Qo‘shma Shtatlar shu hafta Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar va eksport nazorati to‘g‘risida e’lon qilmoqchi. Bu haqda 11 iyun, seshanba kuni Oq uy matbuot kotibi Jon Kirbi ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Rossiyaga Ukrainada urush olib borishda yordam berayotgan tashkilot va tarmoqlarga qarshi qaratilgan bir qator yangi samarali sanksiyalar va eksport nazoratini joriy qiladi. «Biz Rossiya harbiy mashinasi uchun xarajatlarni oshirishda davom etamiz», dedi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori.
Shu bilan birga, Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar G7 sammitida Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan foydalanishda Ukrainaga yordam berish choralarini e’lon qiladi. G7 yetakchilari Kiyevga yordam berish uchun Rossiya Markaziy bankining muzlatilgan 300 milliard yevrolik aktivlaridan olingan foizli foydadan foydalanish borasida kelishib olishga umid qilmoqda. G‘oya olingan foydani 50 milliard dollargacha bo‘lgan kreditlar uchun garov sifatida ishlatishdan iborat.
Bayden va Zelenskiy G7 sammitida uchrashadi
Jon Kirbining xabar berishicha, G7 sammiti doirasida AQSh prezidenti Jo Bayden va Ukraina yetakchisi Volodimir Zelenskiy ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazadi, so‘ngra 13 iyun, payshanba kuni qo‘shma matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Vashingtonga ko‘ra, G7 a’zolari Pekinning Rossiya harbiy sanoatini qo‘llab-quvvatlashini ham muhokama qiladi. «Biz Xitoyning zararli global oqibatlarga olib kelayotgan bozordan tashqari siyosatiga qarshi chiqamiz», - deya qo‘shimcha qildi Kirbi.
Yaponiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlaganlik uchun sanksiyalar tayyorlamoqda
Yaponiyaning NHK media-kompaniyasi xabar berishicha, Yaponiya bosh vaziri Fumio Kishida ham Italiyada bo‘lib o‘tadigan G7 sammitida yangi eksport sanksiyalarini joriy etish rejasini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Ular Rossiya harbiy sanoatida foydalanish mumkin bo‘lgan tovarlarni yetkazib berish orqali Ukrainaga Rossiya hujumini qo‘llab-quvvatlovchi kompaniyalarga, xususan, Xitoy kompaniyalariga qarshi qaratilgan bo‘ladi.
13-15 iyun kunlari Italiya janubidagi Brindizi shahrida dunyoning eng rivojlangan yettita sanoati rivojlangan davlati (Britaniya, Germaniya, Italiya, Kanada, AQSh, Fransiya va Yaponiya) ishtirokidagi 50-sammit bo‘lib o‘tadi.