Ukrainada urushning 839-kuni o‘tdi. Asosiy ma’lumotlar:
- Shveytsariyadagi tinchlik sammitida Rossiya qo‘shinini Ukrainadan olib chiqish masalasi muhokama etilmaydi — Rossiya bilan aloqalarni qo‘llayotgan davlatlar ishtiroki tufayli.
- Mash va Baza manbalari Kupyanskning sobiq meri Gennadiy Matsegor shifoxonada vafot etganini xabar qildi, bir necha kun oldin unga suiqasd amalga oshirilgandi.
- Oq uy Amerika qurollarini «Azov»ga yetkazib berishga qo‘yilgan taqiqni bekor qildi. Bunday taqiq olti yil muqaddam joriy etilgandi.
- Sobiq advokat va «Chto? Gde? Kogda?» o‘yini ishtirokchisi Ilya Novikov armiya to‘g‘risidagi «feyk» ishi bo‘yicha sirtdan sakkiz yarim yilliq qamoq jazosiga hukm qilindi.
- Yevrokomissiya rahbari Ukraina iyul oyida Rossiya aktivlaridan daromad hisobidan bir yarim milliard yevro olishini ma’lum qildi. Bu mablag‘ning katta qismi qurol sotib olishga yo‘naltiriladi.
- Rossiya mudofaa vazirligi Belarus ishtirokida yadrov kuchlar mashg‘ulotlarining ikkinchi qismi boshlanganini ma’lum qildi.
- Shimoliy Osetiyada Su-34 samolyoti qulab tushdi. Ekipaj a’zolari halok bo‘lishgan.
Zelenskiy Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiyada
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy 11 iyun kuni Germaniyaga bordi. U GFR kansleri Olaf Shols va prezident Frank-Valter Shtaynmayyer bilan uchrashdi, parlamentda nutq so‘zladi va Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiyada qatnashdi. Zelenskiy tashrif chog‘ida Germaniya hukumati va xalqiga, shuningdek Ukrainaning boshqa ittifoqchilariga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi. 11 iyun kuni Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Ukraina ehtiyojlari uchun iyul oyidayoq Rossiyaning muzlatilgan aktivlari hisobidan 1,5 milliard yevro yo‘naltirilishini ma’lum qildi. Bu mablag‘ning 10 foizi Ukrainani tiklash uchun, qolgan qismi — mamlakat mudofaasi ehtiyojlariga yo‘naltiriladi.
Donetsk oblastidagi ukrain tankchilari
Donetsk oblastida Ukraina qurolli kuchlarining boshqa bo‘linmalari qatorida Yakov Gandzyuk (shoh armiyasi general-mayori bo‘lgan, Ukraina xalq respublikasini qo‘llagan va bolsheviklar tomonidan o‘ldirilgan) nomidagi 59-alohida motopiyodalar brigadasi ham jang qilmoqda. 59-motopiyodalar brigadasida T-72 tanklari mavjud.
Xarkiv oblastida insonparvarlik yordami tarqatilishi
Rossiya qo‘shini 10 may kuni Xarkiv oblastining chegaradosh rayonlarida yurish boshlagandi. Harbiy harakatlar hududida qolgan odamlar ko‘p hollarda zarbalar ostida evakuatsiya qilinmoqda. Xarkiv oblasti rahbari ma’lumotiga ko‘ra, Rossiya yurishi tufayli, 12 iyun holatiga ko‘ra, qariyb 12 ming kishi xavfli hududlardan olib chiqilgan. Bor-budidan ayrilgan qochqinlarning aksari Xarkivga joylashtirilmoqda, ularga davlat tuzilmalari, nodavlat tashkilotlar hamda BMT tuzilmalari yordam ko‘rsatmoqda.