O‘zbekiston hozircha sayyohlik sohasida dunyo reytingida o‘rtalikda yuribdi. Biroq mutaxassislar yaqin yillarda O‘zbekiston reytingda jadal ko‘tarilishini taxmin qilishmoqda.
So‘nggi yillarda mamlakatimizga Tojikiston, Qozog‘iston va Rossiyadan kelayotgan sayyohlar oqimi keskin ko‘paydi. Hozirda uzoq xorijdan keladigan sayyohlar oqimini ko‘paytirish uchun turli loyihalar qilinmoqda.
O‘zbekiston bir necha yillardan buyon dunyoning sayohat qilish uchun eng xavfsiz deb topilayotgan mamlakatlaridan biri bo‘lmoqda. Biroq mamlakatda turizmni rivojlantirish uchun qilinadigan ishlar juda ko‘p.
Turizm infrastrukturasi – yo‘llar, aeroportlar, mehmonxonalar, va transportni rivojlantirish lozim bo‘ladi.
Quyida dunyodagi eng ko‘p sayyohlar mamlakatlar o‘nligini taqdim etamiz. Fransiya bu ro‘yxatda birinchi o‘rinni ancha yillardan buyon hech kimga bermay kelyapti.
10. Buyuk Britaniya
Ma’lumotlarga ko‘ra 2023 yilda Britaniyaga qariyb 40 mln nafar sayyoh kelgan. Bu davlatda sayyohlarni o‘ziga jalb qila oladigan turli tarixiy binolar va boshqa joylar bor.
Sayyohlarni Britaniyada Londondan tortib Shotlandiya poytaxti Edingburg shahrigacha, Garri Potter suratga olingan qasrlardan tortib afsonaviy Bitlz guruhining ofisigacha o‘ziga jalb qila oladi.
Shuningdek, bu mamlakatga Grinvich meridianining nolinchi nuqtasi o‘tgan joyni ko‘rish uchun ham millionlab sayyohlar kelishadi. Bundan tashqari, dunyodagi eng qiziqarli futbol ligasi – Angliya premiyer ligasi o‘yinlarini stadionda turib jonli tomosha qilish uchun ham Britaniyaga ko‘plab xorijlik muxlislar kelishadi.
Masalan, yaqinda Manchester Yunayted jamoasining mug‘ulistonlik muxlisi uzoq vaqt davomida qariyb 10 ming km yo‘l bosib velosipedda Britaniyaga yetib bordi. Bundaylar juda ko‘p.
9. Germaniya
Germaniya ham dunyodagi eng ko‘p sayyohlar tashrif buyuradigan mamlakatlardan biri hisoblanadi. 2023 yilda bu yerga qariyb 40 mln nafar sayyoh borgan.
Germaniya ham Britaniyaga o‘xshab sayyohlarni o‘zining qadimiy qasrlari va minglab muzeylari bilan jalb qiladi. Ma’lumot uchun, bu mamlakatda qariyb 7 mingta muzey bor va ularning aksariyati ancha mashhur hisoblanadi.
Shuningdek, sayyohlarni Noyshvanshtayn va Kelndagi qadimiy qasrlar o‘ziga tortadi. Germaniya qit’a o‘rtasida joylashgan va G‘arbiy Yevropadan sharqqa, shimoldan janubga avtomobilda sayohat qiluvchilar albatta shu mamlakat hududidan o‘tib qaytishadi.
Bundan tashqari, Germaniyada har yili o‘tkaziladigan turli festivallarga millionlab sayyohlar kelishadi. Yana Berlin devori mashhur turistik obekt hisoblanadi.
Har yili bu devorni ko‘rish uchun millionlab odam keladi. Germaniya birlashgan kunda bu devor oldiga ko‘plab odamlar yig‘iladi va ularning bir qismini sayyohlar tashkil etadi.
