Sun’iy intellekt vakili Buyuk Britaniyada bo‘lib o‘tadigan saylovlarda ishtirok etadi. Braytonlik biznesmen Stiven Endakott avatari AI Stiv mustaqil nomzod sifatida taqdim etiladi.
AI Stivni siyosiy maydonda ko‘rishning iloji yo‘q, chunki u sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan avatar. Uning tashabbuskori Stiv Endakott hisoblanadi. U o‘z avatarini Jamoalar palatasi saylovlarida ishtirok etishi xohlaydi.
«Boshqa partiyalarning Britaniya jamoatchiligi bilan aloqasi yo‘qligidan hafsalam pir bo‘lgan holda, men o‘z partiyamni yaratyapman. Men saylovchilarimning fikrlari bilan bevosita bog‘lanish uchun texnologiyadan foydalanishga harakat qilaman», deb tushuntirdi u ijtimoiy tarmoqlarda.
AI Stiv veb-saytida foydalanuvchilardan yangi siyosatni ishlab chiqishda yordam berish uchun «ijodkorlar» jamoasiga qo‘shilishni xohlaysizmi, degan savolga javob berish so‘raladi. Shunda «AI Stiv bilan gaplashing» tugmasini bosish va ba’zi shaxsiy ma’lumotlarni taqdim etish kerak.
Yangi nomzod saylov byulleteniga AI Stiv nomi bilan kiritilgan. U Endakott raislik qiladigan Neural Voice ovozli yechimlar kompaniyasi mahsulotidir. Firma asoschisi Jyeremi Smit so‘zlariga ko‘ra, sun’iy intellekt Stiv bir vaqtning o‘zida 10 mingtagacha suhbatni boshqara oladi.
Hozirgi bosqichda robot jamoatchilikdan tilaklar va fikr-mulohazalarni yig‘moqda. Hozir Yaqin Sharqdagi mojaro va mahalliy muammolar, masalan, chiqindi yig‘ish bilan bog‘liq muammolar ustunlik qilmoqda. Keyinchalik, agar saylansa, Endakott shaxsan parlamentga bormoqchi. U AI Stiv platformasi orqali to‘plangan taklif va talablarni parlamentda ilgari surishga va’da bermoqda.
Buyuk Britaniyada saylovlar davrida o‘ylab topilgan turli personajlarning ishtirok etishiga taqiq yo‘q. Misol uchun «Lord Bakethed» (so‘zma-so‘z tarjima qilinsa «paqir bosh») to‘rtta saylov kampaniyasida qatnashgan. Britaniyalik komediyachi Jon Harvi tomonidan yaratilgan yovuz graf Binfeys 2024 yilda mer lavozimiga da’vogarlik qilgan.