ittifoqi operatorlarini uchinchi mamlakatlardagi shu’ba korxonalari hamda hamkorlari tomonidan sanksiyalarni buzgani uchun javobgarlikka tortish rejasini o‘z ichiga oladi, deya qayd etadi Reuters.
Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi harbiy mojaroni hal qilish bo‘yicha tinchlik sammiti boshlanishidan oldin Rossiya Federatsiyasiga qarshi 14-sanksiya paketi ma’qullanganini e’lon qilishi kutilgan edi. Biroq, Reuters manbalariga ko‘ra, Germaniya nemis sanoatiga potensial ta’siri tufayli subsidiar javobgarlik bandiga e’tiroz bildirgan.
Dpa manbasi: Germaniya - «yangi Vengriya»
Germaniya hukumati YeIning Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi bo‘yicha muzokaralarini kechiktirmoqda, u G7 sammiti boshlanishiga qadar tasdiqlanishi kerak edi. Bu haqda 13 iyun kuni mustaqil ravishda dpa va AFP agentliklari Bryusseldagi diplomatlarga tayanib xabar berdi. Yangi paket Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumi uchun joriy qilingan mavjud cheklovlarni chetlab o‘tishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida ishlab chiqilgan.
Xususan, Germaniya ayrim tovarlarga nisbatan sanksiyalar buzilgan taqdirda shu’ba korxonalarni javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi bandni cheklash yoki hatto yo‘q qilishga chaqirmoqda, chunki aks holda «nemis kompaniyalari javobgarlikka tortilishi mumkin», deya ta’kidlaydi dpa.