8. Tailand
Janubiy-Sharqiy Osiyodagi bu davlat ham ancha yillardan buyon sayyohlar ko‘p tashrif buyuradigan mamlakatlarning yuqori o‘ntaligiga kirmoqda. Tailandga 2023 yilda 40 mln nafar sayyoh borgan. Xo‘sh, bu davlat nimasi bilan xorijliklarni o‘ziga jalb qilmoqda?
Qulay geografik mintaqada joylashgan va havo harorati yil davomida 30-35 daraja issiq atrofida bo‘ladigan Tailand xorijliklarni asosan dam olish maskanlari bilan jalb qiladi.
Shuningdek, bu davlatdagi tarixiy va madaniy yodgorliklar, turli festivallar, g‘aroyib hayvonot dunyosi, kishini hayron qoldiruvchi tabiat sayyohlar orasida juda mashhur.
Bundan tashqari, suvosti dunyosiga sayohat va mashhur tay massaji ham xorijliklarni o‘ziga ohangraboday tortadi.
Taylandda qadimiy Ayuttxayya shahri bor. Bu shaharda bir paytlar million nafar odam yashagan va Tailandni boshqargan 33 nafar qirol shu yerdagi saroyda yashagan. Har yili ana shu shaharni ko‘rish uchun ham Tailandga millionlab sayyohlar boradi.
7. Meksika
Meksika o‘zining Karib havzasidagi va Tinch okeani qirg‘oqlaridagi dam olish maskanlari bilan juda mashhur. Ayniqsa Verakrus va Akapulkodagi dam olish maskanlariga ko‘plab xorijliklar keladi.
Bir so‘z bilan aytganda Meksika asosan amerikalik boylarning dam olib, hordiq chiqaruvchi joyi hisoblanadi.
Shuningdek, Meksikadagi turli festivallar, hindulardan qolgan tarixiy yodgorliklar sayyohlarni jalb qiladi. 2023 yilda bu davlatga 45 mln nafar sayyoh kelgan.
Bundan tashqari, Meksika AQShga quruqlik orqali keluvchilar uchun asosiy o‘tish yo‘lagi hisoblanadi. Har yili bu davlatga AQShga o‘tish uchun millionlab odam keladi va qulay vaziyat bo‘lgunicha Meksikada yashaydi.
6. Turkiya
Turkiya dunyodagi eng mashhur mamlakatlardan biri hisoblanadi. Uning tarixiy shaharlari, zamonaviy dam olish maskanlari butun dunyodan keladigan sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.
Ayniqsa qariyb 2 ming yillik tarixga ega Istanbul shahri sayyohlar tashrif buyuradigan asosiy maskan hisoblanadi. Har yili Turkiyaga o‘rtacha 50 mln atrofida sayyoh kelsa, ularning bir qismi faqat Istanbulni ko‘rish uchun keladi.
Bosfor bo‘g‘ozining ikki yonida, bir qismi Yevropada, qolgan qismi Osiyoda joylashgan bu shahar Turkiyaning o‘ziga xos tashrif qog‘ozi hisoblanadi. Bu yerdagi Avliyo Sofiya masjidi va boshqa tarixiy binolar, o‘rta asrlardan buyon saqlanib kelayotgan dahalar xorijliklarni jalb qiladi.
Umuman aytganda Turkiyada sayyohlik infratuzilmasi yuksak taraqqiy etgan. O‘rta Yer dengizi sohillarida joylashgan dam olish maskanlari yil davomida hordiq chiqaruvchilarini qabul qila oladi.
Turkiyaning turli hududlarida antik davrdan qolgan tarixiy binolar, turli yodgorliklar xorijlik sayyohlarni o‘ziga ohanraboday tortadi. Turkiyaga 2023 yilda 51 milliondan oshiq sayyohlar kelgan.
Turklar hatto bir necha yillar avval namoyish etilgan mashhur serillar suratga olingan joylarni ham sayyohlar uchun qiziq maskanlarga aylantira olishgan.
