G‘azo sektorida asirga olingan isroilliklarning qanchasi tirikligini Falastinning HAMAS guruhidagi hech kim bilmaydi. «Men bilmayman va hech kim bilmaydi», dedi HAMASning Livandagi vakili Usama Hamdan 14 iyun, juma kuni Amerikaning CNN media-kompaniyasiga bergan intervyusida. U, shuningdek, HAMAS oxirgi sulh takliflaridan, jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden taklif qilgan rejadan norozi ekanini tasdiqladi.
Hamdan Isroil garovga olinganlarga bo‘lgan yomon munosabatda o‘zini ayblashi kerak, degan fikrni bildirdi. Hamdanga yaqinda ozod qilingan garovga olinganlarni tekshirgan isroillik shifokorlarning hisobotlari ko‘rsatildi. Shifokorlar qo‘yib yuborilganlarning jasadlarida kaltak izlari borligini, garovga olinganlar ochlikdan qiynalayotganini tasdiqladi. Hamdan bunga shunday javob berdi: «Menimcha, agar ularda ruhiy muammolar bo‘lsa, bu Isroilning G‘azoda qilayotgan ishlari tufaylidir».
«Milliy birlik» partiyasi raisi va harbiy vazirlar mahkamasining sobiq a’zosi Beni Gans Kan teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida Isroil garovga olinganlar, xususan Bibas oilasi bilan nima bo‘layotganini biladi, ular ikki yosh bolasi bilan o‘g‘irlab ketilgan va 7 oktyabr voqealarining ramziga aylangandi. Gansning ta’kidlashicha, ular haqidagi ma’lumotlar sharoitlar qulay bo‘lganda ommaga e’lon qilinadi. Bibaslar oilasining qarindoshlari Gans gaplarini mas’uliyatsizlik deb atadi.
Isroil-Falastin mojarosi
7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.
HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan. Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.
Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 37 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.