Rossiya prezidenti Vladimir Putin yaqin haftalarda Shimoliy Koreyaga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi «Vedomosti» gazetasi 10 iyun, dushanba kuni diplomatik doiralardagi manbasiga tayanib.
Hozir Putinning Pxenyanga tashrifiga «faol tayyorgarlik ko‘rilmoqda», dedi Rossiyaning KXDRdagi elchisi Aleksandr Matsegora nashrga. Bundan tashqari, «Vedomosti»ning yozishicha, Putin Vetnamga tashrif buyurish niyatida. Nashr manbalaridan biriga ko‘ra, ikkala safar ham iyun oyida bo‘lib o‘tishi mumkin.
Shimoliy Koreya qurollarining Rossiyaga yetkazib berilishi va muzokara mavzulari
Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy hujum boshlanganidan beri Rossiya yadroviy dasturi tufayli xalqaro miqyosda yakkalanib qolgan Shimoliy Koreya bilan hamkorlikni kuchaytirdi. G‘arb davlatlari vakillarining fikricha, Pxenyan Moskvani artilleriya snaryadlari va raketalar bilan ta’minlaydi. Rossiyada bu ma’lumot na tasdiqlandi, na inkor etildi.
«Vedomosti» qayd etishicha, Putinning KXDRga tashrifi chog‘ida Shimoliy Koreya ishchilarini Rossiyaga yuborish masalasi ham muhokama qilinishi mumkin. Reuters agentligining eslatishicha, Ukrainaga qarshi urush tufayli Rossiya iqtisodiyoti o‘tkir ishchi kuchi tanqisligiga duch kelmoqda, chunki ko‘plab erkaklar frontga jo‘natilgan, ularning bir qismi harbiy xizmatdan qochish uchun mamlakatni tark etgan.
Kim Chen Inning Rossiyaga tashrifi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In 2023 yil sentabrida Rossiyaga tashrif buyurib, zirhli poyezdda Uzoq Sharqqa kelgan edi. Tashrif davomida u Vladimir Putinni Shimoliy Koreyaga taklif qildi, Rossiya prezidenti bunga rozi bo‘ldi. Fevral oyida Kim Chen Inning tug‘ilgan kunida RF Shimoliy Koreya yetakchisiga Rossiyada ishlab chiqarilgan limuzin sovg‘a qilgan va shu bilan BMT Xavfsizlik kengashi tomonidan KXDR yadroviy dasturi tufayli Pxenyanga qarshi joriy qilingan sanksiyalarni buzgan edi.
Shu paytgacha Putin KXDRga faqat bir marta – Shimoliy Koreyani Kim Chen Ir boshqargan 2000 yilda, birinchi prezidentlik muddatining borgan.
2024 yilda bu Putinning to‘rtinchi va beshinchi rasmiy xorijiy tashriflari bo‘ladi. 16-17 may kunlari Rossiya prezidenti Xitoyga, 23-24 may kunlari Belarusga, 26-27 may kunlari O‘zbekistonga tashrif buyurdi.