Rossiyaning Su-34 harbiy samolyoti Shimoliy Osetiya tog‘larida halokatga uchradi. «Samolyot odamlar yo‘q hududga qulab tushgan. Yerda vayronagarchiliklar yo‘q. Ekipaj halok bo‘ldi», — deya ma’lumot berdi Rossiya Mudofaa vazirligi 11 iyun kuni.
MV: qiruvchi samolyot mashg‘ulot parvozini amalga oshirayotgan edi
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, Havo-kosmik kuchlari (HKK)ning bombardimonchi samolyoti «rejalashtirilgan o‘quv parvozi vaqtida» halokatga uchragan. Halokatning dastlabki sababi texnik nosozlik ekani aytilmoqda. «HKK komissiyasi samolyot halokatga uchragan joyga yo‘l oldi», deya xabar berdi Mudofaa vazirligi.
Ayni vaqtda, TASS Shimoliy Osetiya operativ xizmatlariga tayanib, Su-34 bortida ikki nafar uchuvchi bo‘lgani va halokat Alagir tumani tog‘larida sodir bo‘lganini xabar qilmoqda.
Baza Telegram-kanali mahalliy aholi tog‘larda «noma’lum samolyot» qulaganini ko‘rganini yozdi. «Yarim tunda u Gorniy Dzuarikau qishlog‘i yaqinidagi qoya kelib urilgan», — deyiladi xabarda.