5. Italiya
Italiya ham Turkiyaga o‘xshab bir tomondan tarixiy shaharlari bilan, boshqa tomondan zamonaviy dam olish maskanlari bilan xorijlik sayyohlarni o‘ziga jalb qiladi.
Xuddi Istanbul bilan bo‘lgani kabi, Italiyaga keladigan sayyohlarning bir qismi faqat Rimni ko‘rish uchun keladi. Bu yerda antik davrdan buyon saqlanib kelayotgan turli tarixiy binolarni tomosha qilish uchun butun dunyodan odamlar keladi.
Shuningdek, Rimning o‘rtasida joylashgan nasroniylarning katolik oqimiga e’tiqod qiluvchilarning markazi bo‘lgan Vatikanga ham har yili millionlab xorijliklar keladi.
Italiya YuNeSKO ro‘yxatiga kiritilgan tarixiy obektlar soni bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Florensiya, Venetsiya, Neapol shaharlarida ko‘plab tarixiy binolar saqlanib qolgan.
Bundan tashqari, Italiya O‘rta Yer dengizi sohillaridagi dam olish maskanlari bilan ham mashhur. Qulay geografik hududda joylashgani uchun ularda qishda ham dengizda cho‘milsa bo‘ladi.
Ana shu omil tufayli qishda Yevropaning sovuq mamlakatlarida yashovchilar dam olish uchun Italiyaga kelishadi. Italiyaga 2023 yilda qariyb 65 mln nafar sayyoh kelgan.
4. Xitoy
Yaqin yillargacha Xitoy sayyohlar tashrifi bo‘yicha pastki o‘rinlarda edi. Bunga sabab mamlakatning uzoq yillar davomida yopiq bo‘lgani, xorijliklarning kira olmagani va mamlakatdagi turistik infratuzilma ham yo‘qligi sabab bo‘lgan.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Xitoy tashqi dunyo uchun kengroq ochildi. Shu bilan birga iqtisodiyot keskin rivojlanishi ortidan mamlakatda ko‘plab zamonaviy yo‘llar, temirfyo‘llar, aeroportlar, mehmonxonalar qurildi.
Natijada bu mamlakatga keladigan sayyohlar oqimi keskin oshdi va Xitoy yuqori o‘rinlarga chiqdi. 2023 yilda Xitoyga qariyb 70 mln xorijlik sayyoh kelgan.
Bugun Xitoy avtomagistrallar va tezyurar poyezd liniyalari bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. Bu sayyohlarning mamlakat sharqidan g‘arbiga kelib ketishini, turli shaharlar orasida harakatlanishini osonlashtirmoqda.
Xitoy 4 ming yillik tarixga ega mamlakat hisoblanadi. Bu yerda tarixiy shaharlar va yodgorliklar saqlanib qolgan. Ayniqsa Buyuk Xioy devori, Pekindagi yopiq shahar, Siandagi Terrakot armiyasi joylashgan yer xorijliklar ko‘p boradigan joylar hisoblanadi.
Bundan tashqari, so‘nggi 20 yilda Xitoyning yirik shaharlarida ko‘plab osmono‘par binolar qurildi va ularning qiyofasini tubdan o‘zgardi. Shu sababli Shanxay, Chunsin, Guanjou, Hongkong, Chendu kabi shaharlarni tomosha qilish uchun millionlab sayyohlar kela boshladi.
3. AQSh
AQSh bugun dunyoning eng boy va eng rivojlangan davlati bo‘lish birga, sayyohlar tashrifi bo‘yicha ham yuqori o‘rinlarni egallaydi. Bu davlatga 2023 yilda qariyb 80 mln sayyoh borgan.
AQShda sayyohlarni jalb qiluvchi obektlar juda ko‘p. Biroq bu yerga boruvchilarning aksariyati dunyoga “Amerika orzusi” bilan tanilgan davlatni ko‘rish uchun borishadi.
