Mobil aloqadan foydalangan holda firibgarlik va boshqa jinoyatlar sodir etish ehtimolini kamaytirishga qaratilgan qonun loyihasi Rossiya Davlat Dumasiga kiritildi. Bu haqda loyiha mualliflaridan biri, deputat Vasiliy Piskarev xabar berdi.
Qonun loyihasida chet elliklar uchun SIM-karta olish shartlari yanada kuchaytiriladi. Endi ular Internet orqali emas, faqat aloqa do‘konlari va savdo nuqtalarida Yagona biometrik tizimdan foydalangan holda mobil aloqa uchun shartnoma tuza oladi.
Bir nafar chet el fuqarosiga 10 dan ortiq raqam berilishi taqiqlanadi. Bundan tashqari, SIM-karta mijoz qurilmasining IMEI kodiga (telefon, planshet, noutbuk identifikatsiya kodi) biriktirib qo‘yiladi, shu tufayli SIM-kartani boshqa qurilmaga ko‘chirish imkonsiz bo‘ladi.
Qonun loyihasida, shuningdek, xorijliklar 2025 yil 1 martgacha avval tuzilgan shartnomalarni yangi shartlarda yangilashi kerakligi nazarda tutilgan.