Dunyoda aktivlarni qaytarish uchun qo‘llaniladigan yangi modellardan biri - «tushunarsiz boylik» Qozog‘istonda joriy etiladi. Bu haqda Qozog‘iston Bosh prokuraturasi huzuridagi Aktivlarni qaytarish qo‘mitasi raisi Nurdaulet Suyindikov ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, noqonuniy olib chiqilgan aktivlarni Qozog‘istonga qaytarish bo‘yicha ishlar qizg‘in olib borilmoqda va allaqachon aniq natija bor. Gap 1,5 trillion tenge miqdorida qaytarilgan aktivlar haqida bormoqda. Shuningdek, aktivlarni qayta tiklash bo‘yicha qo‘mita «tushunarsiz boylik» bo‘yicha birinchi da’vo va qarorni chiqarganini ta’kidlaydi.
«Dunyoda aktivlarni qaytarishning bir necha modellari mavjud. Oxirgi va yangilaridan biri «tushunarsiz boylik» deb ataladi. Bu muayyan shaxsning har qanday mulkka qonuniy egalik qilishiga davlatning asosli e’tiroziga bog‘liq. Va sub’yekt uni qonuniy ravishda qo‘lga kiritganini isbotlashi kerak. Agar buni isbotlay olmasa, bu mol-mulkka sud qarori bilan «tushunarsiz boylik» maqomi beriladi va davlat daromadiga qaytariladi. Qozog‘istonda bunday talab asosida sud qarori kuchga kirgan birinchi holat mavjud. Uning doirasida yaqin vaqt ichida davlat daromadiga 11 mln dollarga yaqin mablag‘ qaytariladi», dedi u.
Qozog‘iston prezidenti Administratsiyasi rahbari Oybek Dadebay so‘zlariga ko‘ra, bu mamlakat uchun beqiyos tajriba va bunday amaliyot nufuzli xalqaro tashkilotlar va hamkor davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 2022 yil fevral oyida bo‘lib o‘tgan hukumatning kengaytirilgan yig‘ilishida noqonuniy yo‘llar bilan qo‘lga kiritilgan aktivlarni mamlakatga qaytarish zarurligi haqida gapirgan edi. Ushbu tashabbusdan ko‘zlangan maqsad mamlakatdagi ishbilarmonlik muhiti va umumiy iqtisodiy muhitda halol raqobatni mustahkamlashdan iborat ekani aytildi.
To‘qayev 2023 yil iyul oyida «Noqonuniy yo‘l bilan olingan aktivlarni davlatga qaytarish to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.