Putin urush tugashi bo‘yicha Rossiya shartlarini aytdi

Jahon 17:40 / 14.06.2024 40499

RF prezidenti Vladimir Putin Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuv vaqtida mamlakat armiyasi Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatishi uchun shartlarni sanadi. Shuningdek, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyni navbatdagi marta nolegitim rahbar deb atadi.

Putinga ko‘ra, Rossiyaning asosiy talabi Ukraina o‘ziga tegishli bo‘lgan sub’yektlar – Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlaridan o‘z qo‘shinlarini olib chiqishidir. «Kiyev qo‘shinlarni olib chiqishni boshlasa, biz tezda o‘t ochishni to‘xtatishga buyruq beramiz va muzokaraga kirishamiz», degan Putin.

Rossiya prezidentiga ko‘ra, Ukraina o‘ziga tegishli bo‘lgan yuqoridagi to‘rt oblastning nafaqat Rossiya bosib olgan qismidan, balki to‘liq ma’muriy chegaralaridan chiqib ketishi kerak.

Putinning navbatdagi talabiga ko‘ra, Ukraina NATOga kirishdan to‘liq voz kechishi, bu haqda e’lon qilishi kerak. «Bugun yana bir haqiqiy tinchlik shartnomasi taklif qildik. Ukraina NATOga kirishdan voz kechishi kerak. Gap konfliktni muzlatish haqida emas, uni butkul tugatish haqida ketmoqda», dedi Putin.

«Bizning maqsadimiz – Ukrainaning neytraliteti, bloklarga kirmasligi, yadrosiz maqomda bo‘lishi, uning demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilinishi», deb qo‘shimcha qildi Putin. U urush boshlanganda Rossiyaning «maxsus harbiy amaliyoti» aynan Ukrainani demilitarizatsiya va denatsifikatsiya qilish ekanini aytgandi.

Putin Ukraina Kiyev yangi hududiy shartlarni qabul qilishi va rus tilida gaplashuvchilar huquqlarini ta’minlashi kerakligi shartlardan biri ekanini aytdi. Putinga ko‘ra, Rossiyaga kiritilgan sanksiyalarning barchasi bekor qilinishi ham urush tugashi uchun Moskvaning shartlaridan biri.

Putin avvaliga Rossiyaning yagona sharti Ukraina 4 oblastdan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi ekanini aytdi, keyin yuqoridagi shartlarni qo‘shimcha qildi.

«Zelenskiy – nolegitim prezident»

Putin navbatdagi marta Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning legitimligi borasida so‘z ochdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Zelenskiy – nolegitim prezident, Oliy rada – legitim parlament. «Aynan Oliy rada bugungi kunda legitim organ hisoblanadi, amaldagi hukumatdan farqli o‘laroq», degan Rossiya prezidenti.

Ma’lumot uchun, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning amaldagi prezidentlik vakolati joriy yil 20 mayda tugagandi. Ukraina esa urush holati bo‘lgani sabab prezidentlik saylovlarini bekor qilgan. Ukraina konstitutsiyasiga ko‘ra esa harbiy holat vaqtida faqat Oliy rada uchun saylovlar o‘tkazilmasligi ko‘rsatilgan.

Vladimir Putin bu gaplarni 15 iyun kuni Shveytsariyada boshlanadigan Ukraina bo‘yicha tinchlik konferensiyasidan oldin aytdi. Bu urush boshlanganidan buyon tinchlik bo‘yicha eng yirik yig‘ilish bo‘ladi. Tashkilotchilar unga Rossiyani taklif qilishmagan.

Ko‘proq yangiliklar: