MDH ishlari bo‘yicha Rossiya Davlat Dumasi qo‘mitasi migratsiya sohasida davlat nazoratini kuchaytirish, xususan, yangi deportatsiya rejimini joriy etish to‘g‘risidagi qonun loyihasini taqdim qildi. Bu haqda Interfax xabar berdi.
Qonun loyihasida aytilishicha, deportatsiyaning yangi tartibi Rossiyada qonuniy bo‘lish huquqiga ega bo‘lmagan xorijiy fuqarolarga nisbatan o‘rnatiladi.
Buning sababi Rossiyada vaqtincha bo‘lish yoki migratsiya hujjatlarining muddati tugashi, vaqtinchalik yashash uchun ruxsatnomaning bekor qilinishi, yashash uchun ruxsatnoma yoki noqonuniy xatti-harakat sodir etilishi bo‘lishi mumkin.
Chet el fuqarosi Rossiyadan chiqib ketganda, ushbu rejimni qo‘llash uchun asos bo‘lgan qaror bekor qilinganda yoki chet el fuqarosi vafot etgan hollarda deportatsiya rejimi tugatiladi.
Bunday rejimni joriy etilishi Rossiyada noqonuniy bo‘lgan chet el fuqarosining muayyan huquqlarini cheklashni nazarda tutadi.
Bunday cheklovlar sifatida quyidagi taqiqlar ko‘zda tutilgan:
- ichki ishlar organining ruxsatisiz Rossiyada yashash yoki vaqtinchalik bo‘lib turish joyini o‘zgartirish;
- Rossiyada yashab turgan joyidan tashqariga sayohat qilish;
- avtomobil boshqarish, haydovchilik guvohnomasi olish;
- ko‘chmas mulk, avtomobilga ega bo‘lish va ularni ro‘yxatdan o‘tkazish;
- nikohdan o‘tish;
- yuridik shaxs, tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish;
- kredit rasmiylashtirish, bank hisobi ochish, pul o‘tkazmalarini amalga oshirish.
Shu bilan birga Rossiyadan chiqarib yuborilishi kerak bo‘lgan shaxs Nazorat ostidagilar reyestriga kiritilishi ham belgilangan. Huquq-tartibot organlari xodimlari bunday shaxslar joylashgan hudud yoki binoga kirish huquqiga ham ega bo‘ladi.