NATO Bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiya prezidenti Vladimir Putin tomonidan ilgari surilgan Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash haqidagi shartlarni tanqid qildi. Bu haqda u NATO mudofaa vazirlari yig‘ilishidan keyingi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
«Ukraina o‘z hududidan qo‘shinlarini olib chiqib ketishi emas, aynan Rossiya o‘z qo‘shinlarini bosib olingan Ukraina hududlaridan olib chiqib ketishi kerak», dedi Stoltenberg.
Uning fikricha, Putin tomonidan aytilgan shartlar Rossiya Ukrainaning yanada ko‘proq hududini nazorat qilishni xohlayotganini ko‘rsatadi.
«Bu taklif yaxshi niyatni anglatmaydi. Bu taklif aslida Rossiya o‘zining harbiy maqsadlariga erishmoqchi ekanini, ukrainaliklar Rossiya hozirgacha egallab olgan yerdan sezilarli darajada ko‘proq yerdan voz kechishini kutayotganini anglatadi», dedi alyans bosh kotibi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 14 iyun kuni Ukrainada harbiy harakatlarni to‘xtatish va tinchlik muzokaralarini boshlash shartlarini aytib o‘tdi. Uning taklifiga ko‘ra, Ukraina Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporojiye viloyatlari hududidan qo‘shinlarini to‘liq olib chiqishni boshlashi, shuningdek, NATO a’zosi bo‘lish rejalaridan voz kechganini rasman e’lon qilishi kerak.
Ukraina prezidenti devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Putinning shartlarini «tajovuzkorlarning bir necha bor yangragan standart iboralari» deb atadi.