Shveytsariyada tinchlik sammiti boshlandi. Bu urush tugashiga yordam beradimi?

Jahon 22:50 / 15.06.2024 17766

Tashkilotchi – Zelenskiy

OAVda bu sammit faol muhokama qilinmoqda. Uning tashkilotchisi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bo‘lib, sammitga Rossiya va uning bir nechta ittifoqchisidan tashqari hamma taklif qilingan. Tadbir tanqidchilari undan qandaydir natija kutib bo‘lmaydi deb hisoblamoqda. Axir sammit boshlanishi arafasida ham unda aynan nima muhokama qilinishi ko‘pchilikka ma’lum emasdi. Zelenskiy esa bu sammitni o‘tkazishning o‘zini katta g‘alaba deb hisoblamoqda.

Mezbon Shveytsariya hukumatiga ko‘ra, sammitni urushni tugatish jarayonining boshlanishi deb bo‘lmaydi, ammo uni tinchlik yo‘lidagi ilk katta qadam deyish mumkin.

Bayden, Putin va Si qatnashmaydi

Ushbu tinchlik sammiti g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani haqida ikki og‘iz. Ukrainada 2022 yil oxirida, Xerson ozod qilingani va muvaffaqiyatli yurishlardan ilhomlanib, shunday tinchlik sammiti haqida gapira boshlashdi. O‘shanda bu yig‘ilishni tashkil qilish uchun Ukraina prezident ma’muriyati rahbari Ondriy Yermak tayinlandi. Avvaliga Ukraina tinchlik bo‘yicha o‘z formulasini targ‘ib qilib, dunyo davlatlarining qo‘lloviga ega bo‘lishga intildi. Bundan maqsad katta ehtimol «Mana, bizni ko‘pchilik qo‘llayapti» deb o‘z tinchlik rejasini Moskvaga ko‘rsatish bo‘lgan.

Agar bugun boshlangan sammit o‘sha vaqtda o‘tkazilganda vaziyat boshqacharoq bo‘lardi. Chunki u vaqtda ustunlik Ukraina tomonda, G‘arbning Kiyevni qo‘llovi ham kuchliroq edi. Hozir esa vaziyat boshqacha. Rossiya frontda vaziyatni o‘z tomoniga og‘dirgan, Xarkivda muvaffaqiyatsiz bo‘lsa-da, yangi yurishlarni boshlagan. Bir so‘z bilan aytganda, hozir «to‘p Rossiya tomonda».

G‘arb esa Ukrainaga yordamni kamaytirgan. To‘g‘ri, yangi yordamlar taklif qilinmoqda, lekin amalda ko‘p narsa to‘xtab qolgan. Bu uchun hatto AQSh prezidenti Bayden Ukraina yetakchisi Zelenskiydan kechirim so‘radi ham. Bu orada Rossiya Xitoy bilan yanada yaqinlashib oldi, Putin chinliklarni tinchlik sammitiga bormaslikka ko‘ndirdi.

Bundan tashqari, orada Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanib, ko‘pchilikning e’tibori Yaqin Sharqqa qaratildi. O‘sha urush fonida Zelenskiy Isroilni qo‘llashini aytib chiqqach esa aksar musulmon olami va ayniqsa arab davlatlarining Ukrainaga nisbatan munosabati keskin o‘zgardi. Keyinchalik Zelenskiy bu ritorikasini takrorlamadi, arab davlatlariga borib uchrashuvlar o‘tkazdi, ammo baribir urush boshidagi munosabatlarni tiklash endi imkonsiz. Yuqoridagi omillar tinchlik sammitining darajasini sezilarli pasaytirdi deyish mumkin.

Yana bir tushunarsiz tomoni – oxirgi lahzagacha sammitda nechta davlat vakillari qatnashishi aniq emasdi. Masalan, Saudiya hech kimni yubormaymiz degandi, ammo bugun tashqi ishlar vazirini Shveytsariyaga yubordi. Boshida 160 ta davlat taklif qilingani aytildi, keyin ularning soni kamaydi, keyin ko‘p davlatlar hukumat rahbarlarini emas boshqa vakillarni yuboradigan bo‘ldi. Kiyev vakillari 107 ta davlat qatnashishga rozi bo‘lganini aytdi. Sammit boshlanishi arafasida esa mezbon Shveytsariya hukumati 90 ta davlat vakillari kutilayotganini e’lon qildi.

Sammit tashkilotchilari uchun eng muhim masalalardan biri unda Xitoyning qatnashish-qatnashmasligi edi. Ammo taklif qilingan vaqtdayoq Xitoy vakillari sammitda faqat Rossiya ishtirok etgan taqdirdagina borishini aytib bo‘lgandi. Keyin Xitoy baribir o‘z vakillarini yuborishi haqida mish-mishlar tarqaldi. Ammo Putinning Xitoyga tashrifidan keyin baribir Pekin vakillari Shveytsariyadagi sammitda bo‘lmasligi oydinlashdi. Volodimir Zelenskiy Xitoy yetakchisi Si Jingpingga shaxsan videomurojaat yo‘llab, sammitga taklif qilgani ham vaziyatni o‘zgartirmadi.

Xitoy rad etgach esa Zelenskiyning ritorikasi o‘zgardi. Singapurdagi xavfsizlik forumi davomida Zelenskiy Xitoyni «Putin qo‘lidagi instrument» deb atadi. Shuningdek, Pekinni boshqa davlatlarni tinchlik sammitida qatnashmaslikka undashda aybladi. «Bu endi faqat Rossiyani emas, urushni qo‘llash. Chunki sen tinchlik sammitini qo‘llamayapsanmi, bo‘lib o‘tayotgan voqealarni normal holat deb hisoblaysan», dedi Zelenskiy Xitoy haqida.

Pekin esa o‘z manziliga aytilgan bu ayblovlarni rad etib, tinchlik sammiti yuqori saviyada o‘tishini istashi, bu uchun esa unda Rossiya tomoni ham qatnashishi kerakligini bildirdi.

Putin va Si kabi Bayden ham bormaydi

Kuni kecha Olaf Sholsga Happy Birthday qo‘shig‘ini kuylab bergan AQSh prezidenti Jo Baydan ham Shveytsariyadagi sammitda qatnashmaydi. Uning o‘rniga AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris boradigan bo‘ldi. Bayden 13-15 iyun kunlari Italiyada o‘tgan G7 davlatlari yig‘ilishida qatnashdi. Tinchlik sammiti sanasi aynan Baydenning Italiyaga safariga bog‘liq bo‘lgan. AQSh yetakchisi Bayden ukrainalik hamkasbi Zelenskiy bilan Italiyada uchrashishga ulgurdi. G7 yig‘ilishidan esa to‘g‘ri Kaliforniyaga yo‘l olib, saylovoldi tadbirlarni boshlashi ma’lum bo‘ldi.

Tashkilotchilar Baydenning sammitda qatnashmasligini fojia deb hisoblamayapti. Chunki Bayden va Zelenskiy yaqinda Fransiyada ham uchrashishgandi (aynan o‘sha uchrashuvda Bayden Zelenskiydan kechirim so‘radi), keyin Italiyada xavfsizlik borasida AQSh va Ukraina o‘rtasida yirik kelishuv imzolandi.

Sammitda 40 dan ortiq davlat rahbarlari, xususan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron, Britaniya bosh vaziri Rishi Sunak, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo, Germaniya kansleri Olaf Shols kabi dunyo yetakchilari qatnashishi belgilangan. Darvoqe, sammit boshlanishi oldidan Germaniya kansleri Zelenskiyni mamlakat uchinchi Patriot batareyalarini olishiga navbatdagi marta ishontirdi.

Nimalar muhokama qilinadi?

Ukraina sammitda uch bosqichda muhokamalar tashkil qilishni rejalashtirgan. Bular – oziq-ovqat xavfsizligi, radiatsion va yadroviy xavfsizlik, shuningdek, asirlarni, deportatsiya qilingan ukrainaliklar, bolalarni qaytarishni o‘z ichiga olgan gumanitar xavfsizlik masalalari. BBC'ning yozishicha, bu muhokamalar va ulardagi natijalar vositachi davlatlar orqali Rossiyaga yetkaziladi. Bunday tajriba bor va undan g‘alla kelishuvi doirasida foydalanilgan.

Sammitda Ukraina global qo‘llovni qo‘lga kiritishi qiyin bo‘ladi, chunki mezbon Shveytsariya ham tinchlik rejasi borasida Ukrainadan boshqacha fikrda. Masalan, Kiyev faqat o‘zi taklif qilayotgan tinchlik rejasidan boshqasini qabul qilish haqida gap bo‘lishi mumkin emas deb hisoblaydi. Lekin Shveytsariya tinchlik jarayoni Rossiyasiz bo‘lishi mantiqsiz degan qarashda. Sammitni ochib bergan mezbon davlati prezidenti Viola Amherd ham ochilish nutqida buni yana bir bor takrorladi.

«Rossiyasiz tinchlik jarayoni bo‘lishi mumkin emas. Buni aniq qilib aytishimiz kerak. Shu uchun gap Rossiya jarayonda bo‘lish-bo‘lmasligida emas, qachon bu jarayonga jalb qilinishida», degandi Shveytsariya tashqi ishlar vaziri Inyatsio Kassis dushanba kungi matbuot anjumanida.

Shveytsariya tomoni pozitsiyasiga ko‘ra, tinchlik sammitida avvalgi shunga o‘xshash uchrashuvlar vaqtida yechilmagan savollarni birinchi navbatda hal qilib olish kerak. Shundagina ikkinchi qadamni qo‘yish va Rossiyani jarayonga jalb qilish mumkin bo‘ladi.

Kiyevning variantini qabul qilishadimi?

Shveytsariyadagi sammit ko‘proq global G‘arbning Ukrainani qo‘llash borasida yakdilligini navbatdagi marta takrorlashi bilangina samarali bo‘lishi mumkin, lekin buni ular boshqa minbarlarda ham aytib bo‘lishdi. Global janub esa Ukraina tinchlik rejasini qabul qilishi qiyin masala, chunki ular Rossiya bilan munosabatlari buzilishini istashmaydi.

Bu orada OAVda Xitoy Kiyev keskin rad etgan o‘z tinchlik rejasini davlatlar bilan muhokama qila boshlagani, kerak bo‘lsa bu borada o‘z rejasiga asoslangan boshqa tinchlik sammiti o‘tkazishi mumkinligi haqida yozmoqda. Xitoy rejasini allaqachon Rossiya va Braziliya qo‘llab bo‘lgan. Xitoy tashqi ishlar vaziri Van Iga ko‘ra 50 tacha davlat Xitoyning rejasiga ijobiy munosabat bildirgan.

Shveytsariyadagi sammit bilan parallel tarzda Nijniy Novgorodda Rossiya tuzgan BRIKSga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishi o‘tkaziladi. Xitoy ham tabiiyki qatnashadigan bu uchrashuvda aynan Pekinning Ukrainada urush bo‘yicha tinchlik rejasi asosiy muhokama mavzusi bo‘ladi.

Tinchlik sammiti mezboni Shveytsariya bu boradagi har qanday parallel muhokamalarni, tinchlik bo‘yicha har qanday uchrashuvlarni qo‘llashini aytib keladi. Zelenskiy esa bu urushning qurboni Ukraina bo‘lgani uchun faqat Kiyev urushni tugatish bo‘yicha reja taklif qilishga haqli deb hisoblaydi.

Ko‘proq yangiliklar: