KXDR Janubiy Koreya bilan chegarada himoya devori qurishni boshladi - OAV

Jahon 22:51 / 15.06.2024 10192

Shimoliy Koreya Janubiy Koreya bilan chegaradagi qurolsiz hududning o‘z tomonida devor qurish va handaq qazishni boshladi. Bu haqda ismi oshkor etilmagan harbiy manbaga tayanib, Yonhap axborot agentligi xabar berdi.

Nashr manbasiga ko‘ra, qurilish qurolsizlantirilgan hududning eng shimoliy chekkasi va yarimorolni ajratib turuvchi harbiy chegara chizig‘i o‘rtasidagi 2 kilometr kenglikdagi maydonda olib borilmoqda. Hozircha Shimoliy Koreyaning maqsadi noaniqligicha qolmoqda, Yonhap esa devorning qanchalik baland yoki kengligi haqida ma’lumot bermagan.

Avvalroq, Janubiy Koreya qo‘shinlari Shimoliy Koreyaning bir necha askarlari belkurak bilan chegarani vaqtincha kesib o‘tganida ogohlantiruvchi o‘q uzgan edi. Bu esa qurilish ishlari bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.

So‘nggi vaqtda ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar keskinlashdi, chunki KXDR yaqinda Janubiy Koreyaga chiqindi solingan sharlarni uchirdi. Bunga javoban Seul hududda tashviqot olib boruvchi ovoz kuchaytirgichlarni yoqishini aytdi. Bundan tashqari, har ikki davlat ham yuz minglab askarlarini chegara bo‘ylab joylashtira boshladi.

Ko‘proq yangiliklar: