Sir tutiladigan axborot himoyasiga oid qonunchilikni buzganlik uchun jinoiy javobgarlik kiritiladi

O‘zbekiston 09:59 / 15.06.2024 1334

Jinoyat kodeksiga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga sir tutiladigan axborotlarni himoyalashga oid qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi e’lon qilindi.

Jinoyat kodeksining 191-moddasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

191-modda. Tijorat, bank, soliq yoki sug‘urta siri hisoblangan axborotni noqonuniy to‘plash, undan foydalanish yoki oshkor qilish

Tijorat, bank, soliq yoki sug‘urta siri hisoblangan axborotni yoki boshqa shu kabi qonun bilan qo‘riqlanadigan axborotni egasi bo‘lgan jismoniy yoki yuridik shaxsning yoxud vakolatli organning roziligisiz noqonuniy foydalanish yoki oshkor qilish maqsadida har qanday usulda olish, to‘plash yoxud oshkor qilish — bazaviy hisoblash miqdorining yuz baravaridan ikki yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoxud bir yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;

b) shaxs tomonidan o‘z xizmat mavqeyidan foydalangan holda;

v) ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;

g) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa — bazaviy hisoblash miqdorining ikki yuz ellik baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoxud bir yildan ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoki bir yildan ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan harakatlar:

a) juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda;

b) mansabdor shaxs tomonidan;

v) uyushgan guruh yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa —ikki yildan uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi”.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 46-moddasining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etiladi:

Tibbiy sirlarni, yozishma va boshqa xabarlar, notarial harakatlar sirlarini, xuddi shuningdek fuqaroga, uning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga ma’naviy yoxud moddiy zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan boshqa ma’lumotlarni oshkor etish, basharti ushbu Kodeksning 461-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlik alomatlari mavjud bo‘lmasa”.

Ko‘proq yangiliklar: