AQSh sanksiyalari ortidan Moskvada dollar kursi 2 barobargacha oshdi

Jahon 22:55 / 12.06.2024 25379

Rossiyaning Moskva birjasi va Milliy kliring markazi AQSh sanksiyalari ostiga tushganidan so‘ng, ba’zi banklar dollar kursini keskin oshirib yubordi. Sanksiyalar e’lon qilinganidan keyin Moskva birjasi 13 iyundan boshlab dollar va yevro savdosini to‘xtatishini e’lon qilgan edi.

RBK xabariga ko‘ra, Moskva valuta ayirboshlash shoxobchalarining ba’zilarida dollarning eng yuqori qiymati mahalliy vaqt bilan soat 19:15 holatiga ko‘ra 200 rublga ko‘tarilgan.

Shu bilan birga, Moskvadagi bir qator ayirboshlash shoxobchalarida yevro sotib olish kursi ham oshgan – 160 rublgacha.

Ayirboshlash shoxobchalaridagi valuta kurslari kun davomida o‘zgarib turadi.

Ekspertlar pul bozori yangi sharoitga moslashib, barqarorlashgunga qadar xorijiy valutalar kursida yuqori volatillik kuzatilishini aytmoqda.

12 iyun Rossiyada bayram kuni bo‘lgani sababli, Moskva birjasida valuta savdolari o‘tkazilmadi. 11 iyun kungi savdolar yakunlariga ko‘ra, Moskva birjasida dollar kursi 89,1 rublni tashkil qilgan edi.

13 iyundan boshlab Moskva birjasi AQSh sanksiyalari tufayli dollar va yevrodagi savdolarni to‘xtatadi.

Ko‘proq yangiliklar: