Moskva birjasi 13 iyundan dollar va yevro bilan savdo qilishni to‘xtatadi. Bu haqdagi xabar 12 iyun, chorshanba kuni birjaning rasmiy saytida e’lon qilindi. Qimmatbaho metallar va fond bozorlarida AQSh va Yevropa valutalari bilan savdo qilish ham to‘xtatiladi.
AQSh Mosbirja va boshqa yuzlab tashkilotlarga qarshi sanksiyalar kiritdi
Bir necha soat oldin AQSh moliya vazirligi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushiga aloqador shaxslar va kompaniyalarga qarshi yangi sanksiyalar paketini e’lon qildi. Ro‘yxatga Rossiya, Xitoy, Turkiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Bolgariya, Serbiya, BAA, Belarus, shuningdek, Britaniya Virjiniya orollarida ro‘yxatdan o‘tgan 33 nafar shaxs hamda 300 ga yaqin kompaniya va tashkilotlar kiritilgan.
Boshqalar qatorida, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi (MKM) va Rossiya Federatsiyasining Milliy hisob-kitob depozitariysi ham cheklovlarga duch keldi. Amerika Moliya vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya hukumatining Moskva birjasiga kapitalni jalb qilish choralari Rossiya Federatsiyasi va boshqa mamlakatlar fuqarolari uchun «Rossiya suveren qarziga sarmoya kiritish orqali Kremlning harbiy mashinasidan foyda olish imkoniyatlarini kengaytiradi».
Mutaxassislar Rossiya valuta bozoridagi muammolarni taxmin qildi
Rossiyaning The Bell nashri o‘zining Telegram-kanalida CEPA tadqiqotchisi Aleksandr Kolyandrga tayanib yozganidek, mijozlar birjada dollar va yevroni sotish va sotib olish imkoniga ega bo‘lmasligi mumkin. Shu munosabat bilan, Rossiya Federatsiyasi Markaziy banki birjadan tashqari operatsiyalar uchun valuta kursini belgilashni boshlashi ehtimoli mavjud. Shu bilan birga, Kolyandrning so‘zlariga ko‘ra, valutani saqlash uchun to‘lovlar oshishi mumkin va uni Rossiyadan olib chiqish yanada qimmatlashadi. «Aslida, bu rublning konvertatsiyasidan yana bir qadam uzoqlashish», deya xulosa qildi u.
O‘z navbatida, moliyaviy tahlilchi Maksim Blant The Insider nashriga bergan intervyusida Amerikaning yangi sanksiyalari Rossiyani Xitoy yuaniga ko‘proq e’tibor qaratishga majbur qilishi mumkin, degan fikrni bildirdi. «Bu Rossiya o‘z suverenitetini yo‘qotgani […] va Xitoy iqtisodiyotining qo‘shimchasiga aylanganining mutlaq va yakuniy e’tirofi bo‘ladi», dedi Blant.