Britaniya AQShning Mosbirjaga qarshi sanksiyalariga qo‘shildi

Jahon 10:33 / 14.06.2024 3108

Britaniya AQSh ortidan Rossiyaning «urush mashinasini» zaiflashtirishga qaratilgan sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi. Britaniya hukumati saytida 13 iyun, payshanba kuni e’lon qilingan hujjatga ko‘ra, cheklovlar «Rossiya moliya tizimining asosini tashkil etuvchi institutlar», jumladan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysini o‘z ichiga olgan

Ta’kidlanishicha, har uchala moliya instituti «strategik ahamiyatga ega bo‘lgan sektorda biznes yuritish orqali Rossiya hukumatidan imtiyozlar olish yoki uni qo‘llab-quvvatlashda ishtirok etgan va bunda davom etmoqda». Sanksiyalar ro‘yxatiga, shuningdek, «SPB-Birja», «Ingosstrax» kompaniyasi, «Volga-Dnepr» aviatashuvchisi, Qozon va Tambov porox zavodlari hamda yana bir necha o‘nlab yuridik shaxslar, jumladan dengiz tashuvchilar, kimyo va mashinasozlik korxonalari, shuningdek, Xitoy, Isroil, Qirg‘iziston va Turkiya kompaniyalari kiritildi. 

«Soyadagi flot»ga qarshi sanksiyalar 

Bundan tashqari, Britaniya birinchi marta «soyadagi flot»ning oltita kemasiga sanksiyalar kiritdi. Ular, Britaniya hukumatiga ko‘ra, Rossiya tomonidan G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish va rus neftining to‘siqsiz savdosini davom ettirish uchun foydalaniladi. Shuningdek, bir qancha shaxslar, jumladan, Moskva birjasi boshqaruvi raisi Yuriy Denisov, tadbirkor Ivan Tavrin, «Insayt» investitsiya guruhi asoschisi Avet Mirakyan, «Gruppy Astra» egalaridan biri Denis Frolov va S8 Capital guruhi egasi Armen Sarkisyanga nisbatan cheklovlar joriy etildi.

Bosh vazir Rishi Sunak Britaniya «erkinlik uchun kurashda doimo Ukraina bilan yelkama-yelka turishini» aytdi. «Bugun biz Rossiyaning urush mashinasini moliyalash qobiliyatini cheklash uchun sanksiyalar orqali yana iqtisodiy bosimni kuchaytirmoqdamiz, - dedi Sunak. - U yutqazishi kerak va uni uzoq davom etgan mojaroni moliyalash qobiliyatidan mahrum qilish juda muhim». 

AQSh Mosbirja va boshqa yuzlab tashkilotlarga qarshi sanksiyalar kiritdi 

12 iyun kuni AQSh moliya vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga aloqador shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Ro‘yxatga Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bolgariya, Serbiya, BAA, Belarus, shuningdek, Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan 33 nafar shaxs hamda 300 ga yaqin kompaniya va tashkilotlar kiritilgan.  

Boshqalar qatorida, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi (MKM) va Rossiya Federatsiyasining Milliy hisob-kitob depozitariysi ham cheklovlarga duch keldi. Amerika Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumatining Moskva birjasiga kapitalni jalb qilish choralari Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun «Rossiya suveren qarziga sarmoya kiritish orqali Kremlning harbiy mashinasidan foyda olish imkoniyatlarini kengaytiradi».

Shundan so‘ng, Moskva birjasi 13 iyundan dollar va yevro bilan savdo qilishni to‘xtatdi. Bu haqdagi xabar 12 iyun kuni birjaning rasmiy saytida e’lon qilindi. Qimmatbaho metallar va fond bozorlarida AQSh va Yevropa valutalari bilan savdo qilish ham to‘xtatildi.

Ko‘proq yangiliklar: