Qirg‘iziston banklarida Rossiyadan pul o‘tkazmalari cheklandi

Jahon 22:54 / 13.06.2024 6165

Qirg‘izistondagi ayrim tijorat banklari Rossiyaga va Rossiyadan pul o‘tkazish jarayonlarini qisman to‘xtatdi. Bu haqda «Interfaks» yozdi. 

Jumladan, Mbank, «Kompanion» Bank, RKS Bank, Qirg‘iziston-Shveytsariya banki (KSB), Qirg‘izistonkommersbank, Keremet banki tomonidan Rossiya to‘lov tizimlaridan foydalangan holda pul o‘tkazmalari bo‘yicha turli cheklovlar joriy etildi. Ushbu kredit tashkilotlarining aksariyati cheklovlarni vaqtinchalik deb atamoqda. 

Shu bilan birga, Kapital Bank, Xaliq Bank va Aziya Bank rubl bilan operatsiyalar, Rossiyaga va Rossiyadan pul o‘tkazmalari bo‘yicha hech qanday cheklovlar yo‘qligini ma’lum qilgan. 

12 iyun kuni AQSh Moliya vazirligi Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysini sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Shu sababli, 13 iyundan boshlab Moskva birjasi AQSh dollari va yevrodagi savdolarni to‘xtatganini e’lon qildi. 

Sanksiyalar kiritilgandan so‘ng, Rossiya Markaziy banki rubl kursi endi birjadan tashqari valuta bozoridagi operatsiyalar bo‘yicha bank hisobotlari ma’lumotlari asosida shakllanishini ma’lum qildi. Regulyator shuningdek, cheklovlar Rossiya banklari filiallarida naqd dollar va yevro sotib olish va sotish imkoniyatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi haqida xabar berdi.

Ko‘proq yangiliklar: