Stoltenberg: NATO a’zolari rossiyalik josuslarning harakatini to‘xtatishi kerak

Jahon 11:21 / 14.06.2024 3752

NATO a’zolari Moskvaning diversiya va kiberhujumlarni o‘z ichiga olgan dushmanona harakatlariga javoban alyans bo‘ylab rossiyalik josuslarga nisbatan qattiqroq choralar ko‘rish niyatida, dedi 13 iyun, payshanba kuni NATO rahbari Yyens Stoltenberg. «Biz Rossiyadan bir nechta diversiya, o‘t qo‘yishga urinish, kiberhujumlar, dezinformatsiya holatlariga duch keldik», dedi u jurnalistlarga va Shimoliy Atlantika alyansi mudofaa vazirlari «Rossiyaning NATO ittifoqchilariga qarshi dushmanlik harakatlari kampaniyasini ko‘rib chiqishi»ni qo‘shimcha qildi.

Bundan tashqari, bosh kotibning so‘zlariga ko‘ra, vazirlar NATO javob choralari variantlarini, jumladan muhim dengiz va kiberinfratuzilmani himoya qilish, shuningdek, «alyans bo‘ylab rossiyalik razvedka zobitlari faoliyatiga cheklovlarni kuchaytirish»ni ham muhokama qiladilar, deya Stoltenberg so‘zlaridan iqtibos keltirgan Reuters agentligi. 

Daniyada Rossiya foydasiga josuslikda gumonlangan ayol qo‘lga olindi

Daniya razvedkasi (PET) 11 iyun kuni Rossiya foydasiga josuslikda gumon qilingan ayol qo‘lga olingani haqida ma’lum qildi. PET bayonotida aytilishicha, ushlangan shaxs «xorijiy razvedka xizmatining Daniyada faoliyat yuritishi uchun imkoniyat yaratgan bo‘lishi» mumkin.

Gumonlanuvchini so‘roqdan keyin qo‘yib yuborish rejalashtirilgan. Biroq, ish «hali tergov qilinmoqda» va PET hozircha qo‘shimcha izoh bera olmadi. Idoraning aniqlik kiritishicha, qo‘lga olish Yevroparlamentga yaqinda o‘tkazilgan saylovlar bilan bog‘liq emas, balki OAVda Rossiya suveren fondi haqidagi xabarlar bilan bog‘liq. 

AFP qayd etishicha, Daniyaning DR jamoat teleradiokompaniyasi va boshqa Yevropa OAV yaqinda 48 mamlakatda faoliyat yurituvchi va Kremlga o‘z loyihalarini xorijda moliyalashtirishda yordam beradigan Rossiyaning «Pravfond» jamg‘armasi haqidagi ma’lumotlarni e’lon qildi. DR keltirgan hujjatlarga ko‘ra, «Pravfond» dezinformatsiya loyihalarini moliyalashda gumon qilinmoqda. 

YeIda rossiyalik josuslarga qarshi kurash

Germaniya Konstitutsiyani himoya qilish federal idorasi (BfV) rahbari Tomas Xaldenvang aprel oyi oxirida DW nashriga bergan intervyusida aytganidek, Rossiya Germaniya manfaatlariga zarar keltiruvchi josuslik va qo‘poruvchilik faoliyatini «doimiy» amalga oshirmoqda. Xaldenvangning aniqlik kiritishicha, bunday faoliyatni nafaqat Rossiya agentlari, balki «yashirin ishlayotgan va Germaniyaga biznesmen, jurnalist yoki olim sifatida kelgan, lekin aslida Rossiya foydasiga josuslik bilan shug‘ullanayotgan» kishilar ham amalga oshiradi.

Keyinroq Financial Times (FT) Yevropa uchta maxsus agentligining nomi oshkor etilmagan vakillari so‘zlariga tayanib, Yevropa Ittifoqi razvedkalari o‘z hukumatlarini Rossiya tomonidan rejalashtirilayotgan qo‘poruvchilik va teraktlar tahdidi haqida ogohlantirganini xabar qildi. Rossiya maxsus xizmatlarining bu yo‘nalishdagi faolligi ortib borayotgani haqida tobora ko‘proq dalillar paydo bo‘lmoqda, deb yozadi Financial Times bir qator Yevropa davlatlarining ekspertlariga asoslanib. 

Ko‘proq yangiliklar: