Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi birinchi o‘qishda xorijiy davlatlar organlari tomonidan tashkil etilgan xorijiy va xalqaro tashkilotlarni «nomaqbul» deb tan olishga imkon beradigan qonun loyihalari to‘plamini qabul qildi. Bu haqdagi xabar 11 iyun, seshanba kuni Davlat dumasi saytida e’lon qilindi.
Hozirga qadar Rossiya Federatsiyasida «nomaqbullar» ro‘yxatiga faqat nodavlat notijorat tashkilotlari (NNT) kiritilishi mumkin edi. Shu tariqa, agar yangi tuzatishlar ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilinsa, Rossiya Federatsiyasi hududidagi har qanday xorijiy tashkilot «nomaqbul» deb hisoblanishi mumkin.
«Nomaqbul tashkilotlar» maqomi Rossiya qonunchiligida 2015 yildan beri qonuniy ravishda mavjud. Ushbu ro‘yxatga kiritilgan NNTning Rossiya Federatsiyasi hududida faoliyat yuritishi taqiqlanadi, ular ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkin. Ushbu tashkilotlar bilan hamkorlik qilganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik ham nazarda tutilgan. Jami 166 ta tashkilot «nomaqbullar» ro‘yxatga kiritilgan.