Amerikada sayyohlar Hollivud, Katta Kanon, Disneylend, Niagara sharsharasi, Nyu-York shahri, Florida qirg‘oqlarida hordiq chiqarish va Las-Vegasni ko‘rish uchun borishadi.
AQShda sayyohlik infratuzilmasi juda rivojlangan. Avtomobil va temiryo‘llar, havo qatnovi, mehmonxona biznesi, dam olish maskanlari tarmoqlari juda rivojlangan.
Bu davlat aeroportlar soni bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi. AQShdagi o‘nlab aeroportlar yo‘lovchi o‘tkazish bo‘yicha birinchi o‘nlikka kiradi.
2. Ispaniya
Pireney yarimorolida joylashgan Ispaniya qulay geografik joyda joylashgani uchun kuz, qish va bahor oylarida dengiz bo‘ylarida dam oluvchi o‘n millionlab sayohlarni qabul qiladi.
Mamlakatda sayyohlik infrastrukturasi juda rivojlangan. Yo‘llar, mehmonxonalar, dam olish maskanlari juda ko‘p. Ayniqsa O‘rta yer dengizi va Atlantika okeanidagi orollar dam oluvchilarni o‘ziga jalb qiladi.
Ispaniyada o‘rta asrlardan qolgan qasrlar, tarixiy binolar juda ko‘p. Jumladan, mamlakat janubida Pireney yarimorolida musulmonlar hukmron bo‘lgan paytlarda qurilgan ko‘plab masjidlar, saroylar saqlanib qolgan.
Shuningdek, Ispaniyada turli festivallar ko‘p o‘tkaziladi va bu ham sayyohlarni o‘ziga tortadi. Ayniqsa Korrida – buqalar jangini tomosha qilish uchun ko‘p odam keladi.
Bundan tashqari, Barselona shahrini tomosha qilish uchun ham juda ko‘p xorijiy sayyohlar keladi. 2023 yilda Ispaniyaga qariyb 85 mln xorijiy sayyoh kelgan.
1. Fransiya
Fransiya uzoq yillardan buyon dunyodagi sayyohlar eng ko‘p boradigan davlat maqomini o‘zida saqlab kelyapti. 2023 yilda bu mamlakatga qariyb 90 mln sayyoh kelgan.
Fransiyada sayyohlik infrastrukturasi juda rivojlangan. Bu yerda yo‘llar, mehmonxonalar, vokzallar va aeroportlar, jahonga mashhur restoranlar bor.
Misol uchun, Parijda Kafe de lya Redans nomli restoran bor. Bu restoranga asosan shaxmat o‘yinini sevuvchi kishilar, jahondagi mashhur shaxmatchilar tashrif buyurishadi.
Restoran mijozlari ovqatlanishdan oldin yoki keyin shaxmat o‘ynashlari mumkin. O‘z vaqtida bu restoranga jahon chempionlari va boshqa mashhur grossmeysterlar tashrif buyurgan. Bunday xos restoranlar Fransiyada juda ko‘p.
Fransiyaga keluvchilarning asosiy qismi Parijga aynan jahonga mashhur Eyfel minorasini ko‘rish uchun tashrif buyuradi. Shuningdek, Parijda ko‘plab muzeylar va boshqa tarixiy binolar juda ko‘p. Ular ham xorijliklarni o‘ziga jalb qiladi.
Alp tog‘larining Fransiyaga tegishli qismida jahonga mashhur tog‘-chang‘i kurortlari va boshqa dam olish maskanlari bor. Qishda ular dam oluvchilar bilan to‘lib toshadi.
O‘rta Yer dengizida Fransiyaga tegishli Korsika orolidagi dam olish maskanlariga ham qish faslida juda ko‘p dam oluvchilar keladi.
Bundan tashqari, Fransiya tabiati juda chiroyli bo‘lib, mamlakat bo‘ylab yengil avtomobilda sayr qilish kishiga zavq beradi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.