Rossiyaning Utair aviakompaniyasiga tegishli An-26 yo‘lovchi samolyoti Yamal-Nenets avtonom okrugidagi Utrenniy aeroportidan 2 kilometr uzoqlikda qattiq qo‘nishni amalga oshirdi.
Ural transport prokuraturasi xabariga ko‘ra, hodisa mahalliy vaqt bilan 15:40 atrofida yuz bergan. Samolyot bortida 41 kishi — besh ekipaj a’zosi va 36 yo‘lovchi bo‘lgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlarda samolyotning qorli maydonga qulagani va qattiq shikastlangani ko‘rinadi.
Utair xabariga ko‘ra, hodisada yo‘lovchi va ikki ekipaj a’zosi jarohat olgan va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
«An-26 samolyoti keskin yomonlashgan ob-havo - tuman, kuchli shamol sharoitida qo‘ndi. Barcha yo‘lovchilar va ekipaj a’zolari aeroport terminali binosiga evakuatsiya qilindi», deyiladi xabarda.
Rossiya Tergov qo‘mitasi voqea yuzasidan protsessual tergov tashkil etilganini ma’lum qildi.
«Hodisaning barcha holatlari va sabablari aniqlanmoqda. Barcha kerakli tekshirish tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng protsessual qaror qabul qilinadi», deb qo‘shimcha qildi boshqarma.