Ukraina Rossiya aktivlaridan 1,5 mlrd yevro daromad oladi

Jahon 09:03 / 12.06.2024 2062

Ukraina iyul oyidayoq YeIda muzlatilgan Rossiya aktivlaridan taxminan 1,5 milliard yevro daromad olishi mumkin, dedi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen 11 iyun, seshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tayotgan Ukrainani tiklash bo‘yicha konferensiyada. 

Bu mablag‘larning katta qismi mudofaaga, 10 foizi esa -Ukrainani tiklashga yo‘naltiriladi, deya aniqlik kiritdi Yevrokomissiya rahbari. «Biz Ukrainaning omon qolishi va tiklanishiga yordam berish uchun moliyaviy kuchimizni faollashtiramiz», deb ta’kidladi fon der Lyayyen. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, Ukrainaga Yevropa yordam jamg‘armasidan qo‘shimcha 1,9 milliard yevro shu oyda Kiyevga o‘tkaziladi. Ushbu jamg‘arma grantlar va kreditlar ko‘rinishidagi 50 milliard yevroga mo‘ljallangan bo‘lib, u Ukraina davlatining qisqa muddatli ehtiyojlarini ham, 2024-2027 yillarda mamlakatni rekonstruksiya va modernizatsiya qilish bo‘yicha o‘rta muddatli vazifalarni hal etishni ham ta’minlashi kerak.

Bundan tashqari, Yevrokomissiya rahbariga ko‘ra, Rossiya hujumidan jabr ko‘rgan mamlakatga xususiy sarmoyalarni jalb qilish uchun Yevropa Ittifoqi banklar bilan taxminan 1,4 milliard yevrolik shartnomalar imzolaydi. 

Fon der Lyayyen: «Xarkov, bu - Yevropa» 

Konferensiyada so‘zga chiqqan fon der Lyayyen, shuningdek, Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni iyun oxirida boshlash zarur, deb hisoblashini, chunki Kiyev buning uchun barcha zarur choralarni ko‘rganini aytdi. 

«Xarkiv, bu - Yevropa. Ukraina, bu - Yevropa. Bizning ittifoq esa - sizning uyingiz. Ukrainaga shon-sharaflar bo‘lsin, yashasin Yevropa!» - deya Yevropa komissiyasi rahbari o‘z nutqini yakunladi.

Ukrainani qayta tiklash bo‘yicha uchinchi konferensiya 

11-12 iyun kunlari Berlinda bo‘lib o‘tayotgan Ukrainani tiklash bo‘yicha ikki kunlik konferensiyada Volodimir Zelenskiy, Germaniya kansleri Olaf Shols, shuningdek, 60 ta davlatdan yana ikki mingga yaqin ishtirokchi – siyosatchilar, xalqaro tashkilotlar, biznes, fuqarolik jamiyati, munitsipalitetlar va hududlar vakillari qatnashmoqda. 

Ukraina bilan hamkorlikda tashkil etilgan konferensiyani o‘tkazish orqali Germaniya hukumati Ukrainaning tiklanishiga uzoq muddatli istiqbolni taqdim etish va sarmoyalarni rag‘batlantirish niyatida. Bundan tashqari, gap Rossiya Federatsiyasi tomonidan davom etayotgan hujumlar tufayli favqulodda yordam ko‘rsatish masalalari haqida ketyapti.

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining harbiy hujumidan Ukrainaga yetkazilgan zarar kamida 486 milliard dollarni tashkil etadi. Shunga o‘xshash konferensiyalar 2022 yilda Shveytsariyaning Lugano shahrida va 2023 yilda Londonda bo‘lib o‘tdi. 

Ko‘proq yangiliklar: