AQSh va Ukraina xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitimni imzoladi

Jahon 23:26 / 13.06.2024 4365

AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy ikki davlat o‘rtasida xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi 10 yillik bitimni imzoladi, deb xabar berdi Reuters. 

«Tomonlar ushbu kelishuvni Ukrainaning NATO ittifoqiga a’zo bo‘lishi uchun ko‘prik sifatida tan oladilar», deyiladi xabarda. 

Natijada, endi Ukraina «Katta yettilikka» (G7) kiruvchi barcha davlatlar, bundan tashqari, yana 8 ta davlat bilan shunday bitimga ega bo‘ldi. 

AQSh bilan kelishuvda aytilishicha, Ukrainaga qurolli hujum yoki qurolli hujum tahdidi yuzaga kelgan taqdirda, AQSh va Ukrainaning yuqori martabali rasmiylari javob choralari bo‘yicha maslahatlashish va Ukrainaga qo‘shimcha mudofaa zarurligini aniqlash uchun 24 soat ichida uchrashadi. 

Kelishuvga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilishni qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor tasdiqlaydi. 

Qayd etilishicha, Qo‘shma Shtatlar suveren, mustaqil, demokratik Ukrainani himoya qilishga qodir bo‘lgan Ukraina xavfsizlik va mudofaa kuchlarini rivojlantirish va kelajakdagi tajovuzning oldini olish uchun uzoq muddatli moddiy, o‘quv, maslahat, razvedka, xavfsizlik, mudofaa-sanoat, institutsional va boshqa yordam ko‘rsatish niyatida. 

Avvalroq, Ukraina 14 ta davlat, jumladan Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Italiya, Kanada, Ispaniya, Belgiya, Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Finlyandiya, Latviya, Estoniya va Yaponiya bilan xavfsizlik kafolatlari to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: