Gurjistonning «Gurjiston milliy legioni» (GML) harbiy qismi Rossiya sudi tomonidan terrorchilik tashkilotlari ro‘yxatiga kiritildi, deb xabar bermoqda TASS agentligi 14 iyun, juma kuni Federal xavfsizlik xizmati («FSB») jamoatchilik bilan aloqalar markaziga tayanib. Qayd etilishicha, GML faoliyati endi Rossiyada taqiqlangan.
Bundan tashqari, «Gurjiston milliy legioni» rahbari Ushangi (Mamuka) Mamulashvili Moskvada sirtdan hibsga olingan, nashrning ta’kidlashicha, hozirda «FSB» «davlat xavfsizligiga tahdidlarni aniqlash va bostirish bo‘yicha chora-tadbirlarni davom ettirmoqda».
«FSB» ma’lumotlariga ko‘ra, «Gurjiston milliy legioni» milliy asosda yollangan eng yirik qurolli tuzilma hisoblanadi.
«Legion» 2014 yildan beri Ukraina tomonida kurashib kelmoqda
2014 yilda jangovar tajribaga ega Gurjiston fuqarolaridan tuzilgan «Gurjiston milliy legioni» ko‘ngilli harbiy bo‘linmasi Ukraina sharqidagi harbiy amaliyotlarda faol ishtirok etdi. Hozirda u Kiyev viloyatining 25-hududiy mudofaa bataloni tarkibida Ukrainani Rossiya hujumidan himoya qilishda ishtirok etmoqda.
Rossiyada «Ukraina Qurolli kuchlari uchun askarlarni yollagani va jangovar harakatlarda qatnashgani uchun» sirtdan jinoiy javobgarlikka tortilgan Ushangi Mamulashvili o‘tgan yilning oktyabr oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi tomonidan qidiruvga berilgan edi. Avvalroq Rossiya Federatsiyasi Tergov qo‘mitasi GMLning 70 dan ortiq ishtirokchisini sirtdan jinoiy javobgarlikka tortgan, deb yozadi TASS.
«Gurjiston milliy legioni» Rossiyada terrorchi deb tan olingan 51-tashkilotga aylandi. Avvalroq Rossiya sudining qarori bilan Ukraina Qurolli kuchlari tomonida jang qilayotgan Rossiyadan kelgan ko‘ngillilar bo‘linmasi – «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» tashkiloti ham terrorchi deb tan olingan edi.